Davlat moliyaviy nazoratini o’tkazishdagi cheklovlar.
Davlat moliyaviy nazoratini:
moliyaviy nazorat ob’ekti mansabdor shaxsining yaqin qarindoshi, erining
(xotinining) qarindoshi bo’lgan;
moliyaviy nazorat ob’ektida shaxsiy mulkiy manfaatlari bo’lgan;
tekshiruv bilan qamrab olingan davrda moliyaviy nazorat ob’ektida ishlagan
davlat moliyaviy nazorat organlarining mansabdor shaxslari tomonidan o’tkazish
taqiqlanadi.
Byudjet kodeksida ko’rsatilgan holatlar yuzaga kelgan taqdirda davlat
moliyaviy nazorat organlarining mansabdor shaxslari bu haqda davlat moliyaviy
nazoratini tayinlagan organning rahbarini yozma shaklda xabardor qilishi kerak.
Byudjet intizomini buzish.
Quyidagilar byudjet intizomini buzishdir:
Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg’armalari byudjetlari va byudjet
tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg’armalari mablag’larini ularni olish
(ulardan foydalanish) shartlariga muvofiq bo’lmagan maqsadlarga yo’naltirish;
mehnatga haq to’lash bo’yicha belgilangan razryadlarga, lavozim maoshlari,
ustamalar, ish haqiga qo’shimchalar va boshqa to’lovlar miqdorlariga rioya
etmaslik;
byudjetdan moliyalashtiriladigan muassasalar va tashkilotlarga ish haqi,
pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar va ularga tenglashtirilgan boshqa xarajatlarni
to’lash uchun pul mablag’lari berilishini, shuningdek pensiyalarni etkazib berishni
amalga oshiruvchi muassasalarga pul mablag’lari berilishini banklarning rahbarlari
va boshqa mansabdor shaxslari tomonidan asossiz kechiktirish.
Davlat moliyaviy nazorati natijalari bo’yicha rasmiylashtiriladigan
hujjatlar.
Yakuniy nazorat tarzidagi davlat moliyaviy nazoratining natijalari davlat
moliyaviy nazorat organining mansabdor shaxsi tomonidan:
tekshirish va taftish natijalari bo’yicha tuziladigan hujjat — dalolatnoma;
davlat moliyaviy nazorati natijalarini umumlashtiruvchi hujjat — jamlanma
dalolatnoma;
o’rganish va nazorat tartibida tekshirish natijalari bo’yicha tuziladigan hujjat
— ma’lumotnoma yoki xulosa;
O’zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan davlat moliyaviy nazorati
natijalari bo’yicha tuziladigan hujjat — hisobot tarzida rasmiylashtiriladi.
|