Taqrizchi: A.A.Shermatov SamDChTI Ingliz tili nazariyasi va amaliyoti kafedrasi dosenti 1. O‘quv dasturi umumiy talablari
Dastur nomi
Tibbiyotda xorijiy til
Ajratilgan soat
90
Mavzular soni
45
Dasturningmaqsadi
Globallashuv va xalqaro aloqalarning ilmiy, texnik va madaniy sohadagi ulkan taraqqiyoti inson faoliyatining barcha sohalariga, shu jumladan, tibbiyot sohasiga ham o‘zining ta’sirini ko‘rsatishi shubhasizdir. Tibbiyot va farmasevtika mutaxassislari uchun chet tillarini mukammal egallash mamlakat taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega. Mazkur soha mutaxassislarini professional ta’limda chet tillari bo‘yicha bilimlarni mustahkamlash hamda bu borada mahorat va ko‘nikmalarini shakllantirish O‘zbekiston Respublikasining "Ta’lim to‘g‘risida", "Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida"gi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 2012 yil 10 dekabrdagi PQ-1875-son qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Umumiy o‘rta ta’lim davlat standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida"gi 1999 yil 16 avgustdagi 390-son va "O‘rta maxsus ta’lim davlat standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida"gi 2000 yil 16 oktyabrdagi 400-son qarorlari hamda boshqa tegishli me’yoriy hujjatlar asosida amalga oshirilmoqda.
Mazkur dastur chet tillariga o‘qitish jarayonining turli bosqichlarida ixtisoslik yo‘nalishi, bilim darajasi va kasbiy ehtiyoji kabi xususiyatlarini hisobga olgan holda kengaytirilib, o‘quv yakunida professional ta’lim muassasasining bakalavriat bosqichi bitiruvchilari uchun chet tillarini o‘zlashtirishning CEFR (Sommon European Framwork of Reference)
Umumevropa xalqaro standartlari darajalarini inobatga olingan tizimi doirasidagi V1 -chet tilini o‘rganishning mustaqil muloqot darajasining egallanishi ko‘zda tutilgan. Ko‘rsatilgan standartlar asosida chet tillari bo‘yicha tibbiyot va farmasevtika ta’lim muassasasi xususiyatlariga e’tibor bergan holda yangi dastur va kalendar-tematik rejalar tuzilishi, yangi adabiyotlar kiritilishi va muntazam ravishda takomillashtirib borilishi maqsadga muvofiqdir.
O‘quv dasturning maqsadi
Fannning maqsadi bugungi ilm va fan taraqqiyoti sharoitida tibbiyot va farmasevtika yo‘nalishidagi professional ta’limning barcha bosqichida chet tilini o‘qitish doirasida o‘rganuvchilarning kundalik, ilmiy va kasbga oid sohalarda faoliyat olib borishlari uchun chet tilida kommunikativ kompetensiyalarini shakllantirishdan iborat. Bunda lingvistik, sosiolingvistik, pragmatik kompetensiyalarning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, o‘rganuvchilarning tinglash, gapirish, o‘qish va yozish ko‘nikmalarini ko‘p madaniyatli dunyoda kundalik, ilmiy va kasbga oid sohalarda faoliyat olib borishi uchun chet tilini egallashi nazarda tutiladi.
O‘quv dasturning vazifalari
Fanning asosiy vazifasi soha bo‘yicha chet tillarini o‘rganishni yanada rivojlantirish, talabalarning mazkur yo‘nalishdagi bilimlarini xalqaro standartlarga muvofiq ravishda egallashini ta’minlash, chet tilida mustaqil o‘qish hamda tibbiy va farmasevtik matnlarni tushunish, tanlangan mutaxassislik bo‘yicha ilmiy adabiyotlardan olingan ma’lumotlarni tushuna olishni o‘zida mujassamlashtiradi.
