Maktabgacha yoshdagi bolalar mehnat faoliyatining xususiyatlari
Bu davrdagi bolaning asosiy faoliyati bo‘lgan o‘yinda bolalar tarbiyachining rahbarligida har xil harakat usullarini, narsa va buyumlar to‘g‘risidagi bilimlarni, ularning sifat va xususiyatlarini bilib oladilar. Bolalar, shuningdek fazoviy, vaqt munosabatlarini, o‘xshashlik, tenglik kabi tushunchalarni ham egallab boradilar. Birgalikda bajariladigan harakatli o‘yinlar orqali bolalar kishilar hayotidagi, ular o‘rtasidagi munosabatlarni, kelishib harakat qilishni bilib oladilar, ularning tevarak-atrof to‘g‘risidagi tasavvurlari kengayadi. Bu yoshdagi bolalarda o‘yin faoliyati bilan bir qatorda faoliyatning amaliy shakllari ham rivojlana boshlaydi: rasm yopishtirish, narsalar yasash va hokazo. Bular bolalarda xayolni, amaliy tafakkurni, badiiy qobiliyatni, ijodkorlikni rivojlantirishda manba bo‘lib xizmat qiladi. Muntazam ravishda berib boriladigan mehnat topshiriqlari bolalar faoliyatini ijtimoiy manfaatlarga bo‘ysundirishga, ijtimoiy foydali faoliyat bilan shug‘ullanishiga, mehnatdan kelgan umumiy natijadan quvonish kabi sifatlarni tarbiyalashga olib keladi.