BOSHLANG’ICH SINFLARDA O’QUVCHILARNI HUSNIXATGA O’RGATISH
Annotatsiya: Ushbu maqolada boshlang’ich sinflarda o’quvchilarni husnixat bilan yozishga o’rgatish metodikasi, o`quvchilarning chiroyli yozuv malakalarini hosil qilishda ishtirok etuvchi psixofiziologik funksiyalar, chiroyli yozuvga o`rgatishda o’qituvchidan talab etiladigan malakalar haqida ma’lumotlar berilgan. Shu bilan bir qatorda, husnixatga o‘rgatishning metodik shartlari ham yorqin tushuntirib berilgan.
Kalit so’zlar: husnixat, xattotlik, yozuv malakalari, metodik shartlar, psixofiziologik funksiyalar, yozuv texnikasi. Yozuv, barchaga ma’lum bo’lganidek, kishilarning o’zaro fikr almashishi va bilimlarni egallashning qudratli vositasi ekanligi barchaga ma’lumdir.
Yozma nutq uzoq saqlanadi, shu sababli avlodlarni bir-biriga bog’laydi. Yozuv tufayli kishi fikri, insoniyat qo’lga kiritgan bilimlar avloddan-avlodga yetib boradi va abadiy yashaydi.O`zbek xalqi uzoq asrlik tarixida yaratib qoldirgan madaniy merosida chiroyli yozuvga o`rgatish, ya`ni xattotlik san`ati alohida o`rin egallaydi. Qo`lda ko`chirilgan, yozilgan har bir asar san`at mo`jizasi kabi nodir sanalgan. Bir qancha olimlar va fozil kishilar yoshlikdan xattotlik san`atini egallab, keyinchalik kotiblikda ham mashxur bo’lganlar. Ular nafaqat o`z asarlarini, balki boshqa mualliflar asarlarini ham ko`chirganlar.
Zahiriddin Muhammad Bobur arab alifbosida turkiy xalqlarga moslab “Xatti Boburiy” deb nomlangan alifboni yaratgan. Boshlang’ich sinflarda o’quvchilarni husnixatga o’rgatish extiyoji bir qancha talablar asosida yuzaga keladi. Husnixat (chiroyli yozuv) -chiroyli yozish sanʼati. Boshlang’ich sinflarda o’quvchilarni husnixat bilan yozishga o’rgatish metodikasi ularda aniq, chiroyli va tez yozish imkonini yaratib berishi kerak. Bu kabi vazifalarni amalga oshirish uchun esa dastur mazmunini, uning talablarining o’qitish usullarini, yozuvga o’rgatishning gigeyenik shartlarini, o’quvchilarning yozuvidagi individual xatolarini tahlil qilish, sabablarini aniqlash va korreksiyalash usullarini ishlab chiqish zarur.
Demak, yozuv inson hayotida pedagogik va ijtimoiy ahamiyatga egadir. Yuqoridagi talablarga ko’ra yozishga o’rgatish boshlang’ich sinflardan boshlanadi. 1-4-sinf o’quvchilarini chiroyli yozishga o’rgatish uchun, albatta, o’qituvchining o’zi husnixat bilan yozishi, shu bilan birga o’quvchilarni chiroyli yozishga ham o’rgata olishi kerak. 1993-yil 2-sentabrda “Lotin yozuviga asoslangan o`zbek alifbosini joriy etish to`g`risida qonun qabul qilindi.
O`zbek maktablarida foydalaniladigan barcha darslik va qo`llanmalar lotin alifbosida chop etila boshlandi. Shuning uchun hozirgi kun talablariga ko’ra boshlang`ich sinf o`qituvchilari uchun husnixatga doir metodik qo`llanmalar juda zarur edi.
Pedagogika fanlari doktori Mirhabib G`ulomov ishlab chiqqan metodik qo`llanmalar o`quvchilarning chiroyli yozuv malakalarini shakllantirishda yaqindan yordam bera oladi. O`quvchilarning chiroyli yozuv malakalarini hosil qilishda diqqat, sezgi, idrok etish va xotira kabi psixofiziologik funksiyalar faol ishtirok etadi. Psixologiyadan bizga ma’lum bo’lganidek psixik jarayonlar va inson psixikasi xususiyatlari orasida diqqat faoliyati alohida o`rin tutadi.
