BOLALARNING DEVIAND HUQUNING NAMOYON BO\'LISH SHAKLLARI
Deviant xulq-atvorni o‘rganishda muammoli vaziyat muhim ahamiyat kasb etadi. Muammoli vaziyat shunday holatki, u sub’ektdan yechimini talab qiladi, uning yechimi ijtimoiy me’yorlarda ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, u yoki bu sabablarga ko‘ra, ushbu me’yorlarni qo‘llash qiyinroq bo‘ladi.
Eng katta muammoli vaziyat ziddiyatli holatlarda, ya’ni turli shaxslar yoki guruhlarning manfaatlari bir-birlariga to‘qnash kelganda yuz beradi. Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joizki, o‘z joniga qasd qilishlarning 40%i oilaviy ziddiyatlar oqibatida sodir etiladi.
Ziddiyatli holatlarning yuzaga kelishiga ba’zan shaxs xususiyatlari sabab bo‘lsa, ba’zan kichik ijtimoiy guruhlar, oila, mahalla, ishlab chiqarish brigadasi a’zolari, sinfdoshlar orasidagi salbiy munosabatlar sabab bo‘ladi.
Jamiyatda shaxs shakllanishiga ta’sir etuvchi muammoning va uni hal qilish imkoniyatlarining murakkabligi darajasiga ko‘ra muammoli holatning to‘rtta asosiy holati ko‘zga tashlanadi: 1) hech qanaqa muammo yo‘q holat, bunda holat hech qanaqa qaror qabul qilishni talab qilmaydi; 2) muammo bor, biroq qiyinroq yoki osonroq bo‘lsa-da, uning yechimi ham ijtimoiy me’yorlarda ko‘rsatilgan holat; 3) mavjud muammoni sub’ekt ijtimoiy me’yorlar doirasida hal qila olmaydigan holat; 4) muammoni hech qanaqasiga hal qilib bo‘lmaydigan holat. Ushbu turlicha holatlar keng ko‘lamda biridan ikkinchisiga o‘tib turadi.
Muammoli holatning mazmuni sub’ektning individual maqsadlari bilan jamiyat manfaatlari orasidagi maqsadlar va unga erishishning mumkin bo‘lgan vositalari orasidagi; faoliyatning kutilayotgan oqibatlari va uning qo‘shimcha natijasi (ijobiy yoki salbiy) orasidagi, shuningdek ijtimoiy me’yor talablari va shaxs xususiyatlari orasidagi ziddiyatlarning (ko‘pincha o‘ylab chiqarilgan) paydo bo‘lishidan iboratdir.
Jamiyat a’zolari shaxsiy nuqnai nazarlarining shakllanishiga, ularning deviant xulq-atvorga nisbatan ijtimoiy faol munosabatlarining tarkib topishiga tarbiyaviy jarayonlar uchun bevosita mutasaddi shaxslar, tashkilotlar rahbarlarining o‘rni va roli kattadir. «Ba’zilarga mumkin, boshqalarga mumkin emas», «hozir yaxshi, ertaga yomon» va shu kabi munosabat holatlarining ikkilamchi fe’l-atvor shaklida, ya’ni parallel standartlar yo‘nalishida amal qilishiga izn berish juda xavflidir. Shu boisdan, har qanday holatlarda ham mansabdor shaxslar, turli jamoat tashkilotlari va mehnat jamoalarining rahbarlari, pedagog va tarbiyachilar, qonunni himoya qiluvchi tashkilotlar vakillarining xulq-atvor me’yorlarini buzishi qat’iy qoralanadi.