Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarni bayon yozishga o‘rgatish
1.2. Ona tili darslarida husnixat daqiqalarini oʻtkazish 2-sinfda chiroyli yozuv malakasi 1-sinfga nisbatan ancha qiyin va chuqur oʻrgatiladi. Buning sababi oʻquvchilarning 1-sinfda chiroyli yozuvdan olingan bilim va malakalari yozgi ta’tilda ancha esdan chiqadi. Shu bilan birga oʻqishning birinchi kunidan boshlab ular ona tili darsligidan foydalanadilar. Bu darslikda husnixat malakasini shakllantirish uchun hech qanday koʻrsatma berilmagan.
Dastur talabi boʻyicha 2-sinfda bir chiziqli daftarda oʻxshash unsurli harflarni yozish va harfni bir-biriga toʻgʻri tutashtirish, oʻxshash unsurli kichik harflar va shu harflardan tuzilgan boʻgʻinlar va soʻzlarni yozish, oʻxshash unsurli bosh harflar va ularni oʻzidan keyin kelgan kichik harfga tutashtirish, soʻz va gapni kitobdan va doskadan toʻgʻri, husnixat qoidalariga rioya qilib koʻchirib yozish, yozganlarini tekshira olish va yoʻl qoʻygan kamchilik hamda xatolarini oʻqituvchi rahbarligida yoki oʻzi tuzata olishi koʻnikmalari shakllantiriladi. 2-sinfda qoʻl muskullari harakatini va koʻz bilan chamalashni rivojlantirish uchun ayrim harflar, harf birikmalari, harflar guruhini yozishni murakkablashib borishiga qarab husnixat mashqlari oʻtkazib boriladi. Oʻquvchilar harflardan tashqari soʻzlarni, gaplarni, koʻchirib yozishni, eshitib yozishni mashq qiladilar.
Shuningdek, dasturda ayrim yozuv qoidalari alohida qayd etilgan:
daftarning past tomonidagi burchagini koʻkrak oʻrtasining qarshisiga toʻgʻri qoʻyish;
daftarni chap qoʻl bilan ushlab turib yozish;
boshini biroz pastga egib, toʻgʻri oʻtirish;
oyoqni boʻsh tutib, yerga qoʻyib oʻtirish;
qoʻlning tirsagini parta ustida tutish. Ruchkani uch barmoq orasida erkin ushlash;
har bir harfni toʻgʻri tutashtirishga rioya qilgan holda boʻgʻin va soʻzlarni aniq yozishga harakat qilish;
harf va harf birikmalarini toʻgʻri va aniq shakllantirish;
shoshmasdan, boʻyamasdan yozish;
har bir mashqni uch-toʻrt marta takrorlash.
2-sinfda husnixat daqiqalarini tashkil etishda alifbodagi harflarni guruhlarga ajratib yozish talab etiladi.
Oʻxshash unsurli kichik harflar:
1-guruh: i, u, n, m, t, l, y; 2-guruh: h, j, k, f;
3-guruh: o, oʻ, q, a, g, gʻ, p; 4-guruh: e, b, x; 5-guruh: r, v, s, sh, ch. Oʻxshash unsurli bosh harflar:
1-guruh: U, L,Z, I; 2-guruh: M, H, K, N, A; 3-guruh: O, Oʻ, Q, X, Ch; 4-guruh: E, S, Sh, Z; 5-guruh: V, G, Gʻ, Y; 6-guruh: T, F, R, B, P. Dasturda 2−4-sinflarda har bir ona tili darsining 8−10 daqiqasini husnixat mashqlariga ajratish tavsiya etiladi.
Husnixatga oid kamchilik (harflarning qiyaligiga yetarli e’tibor bermaslik, balandlik va kenglik oʻlchamini, shaklini buzib yozish kabi)larni, shuningdek, har qaysi oʻquvchining yozuviga xos boʻlgan boshqa xatolarni tuzatish yuzasidan ayrim guruh oʻquvchilari bilan birgalikda va yakkama-yakka mashqlar ham oʻtkazib boriladi. Shu maqsadda yozuv namunalarini koʻrsatib berish bilan birga, 1−2-sinf barcha oʻquvchilarning daftarlarini har kuni tekshirib borish, chiroyli va savodli yozishga oid mashqlar yordamida ona tilidan oʻrgangan bilimlarini mustahkamlab borish tavsiya etiladi.
Doimiy tekshirish va baholash berilgan bilimlarning mustahkamlashni ta’minlovchi ta’limiy shartlardan biridir. Ona tilidan oʻrganilgan bilimlarni oʻquvchilar qanday oʻzlashtirganini aniqlashda yozma ish mashqlarning asosiy turlari boʻlgan koʻchirib yozish, ta’limiy (ta’kidiy, izohli, rasm, lugʻat, ijodiy, erkin) va tekshirish diktantlari hamda ta’limiy bayon va insholardan foydalaniladi.
