Moliyaviy tahlilning nazariy-uslubiy asoslari Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini o‘rganish va tahlil etish orqali ularning samarali faoliyatini yo‘lga qo‘yish va uni o‘stirish imkoniyatlarini baholashda, korxona ishlab chiqarish, tijorat va moliya faoliyatidan moliyaviy resurslarning kirimiga va ulardan moliyaviy holatni o‘stirishda foydalanish darajalariga, raqobatdoshlik, moliyaviy natijalarni kutilishini prognozlash va iqtisodiy rentabellikni xo‘jalik faoliyatining real imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda oshirishning yo‘llarini belgilashga, moliyaviy resurslardan yanada samarali foydalanishning chora-tadbirlarini belgilashga ahamiyat qaratiladi.
Moliyaviy raqobatdoshlikka va to‘g‘ri moliyaviy siyosatni yuritishga korxona foydasini maksimallashtirish, kapital tarkibini optimallashtirish va uning moliyaviy barqarorligini ta’minlash, mulkdorlar (qatnashchilar, ta’sischilar), investorlar va kreditorlar uchun moliyaviy holatning jozibadorligini oshirish, korxona boshqaruvi yuzasidan samarali mexanizmni shakllantirish, shuningdek, moliyaviy resurslarni jalb etishda bozor mexanizmining barcha imkoniyatlaridan foydalanish orqaligina erishish mumkin.
O‘z navbatida, iqtisodiyot subyektlari faoliyatidagi erkinlik, natijaga egalik, rivojlanish va taraqqiyotning yangicha mazmuni boshqaruvning butun bir tizimini ham takomillashtirishni talab etmoqda.
Bugungi kunda korxonalar oldida juda keng imkoniyatlar ochilmoqda. Nafaqat xo‘jalik yurituvchi subyektlar jamoasi, mulk egalari, investorlar balki butun bir davlatlar va jamoatchilik tizimi ham boshqaruvdagi o‘zgarish va rivojlanishdan manfaatdordirlar.
Zamonaviy boshqaruvni:
- yaqin va uzoq davriylikni qamrab olgan – rejalashtirish;
- mulk egalari va maqsadli foydalanuvchilarni moliyaviy va boshqa axborotlar bilan ta’minlovchi – buxgalteriya hisobi;
- axborotlarni chuqur qayta ishlash, faoliyatga obyektiv baho berish, iqtisodiy va moliyaviy imkoniyatlarni aniqlash orqali tezkor, joriy va istiqboldagi boshqaruv strategiyasini belgilab beruvchi – iqtisodiy tahlil;
- faoliyatni yo‘lga qo‘yish va maqsadli boshqarishning aniq yechimlari va natijaviyligini ta’minlovchi, innovatsion va aqlli iqtisodni ta’minlashga imkon beruvchi – ilmiy faoliyat;
- faoliyat samaradorligi va natijaviyligidan kelib chiqqan holda munosabatlarni muvofiqlashtirishning muhim mezoni bo‘lgan – mehnatni munosib rag‘batlantirish;
- va boshqa (ijtimoiy, ekologik, texnikaviy, tashkiliy) jihatlarni qamrab olgan – murakkab tizim deb qarash lozim.
Xo‘jalik yurituvchi subyektlari oldida turgan muhim vazifalarni hal etilishiga albatta axborotlar oqimi va ularni tahliliy xulosalariga tayangan zamonaviy boshqaruvni yo‘lga qo‘yish va takomillashtirish orqaligina erishiladi.
Subyektlar qabul qiladigan iqtisodiy qarorlarda pul mablag‘larini ko‘paytirish, ularning ko‘payish vaqtini aniq hisob-kitob qilish va natijaga erishishga umid qilishdagi qobiliyatini baholash muhim masala hisoblanadi.
Bu borada tahlil:
- xo‘jalik yurituvchi subyektlariga ichki va tashqi ta’sir birliklarini hisobga olgan holda faoliyatning tizimli tahlilini amalga oshirishga;
- xo‘jalik yurituvchi subyektlarining joriy va istiqboldagi ko‘zlangan maqsadlariga erishish yuzasidan mavjud imkoniyatlarni aniqlashga;
- xo‘jalik yurituvchi subyektining rivojlanish tendensiyalari dinamikasiga baho berishga;
- xo‘jalik yurituvchi subyektni kelgusida yanada rivojlantirish, mavjud imkoniyatlarini ishga solishning iqtisodiy, moliyaviy manbalarini izlab topish va amalga oshirishga yordam beradi.
