Kiyimning gigroskoplik xususiyati-bu gazlamaning namlikni shimish xususiyatidir. Jismoniy mashg‘ulot bajarganda badandan ter ajralishi ko‘payadi. Shu bois, sportchining kiyimi yuqori darajadagi gigroskoplik xususiyatiga ega bo‘lishi kerak.Ana shu gigroskoplik xususiyatiga ko‘ra jun gazlamadan tayyorlangan kiyimlar birinchi o‘rinda (gigroskopligi-15-17 %); paxta ipidan tayyorlangan kiyimlar - ikkinchi o‘rinda (gigroskopligi-8-12%); neylondan tayyorlangan kiyimlar – uchinchi o‘rinda (gigroskopligi – 3-4 %), lavsandan tayyorlangan kiyimlar - to‘rtinchi o‘rinda (gigroskopligi-0,5-1 %) dir.
Kiyimning elektr statiklik xususiyati – bu gazlamaning o‘zida elektr zaryadini saqlash xususiyati. Kiyim o‘zida elektr zaryadini qanchalik ko‘p saqlasa, u shunchalik tanaga, asab tizimi faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Jundan tayyorlangan kiyimlarda elektr statiklik eng kam bo‘ladi. Sportchining jun kiyimlari gigiyena talabiga to‘liq javob beradi.
Kiyimning zararsizlanuvchanlik xususiyati. Kiyimlarga tashqi muhitdan turli xil kasalliklarni qo‘zg‘atuvchi mikroblar tushishi mumkin. Ulardan zararsizlantirish uchun odatda kiyimlar qaynoq suvda yuviladi. Jun va paxta ipidan tayyorlangan kiyimlar qaynoq suvning yuqori haroratiga chidamli bo‘ladi, ya’ni ular yaxshi zararsizlanadi.
Sintetik materiallardan tayyorlangan kiyimlar +30 +40є dan yuqori bo‘lgan qaynoq suv bilan yuvganda yirtilib ketadi. Demak bunday kiyimlarini mikroblardan tozalash qiyin bo‘ladi.
Kiyimning silliqligi va vazni – sintetik gazlamadan tayyorlangan kiyimlar silliq, elastik, yengil bo‘lib, badanga yopishib turadi. Bunday kiyim yurish, yugurishda ro‘paradan esayotgan shamol qarshiligini osonlik bilan o‘tkazib yuboradi.
Demak, sintetik gazlamalardan tayyorlangan kiyimlar shamol paytida bolalarning shamol esayotgan tomonga qarshi yurishi, yugurishiga qulaylik yaratadi.
Shunday qilib, jun, paxta ipi gazlamalaridan tayyorlangan sport kiyimlari havoni yaxshi o‘tkazadi, issiqlik o‘tkazishi past bo‘lib, sovuq paytlarda sportchini sovuqqotishdan saqlaydi, gigroskoplik xususiyati yuqori bo‘lib, ter suyuqligi va namlikni yaxshi o‘tkazadi, elektrostatikligi past bo‘lgani uchun qaynoq suv bilan yuvish, qaynatish yo‘li bilan zararsizlantirishga qulay bo‘ladi. Demak, jun va paxtadan tayyorlangan sport kiyimlari gigiyenik talablarga to‘liq javob beradi.
Sintetik materiallardan tayyorlangan kiyimlar yengil, silliq bo‘lib, asosan shamol paytlarda sportchining shamolga qarshi tomonga yurishi va yugurishini osonlashtiradi. Ammo, boshqa jihatlari bo‘yicha jun va paxta ipi gazlamalaridan tayyorlangan kiyimlarga nisbatan gigiyenik sifati past bo‘ladi.