Tekshirish maqsadida oʻtkaziladigan yozma ishlar − lugʻat diktanti uchun taxminiy soʻzlar soni: 2-sinfda 10−12 ta; tekshirish diktanti uchun tanlanadigan matndagi soʻzlar soni: oʻquv yilining oxiriga kelib 2-sinfda 30−40 tani tashkil etadi.
Oʻquvchilarning ogʻzaki va yozma nutqini oʻstirishda diktantning ahamiyati katta. Oʻquvchilar diktant yozish jarayonida xato qilmaslikka harakat qiladilar, xato qilmaslik ularning fonetik, leksik va grammatik bilimlarni qay darajada oʻzlashtirishga bogʻliq boʻladi. Oʻquvchilar darslik ustida, imlo qoidalari ustida ishlashga oʻrganadilar. Xato qilmaslikka boʻlgan intilish ularning irodalarini, xotiralarini kuchaytiradi. Oʻz ishlariga mas’uliyat bilan yondashish hissini tarbiyalaydi. Diktant oʻquvchiga ta’lim beribgina qolmay, ularning tarbiyasiga ham ta’sir koʻrsatadi. Oʻquvchilar diktant matnini yozish jarayonida barkamol inson boʻlib yetishishi uchun lozim boʻlgan xislatlarni oʻzlarida shakllantirib boradilar. Boshlangʻich sinflarda oʻtkaziladigan diktantlar metodik adabiyotlarda maqsadiga koʻra ikki turga: ta’limiy diktantlar va tekshiruv diktantlariga ajratiladi. Ta’limiy diktant oʻrgatuvchi xarakterga ega boʻlib, darsning ma’lum bir qismida oʻtkaziladi. Ta’limiy diktantlar tashkil etish va bajarilish usuliga koʻra quyidagi turlarga boʻlinadi: 1) ta’kidiy diktant; 2) oʻz diktant yoki yoddan yozuv diktanti; 3) izohli diktant; 4) saylanma diktant; 5) erkin diktant; 6) rasm diktant; 7) lugʻat diktant; 8) ijodiy diktant. Shulardan saylanma, erkin va ijodiy diktantlarda matn ma’lum oʻzgarishlar bilan yoziladi. Tekshiruv diktanti oʻquv dasturining biror boʻlimi oʻrganilib, xilma-xil ta’limiy mashqlar bilan mustahkamlangach, ular oʻquvchilar tomonidan qay darajada oʻzlashtirilganini sinash maqsadida oʻtkaziladi.
Tekshiruv diktanti uchun sintaktik tuzilishi jihatidan shu sinf oʻquvchilari saviyasiga mos, oʻrganilgan imlo qoidalari asosida yoziladigan soʻzlar va tinish belgilari koʻproq qoʻllanilgan matn tanlanadi. Matnda oʻrganilmagan qoida asosida yoziladigan va imlosi qiyin soʻzlar boʻlmasligi kerak.
Tekshiruv diktanti uchun matnlardangina emas, balki oʻrganilgan qoidalarni oʻz ichiga olgan alohida terma gaplardan foydalanish mumkin. Lekin har ikki holda ham gaplardagi soʻzlar soni DTS talablariga mos boʻlishiga e’tibor berish lozim.
Oʻquvchilarni har bir darsda kitob bilan ishlashga (oʻrganilayotgan mavzuni, kerakli qoidani, mashqni tezda topishga, mashq topshiriqlarini tartibi bilan izchil bajarishga), bajarilayotgan mashqning maqsadini (nimaga oʻrgatishini) tushunishga oʻrgatish kerak.
Oʻquvchilarda bilish jarayonini faollashtirish va ona tilidan beriladigan bilimlarni puxta oʻzlashtirish uchun ta’limiy oʻyinlar qatnashadigan turli qiziqarli mashqlar: boshqotirma; mustaqil ma’noga ega boʻlgan, bir necha soʻzdan tuzilgan soʻzni topish (belbogʻ, gultojixoʻroz); soʻz yoki gapni shakl, harf, belgilar bilan ifodalaydigan topishmoq; har xil koʻrgazmali qurollar, texnik vositalardan foydalanish va darsda ish orqali oʻquvchilar toliqishining oldini olishga hamda dasturda tavsiya etilgan ta’limiy, tarbiyaviy va rivojlantiruvchi vazifalarni birgalikda
hal etishga erishish zarur.
ONA TILIDAN NAMUNAVIY DARS ISHLANMALARI
1 - DARS
Takrorlash
Dars mavzusi. Gap va soʻz (1−4-mashqlar).
Darsning maqsadi: