dd89206580514d6fe27fa9ea2b98f50f MATEMATIK TASAVVURLARNI SHAKLLANTIRISH NAZARIYASI VA METODIKASI
1. Katta guruh. Katta guruhda ishlash bolalarning masofalarning har xil turlari haqidagi tasavvurlarini aniqlashdan boshlanadi.
“Uzunlik”, “kenglik”, “balandlik”, “qalinlik” (“yo‘g‘onlik”) buyumlarning kattaliklarida mustaqil orientir olish tushunchalarini egallab olish, ularni taqqoslash va kattaliklar bo‘yicha munosabatlarini tushunib olish imkonini beradi. Buyumlar orasida kattalik bo‘yicha konkret munosabatlarni o‘rnatish tajribasi qanchalik boy va turli -tuman bo‘lsa, keyinchalik bolalarni bu munosabatlarni umumlashtirishga, konkret tavsiflarni abstrakt ta’riflarga, ya’ni “teng”, “ortiq”, “kam” (“katta”, “kichik”) tushunchalariga o‘rgatish shunchalik oson bo‘ladi. Bolalar buyumlarning kattaliklarini taqqoslashga va uning oldin buyumlar masofalarining bir turi bilan farq qiladigan holda, keyinroq masofalarning ikki turi, nihoyat, uch turi bilan farq qiladigan hollarda aniq belgilashga o‘rganadilar. Shu asosda qaysi hollarda buyumlar katta va qaysi hollarda kichik deb atalishi tushunchasi beriladi. Agar buyumlar bir xil o‘lchamdagi masofalar bilan farq qilsa u holda ushbu aniq so‘zlar ishlatiladi; “uzun”, “qisqa”, “keng”, “tor” va b. Agar buyumlar ikki -uch masofa turlari bilan farq qiladigan bo‘lsa, ularni katta va kichik deb aytiladi; katta va kichik matryoshkalar, katta va kichik qog‘oz varag‘i va b. Bolalar kattalikning o‘zgaruvchanlik, taqqoslanuvchanlik, belgini aniqlashdagi nisbiylik (qizil lenta ko‘k lentadan uzunroq, ammo oq lentadan kaltaroq) kabi xossalari bilan tanishadilar, buyumning kattaliklari bo‘yicha munosabatlarining bir qiymatli va o‘zaro teskari xarakterini tushunib etadilar. Bolalarni kattaliklarning tartiblangan xossalari bilan tanishtirish mumkin bo‘lib qoladi. Bolalar buyumlarning kattaliklarini o‘sib borishi, kamayib borishi tartibida joylashtirish bo‘yicha mashq qilib, serasion qatorning yo‘nalganligining aniqligi, alomatni aniqlashdagi nisbiylik, qatorning qo‘shni hadlari orasidagi farqlarning tengligi kabi xossalarini bilib oladilar. Munosabatlar tranzitivligini o‘rgatishga katta ahamiyat beriladi. Bu bolalarni har qanday buyumning kattaligini bir xil kattaliklar qatorida aniq o‘rinni egallovchi kattalik deb qarashga o‘rgatib, bolalarning buyumlarning kattaliklari bo‘yicha orientir olish malakalarini takomillashtiribgina qolmay, balki ularning matematik -va umumiy aqliy rivojlanishlariga ham imkon beradi. Bolalarning ko‘z bilan chamalash malakalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan ish yuqoridagi ishlar bilan bir vaqtda amalga oshiriladi. 0‘qitishning bir qator usullarini keltiramiz, bu usullar, bizning fikrimizcha, bolalarni kattalikning xossalari bilan muvaffaqiyatliroq tanishtiribgina qolmay, balki bolalarning fikrlash qobiliyatlarini ham rivojlantiradi. Bir alomatni ajratish bu alomatni boshqa alo’latlar bilan taqqoslash bilangina amalga oshishni hisobga olib, masofaning har xil turlari bilan tanishtirishni juft, qarama -qarshi tushunchalarni taqqoslash asosida amalga oshiramiz: uzunlikni kenglik bilan, chuqurlikni balandlik bilan, qalinlikni balandlik va kenglik bilan taqqoslaymiz. Har bir yangi tushunchani tanish (ma’lum) tushunchalar sistemasiga, qarama -qarshi tushunchalarni hamda bolalar hali yaxshi o‘zlashtirmagan tushunchalarni taqqoslash shu tushunchalarni muvaffaiyatli mustahkamlashga imkon beradi. Yangi materialni dastlabki idrok qilish qanday katta ahamiyatga egaligi ma’lum. Yangi parametrni ajratish uzunlik alo’lati kontrast bo‘lgan (yorqin ifodalangan) va ko‘p bo‘lgan buyumlarda amalga oshiriladi. Masalan, uzunlik va knglik bilan tanishtirishda qog‘oz