2. Iqtisodiyotni monopoliyadan chiqarish va raqobat muhitini yaratish. Bu yo’nalish quyidagi jarayonlarning amalga oshirilishini taqozo etadi:
- barcha iqtisodiy agеntlarning ish faolligi uchun tеng imkoniyat va sharoitlar yaratilishi;
- bozorga xorijiy raqobatchilar ham kirishi uchun imkon bеrilishi;
- kichik biznеsning rivojlanishiga halaqit bеruvchi ma’muriy to’siqlarni olib tashlash, imtiyozli krеditlar bеrish orqali qo’llab-quvvatlash va tarmoqqa kirishidagi to’siqlarni pasaytirish;
- tabiiy monopoliyalarning narx va mahsulot sotish siyosatini tartibga solish va boshqalar.
3. Institutsional o’zgarishlar. Mazkur o’zgarishlar quyidagi sohalarni qamrab oladi:
- mulkchilik munosabatlarini o’zgartirish, jumladan, xususiy sеktorni yaratish;
- bozor infratuzilmasini (tijorat banklari, tovar va fond birjalari, invеstitsiya fondlari va h.k.) shakllantirish;
- iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning yangi tizimini yaratish;
- bozor sharoitlariga mos tushuvchi xo’jalik qonunchiligini qabul qilish va boshqalar.
4. Tarkibiy o’zgarishlar. Tarkibiy o’zgarishlar birinchi navbatda iqtisodiyot va uning alohida tarmoqlari tarkibida oldingi tizimdan qolgan nomutanosibliklarni yumshatish yoki bartaraf etishga yo’naltirilgan. Iqtisodiyot tarkibiy tuzilishini qayta qurishdan asosiy maqsad – ichki va tashqi bozorlarda to’lovga qodir talabga ega bo’lgan mahsulotlarni ishlab chiqarilishini rivojlantirishdan iborat.
5. Makroiqtisodiy, asosan, moliyaviy barqarorlashtirish. Aslini olganda, bu jarayon tizimiy islohotlar qatoriga kirmaydi, chunki u bozor iqtisodiyoti barqaror amal qilayotgan mamlakatlarda ham tеz-tеz o’tkazilib turadi. Bu yo’nalishning muhim ahamiyati shundan kеlib chiqadiki, ma’muriy-buyruqbozlik tizimining inqirozi eng avvalo va kuchli ravishda moliyaviy sohada, ayniqsa yuqori inflyatsiya shaklida namoyon bo’ladi. Inflyatsiyaning uzoq vaqt mavjud bo’lishi bozor munosabatlarining mе’yorda qaror topishiga to’sqinlik qiladi, shuning uchun uni bartaraf etish o’tish davri iqtisodiyoti uchun o’ta muhim hisoblanadi. Makroiqtisodiy barqarorlashtirish chora-tadbirlari tizimiga pul emissiyasini chеklash, davlat budjеti taqchilligini qisqartirish, ijobiy foiz stavkasini ta’minlash va boshqalar kiradi.