Bu vazifalarni ular davlat va yirik firmalar buyurtmasiga binoan shartnoma-bitimlar asosida bajaradi. Venchur korxonalar texnikaning yangi yo‘nalishlarida faollik ko‘rsatadi va bu bilan fan-texnika taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shadi.
Ijara korxona mol-mulkni yollash bo‘yicha mulk egasi bilan tadbirkor o‘rtasidagi iqtisodiy munosabat. Ijara shartnomasiga asosan bir tomon (ijaraga beruvchi) ikkinchi tomonga (ijarachi) ma'lum to‘lov evaziga va ma'lum shartga ko‘ra mol-mulkini vaqtincha foydalanish uchun beradi.
Ijara haqi mulk egasi mol-mulkining qiymati va keltiradigan daromadga bog‘liq bo‘lib, o‘zaro kelishuv bilan belgilanadi. yer, uy-joy, savdo-sanoat binolari, sanoat va savdo korxonalari, mashina va uskunalarni ijaraga berish va olish jahondagi ko‘pgina mamlakatlar uchun xosdir.
Bugungi kunda sanoat va boshqa sohalarda ijara korxonalari paydo bo‘la boshladi va mulkni davlat tasarrufidan chiqarishning bir ko‘rinishi bo‘lib, ijara muddati davrida korxona jamoasi shu korxona mulkining egasi bo‘lib qoladi.
Konsalting ishlab chiqarishga ish yuzasidan xizmat ko‘rsatish sohasida ixtisoslashgan firmalarning o‘z mijozlariga maslahat xizmati ko‘rsatish va texnik loyihalarni ekspertiza qilish bilan bog‘liq iqtisodiy faoliyatdir.
Konsalting firmalarining asosiy vazifalari quyidagilardir:
- tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirish uchun sheriklar tanlash;
- maslahatchilik tashkilotlarining taraqqiy topishi va xorijiy investitsiyalarni jalb etishga ko‘maklashish;
- yagona axborot-so‘rovnoma fondini yaratish va yagona reklama strategiyasi (yo‘nalishi)ni amalga oshirish yo‘li bilan ularning a'zolari faoliyatini umummaqsadlar yo‘lida jamlash va hokazo.
Konsalting firmalarining kichik biznes sohasida keng tarqalgan maslahat xizmatlari quyidagilardan iborat:
- barcha mulk shakllaridagi korxonalarni ro‘yxatga olish uchun ta'sis hujjatlarni tayyorlash bo‘yicha maslahatlar berish;
- marketing bo‘yicha izlanishlar o‘tkazish;
- xususiylashtirish, aksiyadorlashtirish dasturlarini ishlab chiqish;
- tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha maslahat berish;
- reklama strategiyasini ishlab chiqish, reklama materiallarini tayyorlash va ularni tarqatish;
- huquq, moliya va boshqaruv masalalari bo‘yicha maslahatlar berish;
- intellektual mulkni himoya qilish masalasi bo‘yicha maslahatlar berish;
- ishchi xizmatchilarni tayyorlash va malakasini oshirish;
- tadbirkorlik va kichik biznesni taraqqiy toptirishga xizmat qiluvchi tadbirlarni o‘tkazish;
- firma ish uslubini ishlab chiqish;
- xavfsizlik texnikasi, ishlab chiqarish sanitariyasi, madaniyat, atrof-muhitni himoya qilish masalalari bo‘yicha maslahatlar berish;
- investitsiyalarni jalb qilish, imtiyozli kredit olish, zaruriy resurs va kapitallarni sotib olish bo‘yicha maslahatlar berish va h.k.