Fan buyicha talabalarning bilim, ko‘nikma va malakalariga qo‘yiladigan talablar
“Ta’limning barcha bosqichlari bitiruvchilarining chet tillari bo‘yicha tayyorgarlik darajasiga qo‘yiladigan talablar”ga muvofiq, professional ta’lim muassasalarining ixtisosligi chet tili bo‘lmagan bo‘limlari barcha bosqichi talabalari (PTMda o‘quv kursi boshlanishida A2 darajaga ega bo‘lgan holda) o‘qish yakunida chet tili bo‘yicha V1 darajani egallashlari lozim. Unga ko‘ra bitiruvchi talabalar mazkur darajani ta’minlovchi tegishli kommunikativ kompetensiyalarni egallashlari, ya’ni o‘rganilayotgan chet tili bo‘yicha egallagan bilim, ko‘nikma va malakalarni muloqot jarayonida qo‘llash qobiliyatiga ega bo‘lishlari lozim. Bunda professional ta’lim bo‘yicha nutq ko‘nikma va malakalarining grammatik, leksik, fonetik va orfografik ko‘rsatkichlarining ta’lim mazmuniga muvofiq ravishda moslashtirilishi va soha bo‘yicha chet tillarni bilishning umumevropa tizimiga muvofiq, ular sodda va tushunarli shaklda berilishi maqsadga muvofiqdir.
Talaba xorijiy tilda kasbiy faoliyatiga oid egallagan malaka va ko‘nikmalari to‘g‘risida tasavvurga ega bo‘lishi, bilishi va undan foydalana olishi kabi quyidagi malakalariga ega bo‘lishi kerak:
Tinglash:
ma’ruza, taqdimot va munozaralar, radio va televidenie eshittirishlari, yangiliklar, intervyular, hujjatli film va shu kabi og‘zaki matnlar;
reklama va e’lonlar;
til sohiblari nutq yozuvlari (badiiy, hujjatli filmlar, ommaviy chiqish va hokazo);
til sohiblarining ijtimoiy mavzulardagi o‘zaro suhbati;
tinglangan axborotning asosiy maqsadi, to‘liq mazmunini tinglab tushunish malaka va ko‘nikmalarini rivojlantirish.
Gapirish:
Dialogik nutq
ijtimoiy mavzularda suhbat va norasmiy dialog;
kasbiy yoki boshqa mavzularda rasmiy va norasmiy munozaralar;
munozarani boshqarish, intervyu, muzokaralar va telefon orqali muloqot olib borish.
Monologik nutq
ixtisoslikka oid mavzularda ma’ruza tayyorlash va o‘qish;
munozara, dalil va isbotlarni olg‘a surish, fikrni asoslab berish;
reklama va maxsus mavzularda taqdimot tayyorlash hamda chiqish qilish;
ma’lumotlarni umumlashtirish, maqolalar yozish, muhokama qilish.
O‘qish:
tanishuv o‘qish, ko‘z yugurtirib o‘qish va sinchiklab o‘qish ko‘nikma va malakalarini rivojlantirish;
xat-xabar, yozishmalar va elektron pochtani o‘qish;
maxsus materiallarni o‘zida aks ettirgan autentik matnlarni o‘qish;
maxsus so‘z va terminlarga ega matnlarni, ilmiy va kasbga oid adabiyotlarni, elektron manbalar va matbuot materiallarini o‘qish.
Yozuv:
turli yozishmalar, xat-xabarlar va maxsus dokladlar (eslatma, CV va hokazo) yozish;
esse, bayon, rezyume, tadqiqot ishi (maqolalar, bitiruv malakaviy ishlar) yozish.
Kasbga yo‘naltirilgan bosqich:
Kasbga yo‘naltirilgan bosqichning asosiy maqsadi:
- nutq turlari bo‘yicha kasbiy sohada chet tilini amaliy egallash;
- talabani ijodiy shaxs sifatida rivojlantirish;
- soha bo‘yicha adabiyotlarni tarjima qilish malaka va ko‘nikmalarini rivojlantirish;
Tinglash:
kasbga yo‘naltirilgan autentik materiallarni bir marta eshitib asosiy mazmunini tushunish va zarur axborotni olish;
kundalik voqealar haqida yangiliklar, reportajlarni tushunish, film qahramonlari nutqini tushunish.
Gapirish:
Dialogik nutq
- til sohiblari bilan erkin muloqotda bo‘lish va kasbiy mavzularda o‘z fikr va mulohazalarini isbotlab berish;
- suhbatni boshlash va tugatishni bilish, suhbatdoshiga taklif va maslahat berish, savollariga javob berish, axborot almashish, muhokama qilinayotgan dalillarni aniqlashtirish, o‘qigan yoki eshitganlarini muhokama qilish;
- matn asosiy mazmunini ifodalovchi leksik va sintaktik qurilmalarga asoslanib gapirib berish;
- assosiativ tafakkurga asoslanib mulohaza, tanqid, baholash dalillar bilan isbotlash orqali o‘z nutqini tuzish;
- ritorik xarakterga ega dialog nutq malakalarini takomillashtirish;
- kasbiy muloqotlar, konferensiya, simpozium, uchrashuv va munozaralarda qatnashish uchun nutq faoliyati, ko‘nikma va malakalarini takomillashtirish.