Diqqat jismoniy harakat talab qiladigan, ishni yaxshi bajarishga yordam beradigan omillardan biri hisoblanadi. Bilimni o`zlashtirish uchun o`quv materialini anglash, tushunish talab qilinadi. Yozish jarayonida, shular bilan birgalikda, ko`rish va eshitish sezgilari ham idrok qilinadi.
Yozuv jarayoni turli yozuv qurollari, masalan, ruchka, qalam, bo`r kabilar orqali amalga oshiriladi va qaysi yozuv qurolidan foydalanishiga qarab qo`l harakatlari shunga moslashtiriladi.
Chiroyli yozuvga o`rgatishda, dastlab, quyidagi malakalarni singdirib borish talab etiladi:
1. Yozuv qurollaridan to`g`ri foydalanish;
2. Parta ustida daftarni to`g`ri qo`yish;
3. Yozayotganda gavdani to`g`ri tutish va tirsaklarni to`g`ri harakat qildirish;
4. O`z xatini berilgan namuna bilan taqqoslashga o`rgatish;
5. Tovushni bosma harfga, bosma harflarni esa yozma shaklga aylantirishga o`rgatish;
6. Harflar shaklini idrok etishga (yozuvni qayerdan boshlash, qayerda tugatish, o`ngga, chapga, burilish, bog`lash va h. k) o`rgatish;
7. Harflarni bir-biriga bog`lab yozishga o`rgatish.
8. Harflarni bir xil balandlikda va kenglikda tekis yozishga o`rgatish;
9. Daftar chizig`idagi qatorlarni to`g`ri to`ldirish sarlavha, oy va kunlarni to`g`ri yozish;
10. Harflarning 75 daraja qiyaligini to`g`ri saqlash.
Demak, boshlang`ich sinf o`quvchilarini husnixatga o`rgatishdan oldin quyidagi malakalarni ularga o’rgatish lozim.
1. Yozuv texnikasidan foydalanish.
2. Harflarning shaklini to`g`ri ifodalashni, ya`ni grafik malakalarini egallash.
3. Yozuv vaqtida harflarning shakli bilan birga uning qanday tovush bildirishini ham o’rganish, ya`ni imloga oid malakalarini egallash.
Husnixatga o‘rgatishning metodik shartlari bor bo’lib, ularga quyidagilar kiradi:
1. O‘qituvchi bolalarning daftarini ehtiyotsizlik bilan tekshirishi, oqibatda bolaning ehtiyotsizlik bilan yozishiga olib keladi.
2. Aniq va to‘g‘ri husnixatda yozishga nafaqat sinf ishida, shu bilan birga barcha sinf ishlarining turlarida va sinfdan tashqari yozuv ishlarida, o‘quvchilarning yozma arizasi, ular tomonidan tayyorlanadigan ko‘rgazmalar, ya’ni devoriy gazetalar, jadvallar, shiorlar va boshqalarda ham amal qilish kerak. Orfografik - to‘g‘ri, aniq va tushunarli qilib yozishni talab etish jarayonida o‘qituvchi o‘quvchining pala - partish yozuvini, shu bilan bir qatorda, bir parcha qog‘ozga yozilgan yozig’ini ham nazorat qilib borishi kerak. Har bir o‘quvchining daftari tartibli bo‘lishini nazoratga olish kerak.
3. Harflarning yozilishi sodda va to‘g‘ri bo‘lishi kerak. Pedagogik amaliyotda, boshlang‘ich 1-2- sinflarda o‘rganiladigan shriftlarning namunasi ishlab chiqilgan bo’lib, ular 3 va 4- sinflar amaliyotida qo‘llanadigan tez yozuv malakasining boshlang‘ich sinflaridagi yozuvidan anchagina farq qiladi. Xarakterli jihatlaridan biri shundaki, tez yoziladigan yozuvda ayrim so‘zlar qog‘ozdan qo‘l uzmagan holatda yoziladi.
4. Yozuvga o‘rgatish izchillik va ketma-ketlik xarakteriga ega bo‘lishi kerak. O‘rgatish jarayonida o‘qituvchining dastur materialini, o‘quvchini soddaroq shakliy ko’rinishga ega bo‘lgan harflardan, murakkabroq ko‘rinishga ega harflarga o‘tkazishga va yirik hamda sekin yozuvdan, mayda va tez yozuvga o‘tkazishga e’tibor berilishi kerak bo’ladi. Shuni yodda tutishi lozimki, bolani sekin yozuvda harfni to‘g‘ri yozishni o‘rganib olmaguncha tez yozuvga o‘tkazish mumkin emas. Shuning uchun ham dasturda tez yozishga o‘tkazishni maktabning kattaroq yoshdagi bolalariga o‘rgatish ko‘zda tutilgan.
5. Ayrim o‘quvchilarning yozuvi individual farqlanishi mumkin. Bu farq o‘ta qiya yozilishda va boshqalarda kuzatiladi. Dastlabki yozuvga o‘rgatish paytida yozuvning yorqin individual ajralib turadigan tomoni bo‘lmaydi, bu holni faqatgina yuqori sinflarda oddiy va tez yozadigan paytda kuzatishimiz mumkin. Yozuvdagi individual o‘ziga xoslikni ajratish masalasi 4- sinflarda o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar jarayonida aniq bo‘la boshlaydi, chunki bu davrda o‘quvchilar to‘g‘ri yozish qoidalari bilan tanishadigan dars soatlari tugagan va ular mustaqil ravishda bir chiziqli daftarga yozishga o‘tgan paytlari bo‘ladi. O‘quvchida aniq individual yozuv hosil bo‘lishi ushun o‘qituvchi o‘quvchining butun diqqatini harfning chiroyli yozilishiga, o‘qiganda boshqa harf bilan qo‘shilib ketmasligiga, har biri bir - biridan o‘ziga ko‘rsatilgan o‘lchashga xos yozilganligi va ajralib turishiga ahamiyat berishi lozim.
6. O’qituvchi o‘quvchilarda husnihat bilan to‘g‘ri yoza bilish ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun to‘g‘ri ish olib boribgina qolmay, bu yo‘lda sistematik tarzda ish olib borishi talab etiladi. Shuning uchun ham o‘quvchilar to‘g‘ri yozuvning har kungi ko‘nikmasi bilan cheklanib qolmasdan, uzluksiz ravishda nazorat tekshiruv ishlarini yoki yozuvning sifatini ‘ko‘rish’ ishlarini olib borishlari zarurdir. O‘quvchilar nazorat vaqtini oldindan bilganlari ma’qul, shunda bungacha ruchkadagi kamchilikni va daftarni tayyorlab qo‘yishga vaqt ajratadilar.
O‘qituvchi to‘g‘ri, husnixat bilan yozuv taxtasiga 3,5 qator yozadi, bolalar esa bu materialni daftarlariga ko‘chirib oladilar, bunga 15 daqiqadan ortiq vaqt ketishi ham kerak emas. Ish tugaganidan so‘ng bolalar o‘z ishlarini almashadilar va o‘qituvchi bilan birgalikda ish sifatini analiz qiladilar.
Eng yaxshi ishlar o‘quvchilar burchagiga ilib qo‘yiladi. Boshlang`ich sinflarda bolalarga chiroyli yozuv malakasini o’rgatish har bir o`qituvchidan chidam va mahorat talab etadigan muhim jarayon hisoblanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati:
1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Qarori: “O‘zbek tilining asosiy imlo qoidalarini tasdiqlash haqida”, “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi” (Vazirlar Mahkamasining 1995, 24-avgustdagi 339-son qarori.)
2. Boshlang‘ich ta’lim konsepsiyasi// Boshlang‘ich ta’lim, 2014
3. Qоsimоva K., Matchоnоv S., G‘ulоmоva X., Yo‘ldоshеva Sh., Sariеv Sh. Оna tili o‘qitish mеtоdikasi. Tоshkеnt: Nоshir, 2009. – 352 b.
4. M. Gulomov, K. Tursunova, D. Po`latova “Chiroyli yozuv malakalarini shakllantirish” Uslubiy qo`llanma Toshkent “Turon Iqbol 2013.
5. G`ulomovM. ”Husnixat” 1-sinflar uchun-T. :O`zbekiston 2002.
6. G`ulomov M. ”Husnixat”2-sinflar uchun-T. :Cho`lpon 2003.
7. Munavvarxon Yo`ldosheva. “O`quvchi yozuvi nega xunuklashadi?” Ma`rifat gazetasi 2018 yil