Asosiy vositalarni baholash usullari.
1) Dastlabki qiymati bo‘yicha baholash usuli. Asosiy vositalar buxgalteriya hisobiga dastlabki qiymati bo‘yicha, ya’ni ularni sotib olish, qurish va tayyorlash uchun qilingan haqiqiy xarajatlar bo‘yicha qabul qilinadi:
a) korxona ustav kapitaliga ta’sischilar tomonidan qo‘shilgan ulushlar – tomonlarning kelishuvi bo‘yicha;
b) korxonaning o‘zida tayyorlangan hamda boshqa korxonalar va shaxslardan sotib olinganda – barpo etish (qurish, qo‘shimcha qurish va h.k.) yoki ushbu obyektlarni sotib olish bo‘yicha qilingan haqiqiy xarajatlardan kelib chiqqan holda, to‘langan va qoplanmaydigan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni hamda tashib keltirish, montajlash, o‘rnatish, ishga tushirish va aktivni ishchi holatiga keltirish bilan bog‘liq istalgan boshqa xarajatlarni ham qo‘shgan holda;
d) boshqa korxonalar va shaxslardan tekinga hamda davlat organlarining subsidiyasi sifatida olinganda – kirim qilish sanasidagi bozor bahosi yoki qabul qilish – topshirish hujjatlarida ko‘rsatilgan qiymat bo‘yicha baholanadi.
2) asosiy vositalarning qoldiq qiymati ularning dastlabki qiymatidan eskirish summasini ayirish yo‘li bilan aniqlanadi. Qoldiq qiymat asosiy vositalarni hisobda haqqoniy baholash uchun qo‘llanilib korxona balansida ham ular qoldiq qiymat bo‘yicha aks ettiriladi.
Vaqt o‘tishi bilan asosiy vositalarni qoldiq qiymati hozirgi sharoitda sotib olingan yoki barpo qilingan, shunga o‘xshash asosiy vositalar qiymatidan farq qiladi. Ushbu farqni bartaraf etish uchun asosiy vositalar har yili birinchi yanvar holatiga qayta baholanib, ularning tiklash qiymati aniqlanadi.
3) Tiklash qiymati – bu hozirgi sharoitda asosiy vositalarni (hozirgi baholarda, zamonaviy texnikalar va h.k.) qayta barpo etish qiymati. Bu qiymati asosiy vositalarning qayta baholash yo‘li bilan aniqlanadi.
Asosiy vositalarning dastlabki qiymatini o‘zgartirish qo‘shimcha qurish, qo‘shimcha jihozlash, rekonstruksiyalash va qisman tugatish hamda qayta baholash hollarida ruxsat etiladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 31.12.2001-y. 490-sonli «O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil uchun asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari va davlat budjeti parametrlari to‘g‘risida» qaroriga muvofiq xo‘jalik yurituvchi subyektlar mulkchilik shaklidan qat’i nazar har yili 1-yanvar holatiga asosiy vositalarni ularning qiymatini joriy baholarga muvofiqlashtirish uchun qayta baholaydilar.
Dostları ilə paylaş: |