Monologik nutq:
- dolzarb muammo yuzasida barcha “Tarafdor” va “Qarshi” dalillarni keltirgan holda o‘z fikrini bayon qilish;
- tinglagan va o‘qigan matn mazmunini gapirish;
- mazmunga baho berish;
- o‘rganilgan mavzular bo‘yicha axborot berish
- o‘qigan matnni tahlil qilish va sharhlash;
- o‘qigan yoki tinglagan matnni qisqacha mazmunini bayon etish;
- o‘rganilgan mavzuda chiqish qilish;
- ijtimoiy –siyosiy matnlarni o‘qib sharhlab berish.
O‘qish:
Tanishuv o‘qish
matnni lug‘atsiz, berilgan savol yoki umumiy mazmunini tushunish maqsadida o‘qish;
10 % gacha notanish so‘z bo‘lgan ilmiy-ommabop, ijtimoiy-siyosiy, maxsus badiiy matnlar;
matn mazmunini chet tilida yoki ona tilida so‘zlab berish, paragraflarni nomlash, test topshirish.
Sinchiklab (o‘rganib) o‘qish
matnni asosiy axborotni ajratib olgan holda mazmunini to‘liq va aniq tushunib o‘qish.
O‘qish tezligi, hajmi:
maxsus, 12% gacha notanish so‘zga ega bo‘lgan 1600 bosma belgili ilmiy-ommabop matnni lug‘atdan foydalanib 1,0 akademik soatda o‘qish.
Ko‘z yugurtirib o‘qish:
- matn mazmuni xususiyatlarini aniqlash;
- zarur axborotni matndan topish;
- so‘z (matn) ma’no mazmunini kontekst asosida fahmlab olish;
- matndagi birlamchi (asosiy) ikkinchi darajali axborotni ajratish;
- matn kalit so‘zlarini ajrata olish;
- matn qismlariga sarlavha qo‘yish.
Yozuv:
- kasbga yo‘naltirilgan bosqichda shakllangan malakalarni takomillashtirish;
- referat, annotasiya yozish texnikasini takomillashtirish;
- hujjatlarni rasmiylashtirishni bilish (tuzilishi, uslubi, hujjat tili) va u asosida hujjatlarni namunaga qarab, sxemaga ko‘ra, klishe va iboralarni qo‘llab, axborotni hisobga olib, ish yuritish vaziyatlari talablariga mos ravishda rasmiylashtirish;
- berilgan mavzuda bayon, esse, rezyume tuzish, sohaga oid adabiyotlar bo‘yicha referat yozish.
Til kompetensiyasi
Leksik kompetensiya.
kasbiy leksika va atamalarini tushunish va qo‘llash;
umumiy qisqartmalarni kengaytira bilish;
so‘z yasalishi (qo‘shma so‘zlar va affiksasiya), o‘zlashma so‘zlar (baynalminal so‘zlar)ni qo‘llash;
antonimlar, sinonimlar va boshqa umumleksik munosabatlarni o‘zlashtirish.
Grammatik kompetensiya.
o‘tilgan grammatik material (olmosh va uning turlari, fe’l shakllari, sintaksis, muammoli so‘zlar va iboralar, modal fe’llar va hokazo)ni kundalik va sohadagi kontekstlarda to‘g‘ri qo‘llay olish;
- o‘z sohalariga oid diskurs modellarining grammatik, leksik va mazmun jihatdan qanday tuzilganini tushunish maqsadida tahlil qila olish
kompetensiyalariga ega bo‘lishi kerak.
O‘quv rejasnga muvofiq o‘zaro bog‘liq bo‘lgan fanning nomi
Kasbiy faoliyatda o‘zbek tili ( rus tili), hamshiralik ishi, terapiyada hamshiralik ishi,farmakologiya va reseptura,anatomiya,fiziologiya va patalogiya.
O‘qitishning tashkiliy shakli
N -nazariy ta’lim;
A -amaliy ta’lim;
NA -birgalikda tashkil etilgan nazariy va amaliy mashg‘ulotlar;
MX -maxsus xonalarda mashg‘ulot.
Dasturga kuyilgan talab
Majburiy
O‘qitish tili
Ingliz tili
Baholash tartibi
Joriy baholash tartibiga asoslanib
O‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini baholash
Yozma, og‘zaki savol-javob, munozara, test, amaliy topshiriq