Tahlil – boshqaruv faoliyatining sifatini oshirish va samaradorligini ta’minlashning muhim dastagi sifatida boshqaruv qarorlarini qabul qilishning barcha bosqichlarida ishtirok etadi.
Tahlilning zamonaviy shaklida aniq vazifalarni hal etishda yuksak professionallik, iqtisodiy-matematik modellar, axborot texnologiyalari, murakkab analitik yechimlarga tayanishi lozim.
Tahlil – xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatida obyektiv reallikni, jarayonlar, erishilgan natijalar yuzasidan real analitik xulosalarni tayyorlash, aniq chora-tadbirlarni belgilash va amalga oshirishda inson omilining ham muhim ekanligini qayd etadi.
O‘z navbatida tahlil:
- boshqaruv jarayonini takomillashtirishga;
- boshqaruv samaradorligini oshirishga;
- boshqaruv sifatini ta’minlashga;
- raqobatbardoshlikni oshirishga imkon beradi.
Zamonaviy boshqaruvda tahlil – ilmlar va bilimlar tarmog‘ining ham muhim bo‘g‘ini sifatida xo‘jalik yurituvchi subyektlarning samarali faoliyatini yo‘lga qo‘yish, yo‘qotishlarning oldini olish va zararsiz ishlash, iqtisodiy va moliyaviy holatni yaxshilash, tahlikalarga bardoshlikni oshirishni ham muhim dastagi sifatida qaraladi.
Hozirgi vaqtda tahlil rivojlanishining yangi bir bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Bu borada tahlilning tubdan yangi nazariyasi, uslubiyoti, amaliyoti shakllanish jarayoni kechmoqda. O‘zbekiston va xorijlik olimlar tomonidan tahlilning boshqaruvda operativlikni ta’minlashga imkon beruvchi, joriy va istiqboldagi rivojlanishini belgilab beruvchi, iqtisodiy va moliyaviy axborotlar oqimining shakliga (moliyaviy, boshqaruv) mos tushuvchi, kommunikatsiya texnologiyalar, matematik modellar, statistik metodlarga asoslangan shaklini yo‘lga qo‘yishga harakatlar qilinmoqda.
Tahlilning raqobatdosh iqtisodiyotda, doiraviy kengligi yanada kuchayadi. Ayniqsa jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozlari sharoitida ularning yuzaga kelishini makro va mikroko‘lamdagi sabablarini tahlil qilish zaruriyati yanada ortadi. Negaki, har bitta (iqtisodiy, moliyaviy, tashkiliy va h.k.) jarayondagi o‘zgarishlar sabab va oqibat, ichki va tashqi omillar ta’sirida tashxislanishi va yakuniy xulosalar bilan izohlanishi lozim.
Bugungi kun iqtisodiyoti xo‘jalik subyektlari oldiga texnik- texnologik taraqqiyotga, ilm fanga asoslangan iqtisodiyotni yo‘lga qo‘yishga undamoqda. Bu esa o‘z navbatida boshqaruvchilardan samarali faoliyat shakllarini yo‘lga qo‘yishni, tadbirkorlikni faollashtirishni, individuallik va namunaviylikni kuchaytirishni talab etadi. Bu vazifalarning birontasini iqtisodiy, moliyaviy tahlilsiz amalga oshirib bo‘lmaydi. Bu borada avvalo, boshqaruvning o‘zini ham takomillashtirish masalasiga alohida ahamiyat qaratish lozim.
Tahlilning boshqaruvdagi roli – boshqaruv subyektlariga boshqaruv obyektini (xo‘jalik jarayonlari va hodisalari, ularning samarasi va natijalari yuzasidan boshqaruvning) maqbul yechimlarini berish yuzasidan zaruriy axborotlar bilan ta’minlashdan iborat.
Tahlilning boshqaruvdagi o‘rni – xo‘jalik yurituvchi subyektlarning xo‘jalik-tijorat-moliya faoliyatining joriy holatiga baho berish va uni kelgusida yanada rivojlantirish yuzasidan tizimli yechimlarni boshqaruv subyektlariga yetkazib berishdan iborat.
Tahlilning boshqaruvdagi ahamiyatini – xo‘jalik yurituvchi subyektlar iqtisodiy, moliyaviy ahvoli, uning kelgusidagi kutilishlari, pul mablag‘lari kirimi va chiqimidagi ijobiy farqlanishlar, kapital hajmini oshirishdagi kompleks o‘rganishlarning zaruriyligini ifodalaydi.3