«Bulbulcha» bolalar xor jamoasi va ijodiy faoliyati
Yurtimizda o‘nlab bolalar ashula va raqs ansambllari mavjud. Ushbu ansambllarning ochilishiga va faoliyat ko‘rsatishiga O'zbekiston davlat filarmoniyasining «Bulbulcha» ansambli 1980-1990 yillarda namuna bo‘ldi va barcha bolalar ansambllariga yo‘l boshchi sifatida uslubiy-ijodiy yo‘l ko‘rsatdi. «Bulbulcha» bolalar ashula va raqs ansambli 1970 yilda O‘zbekiston teleradiokompaniyasi qoshida tashkil etildi. Ansamblni tashkil etishda o‘sha davrning mohir bastakori, jonkuyar va yoshlar murabbiysi Shermat Yormatov jonbozlik ko‘rsatdi va u ansamblning badiiy rahbari sifatida o‘z faoliyatini boshladi. «Bulbulcha» ansambli tez orada bolalar musiqa olamida katta-katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Shermat Yormatov yaratgan «Chitti gul», «Chillak o‘yini», «Lola sayli», «Assalom hayot» qo‘shiqlari jajji bolajonlarning sevimli ashulalariga aylanib, «Bulbulcha» ansamblining ramzi sifatida yangray boshladi. Bu badiiy jamoa yurtimiz bolalarining ma’naviy yuksalishida estetik poydevor bo‘lib xizmat qildi.
Ansamblning rivojlanish va taraqqiy etish vaqti Mustaqillik davriga to‘g‘ri keldi. Mustaqillikning dastlabki kunlaridayoq mamlakatimiz hukumati tomonidan ansambl faoliyati va bastakor Shermat Yormatov ijodini har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda. Natijada, O‘zbekistonda besh yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan bolalar qo‘shiq olami va san’ati bilan oshno bo‘lib, jajji bolalarning boy ichki olamini dunyo bo‘ylab kuyladilar. Hozirda ansambl tarkibida kichkintoylar xor guruhi, o‘rta yoshdagilar (3-7 sinflar) xor guruhi, o‘smir-yoshlar xor guruhi (15-20 yoshdagilar), kichkintoylar raqs guruhi, o‘rta yoshdagi bolalar raqs guruhi, folklor guruhi, vokal ansambli, yosh maqomchilar ansambli va milliy xalq cholg‘uchilar guruhlari mavjud. Aynan mustaqillik davrida «Bulbulcha» ansambli Rossiya, Qozog‘iston, Belorussiya, Finlandiya, Turkiya, Slovakiya va qator Afrika davlatlarida ijodiy safarda bo‘lib mustaqil O‘zbekistonning poydevori hisoblanmish yoshlarning keng tafakkuri va boy ma’naviy olamini namoyish etdi.
O‘zbekiston bastakorlari Rustam Abdullayev, Xabibullo Raximov, Nodim Norxujayev, Avaz Mansurov va shoirlari Anvar Obidjon, Raim Farxod va boshqalar ansambl ishtirokchilari uchun yangi-yangi asarlar yaratib, badiiy jamoaning repertuarini va uning ijodiy yo‘nalishini kengaytirib, yanada boyitishga o‘z xissalarini qo‘shmoqdalar. Shu sababli, ansambl faoliyati to‘g‘risida bir qancha videofilmlar yaratildi. Ansamblning jajji ishtirokchilari ko‘p yillardan beri televideniya orqali O‘zbekistonlik tengdoshlariga yosh va iliq qalb nurlarini taratib, birgalikda qo‘shiq va raqs olamida sayr qilib yurgandek bo‘ladilar.
«Bulbulcha» ansamblining ijodiy faoliyati yildan-yilga ravnaq topib bormoqda. Yurtimizning Mustaqillik va Navro‘z bayram tantanalarida doimo jajji san’atkorlar kuy-qo‘shiqlari bilan alohida ajralib turadi. Bugungi kunda yangi-yangi konsert dasturlarini yaratishda va sahnalashtirishda ansamblning zahmatkash, ustoz-rahbarlari Noila Ortiqova, Gulbahor Mansurova, Dildora Ortiqova, O‘ktamjon Shokarimovlar faol mehnat qilib, badiiy jamoaning san’atini yanada yuqori cho‘qqilarga olib chiqmoqdalar. Ayniqsa, «Bulbulcha» ansamblining O‘zbekiston Mustaqilligining 25 yilligiga bag‘ishlangan – «Bu yurtning yoshlari» va «Bolaparvar diyor» deb nomlangan yangi konsert dasturlari yurtimiz aholisiga katta tuhfa bo‘ldi.
Dostları ilə paylaş: |