poloskalari, lentalar va boshqa narsalar taqqoslanadi. Tajriba bolalar uzunlik, kenglik, balandlikni aniq yo‘nalishda qo‘l yordamida belgilanganlarida har xil turdagi masofalarni farq qilish ancha yengil bodishini ko‘rsatmoqda. Masalan, uzunlikni qo‘lni buyum bo‘ylab chapdan o‘ngga o‘tkazish bilan, kenglikni qo‘lni yuqoridan pastga qarab ko‘ndalang o‘tkazish bilan, balandlikni qo‘lni pastdan yuqoriga o‘tkazish bilan ko‘rsatishadi. Buyumlarning uzunliklari, kengliklari, balandliklarini, shuningdek odchamlardagi farqlarni bir qo‘lning ochilgan barmoqlari yoki ikkala qo‘lni ochib ko‘rsatishdan keng foydalanishadi. Brusokning, silindirning holatini o‘zgartirib, bolalar bir xil masofaning o‘zi narsaning gorizontal holatida uzunlik deb atalishini, vertikal holatida esa balandlik deb atalishini ko‘radilar. Berilgan mashqlar masofalarning har xil turlarini aniq differensiyalash (farq qilish) malakasining hosil bo‘lishiga imkon beradi, bolalarning ko‘z bilan chamalash xususiyatlarini rivojlantiradi. Buyumlar bilan bir qator mashqlar bajarganlaridan keyin, bolalar umumlashtirishga o‘rgatiladi. “Uzunlikni (kenglikni, balandlikni) qanday ko‘rsatish kerak” yoki “Bu uzunlik qalin. Siz qanday bildingiz?” kabi bolalarga qaratilgan savollar bilimlarni mustahkamlaydi. Bolalarning balandlik haqidagi savolga bergan taxminiy javoblarini keltiramiz: “balandlik bu pastdan yuqoriga qarab turishimizdir”, “Balandlik bu pastdan yuqoriga qo‘lni o‘tkazish mumkinligidir”. Aniqlashtiramiz: “Buyumlarning balandligini aniqlash uchun yo qo‘lni pastdan yuqorigacha o‘tkazish, yo buyumlarning asosidan yuqori qirrasigacha ko‘z bilan qarab chiqish kerak”. Taqqosla yo‘li bilangina bolalarning e’tiborini buyumlarning kattaliklari bo‘yicha nisbatlarini topishga qaratish mumkin, chunki kattalikni idrok qilish jarayoni o‘lchash jarayonidir. Bolalar taqqoslashni ustiga qo‘yish, yoniga qo‘yish yoki o‘lchada o‘lchash yo‘li bilan amalga oshiradilar. Bolalar bilan birgalikda buyumlarni bir - birining ustiga, yoki yoniga qanday to‘g‘ri qo‘yish, qanday hollarda ustiga, yoki yoniga qo‘yish usulidan foydalanish aniqlanadi. Keyinchalik taqqoslashda hamma buyumlarni ham bir -birining ustiga yoki yoniga qo‘yish mumkin bo‘lavermasligini aniqlashadi. Masalan, shkaf bilan bufet balandliklarini taqqoslashda shunday bo‘ladi. Buning uchun har qaysi buyumni biror narsa bilan o‘lchash va o‘lchovlarni taqqoslash kerak. Shundan keyin o‘lchov sifatida nimalardan foydalanish mumkinligi aniqlanadi. Masalan: tayoq, kanop, lenta, qo‘l barmoqlaridan o‘lchov sifatida foydalanish mumkin. Buyumning uzunligini, kengligini aniqlashda o‘lchovdan qanday to‘g‘ri foydalanish ko‘rsatiladi. Bunda bolalarning e’tibori uzunlikni aniq bir qirradan boshlab ikkinchi chekkadagi qirrada tamomlash, o‘lchovni to‘g‘ri chiziq bo‘ylab qo‘yish kerakligiga qaratiladi. Shunday qilib, bolalar har xil taqqoslash usullaridan, shuningdek bilvosita taqqoslashdan, ya’ni o‘lchashdan foydalanib, buyumlarni taqqoslashni o‘rganadilar. Tarbiyachi shartli olingan o‘lchovdan foydalanib, bolalarni buyumlarning nisbiy kattaliklarini aniqlashga o‘rgatadi. Buyumlarning nisbiy kattaliklarini topishga bevosita va bilvosita taqqoslash usullarini qo‘llab bo‘lmaydigan vaziyat vujudga keltiriladi. Masalan, shkaf yoki eshik baland ekanini aniqlash. Shartli olingan o‘lchov (qog‘oz poloska, lenta, tayoq va boshqalar) dan foydalanib, shkaf va eshikning balandliklari o‘lchanadi. Bolalar shartli olingan o‘lchov shkafning balandligiga 6 marta, eshikning balandligiga 7 marta joylashganligi uchun eshik shkafdan baland degan xulosaga keladilar. Katta guruhda bolalar uzunlik va balandlikni aniqlagan mashg‘ulotning bir qismini keltiramiz.