Har bir bank o’z buxgalteriya hisobini barcha banklar uchun bir xil bo’lgan hisobvaraqlar rejasi asosida olib boradi. 1997 yil apreliga qadar respublikadagi barcha banklar sobiq ittifoq davrida tuzilgan yagona hisobvaraqlar rejasi asosida ish yuritar edilar. Lekin iqtisodiyotimizni yangi bozor munosabatlari asosida tashkil etar ekanmiz, iqtisodiyotni izga solib, uni nazorat qilish uchun buxgalteriya hisobini halqaro miqyosda qabul qilingan yaxlit tizimga moslashtirib olib borish talab etildi. Shu sababli, respublika banklari buxgalteriya hisobini yangi hisobvaraqlar tizimi asosida tashkil etishga kirishdilar. Shu maqsadda 1995 yil Artur Andersen auditorlik firmasi bilan shartnoma tuzildi va firma respublika Markaziy banki bilan birgalikda bankning yangi hisobvaraqlar rejasini ishlab chiqdi. 1996 yil 13 noyabrda Vazirlar Mahkamasining 289-sonli qarori bilan «Respublika Markaziy bankning hisobvaraqlar rejasi», 290-sonli qarori bilan esa «Tijorat banklarining hisobvaraqlar rejasi» tasdiqlandi. 1997 yil 1 apreldan barcha banklar buxgalteriya hisobi yangi hisobvaraqlar rejasi asosida olib borila boshlandi. Vaqt o’tishi bilan rejaga o’zgarishlar kiritilib, 1999 yil 22 mayda yangi tahrirdagi hisobvaraqlar rejasi tasdiqlandi.
Banklarning yangi hisobvaraqlar rejasiga o’tishi nimalar bilan belgilanadi? Umuman, O’zbekistonning xalqaro mehnat taqsimotiga, jahon bozor munosabatlari tizimiga o’tganligi banklar uchun yangi hisobvaraqlar rejasiga o’tish zaruriyatini keltirib chiqardi. Qolgan barcha sabablar shulardan kelib chiqadi:
birinchidan, respublikada ikki pog’onali bank tizimining barpo etilishi;
ikkinchidan, davlat mulki yagona bo’lmagan holda turli mulkchlik shakllarining paydo bo’lishi;
uchinchidan, chet el investitsiyalarning jalb qilinishi;
to’rtinchidan, chet el korxona va tashkilotlari bilan sherikchilik munosabatlarining o’rnatilishi;
beshinchidan, hisobotlarni jahon andozalari talablariga javob beradigan darajada tuzilishini ta’minlash zarurligi va hokazo.
Yangi hisobvaraqlar rejasi avvalgisidan farq qiladi. Eski hisobvaraqlar rejasi 2 qismdan iborat bo’lib, biri balans ichidagi hisobvaraqlarni, ikkinchi qismi balansdan tashqari hisobvaraqlarni o’z ichiga olar edi. Balans ichidagi hisobvaraqlar mazmunan guruhlash printsipi asosida tuzilgan bo’lib 24 bo’limdan iborat. Har bir bo’limda aktiv, passiv va aralash xarakterdagi aktiv-passiv hisobvaraqlar joylashgan hamda ular bo’yicha operatsiyalar ikki yoqlama yozuv asosida olib borilar edi. Balansdan tashqari hisobvaraqlar esa 8 bo’limga guruhlanib, bu hisobvaraqlar bo’yicha yozuvlar bir tomonlama, ya’ni kirim yoki chiqim ko’rinishda yuritilar edi.
Yangi hisobvaraqlar rejasi ham mazmunan, ham tuzilish jihatidan eskisidan farqlanadi.
Ilgari Markaziy bank ham, tijorat banklari ham buxgalteriya hisobini yagona hisobvaraqlar rejasi asosida yuritar edilar. Har bir hisobvaraq nomeri va nomi yoniga qaysi bankda ishlatilishi haqida belgi qo’yilgan edi. Yangi hisobvaraqlar rejasi yuqorida eslatib o’tganimizdek, Markaziy bank uchun alohida, tijorat banklari uchun alohida ishlab chiqildi. Bunda har ikki bank faoliyatining xususiyatlari hisobga olindi. Masalan, Markaziy bank emissiya markazi bo’lib hisoblangani uchun kassadagi pullar banknota va tangalarga bo’lingan holda ko’rsatiladi. Tijorat banklari kassalaridagi pullarni bunday bo’lish uchun alohida hisobvaraqlar ochilmaydi. Bundan tashqari, Markaziy bank barcha tijorat banklari o’rtasidagi banklararo hisob-kitoblarni tashkil etadi. Shu sababli, bunday hisob-kitoblar hisobini yuritish uchun olinadigan banklararo hisob-kitoblar bo’yicha tranzit hisobvaraqlar va to’lanadigan banklararo hisob-kitoblar bo’yicha tranzit hisobvaraqlar ochilgan. Bunday hisobvaraqlar tijorat banklarning rejasida yo’q.
Tijorat banklar xalq xo’jaligi tarmoqlarining turli mulkchlik shakllariga tegishli xo’jaliklarga xizmat ko’rsatadi, shunga asosan tijorat banklarda alohida hisobvaraqlar ochiladi. Markaziy bank esa xalq xo’jaligiga emas, balki hukumat va nazorat organlariga xizmat ko’rsatadi. Shunday xususiyatlar har ikki bank rejalarida hisobga olingan.
Reja umuman 6 bo’limdan iborat bo’lib, ulardan 5 tasi balans ichidan hisobvaraqlarni o’z ichiga oladi, oxirgi oltinchi bo’lim esa balansdan tashqari hisobvaraqlardan iborat. Yangi rejaning yana bir xarakterli xususiyatlari shundan iboratki, bundagi balansdan tashqarida joylashgan hisobvaraqlar ham balans ichidagi hisobvaraqlar kabi ikki yoqlama yozuv asosida olib boriladi. Har bir bo’lim asosiy va yordamchi hisobvaraqlarni (subschet) o’z ichiga mujassamlangan. Umuman aytganda, bank aktivlari, passivlari, kapitali, daromadlari va xarajatlari bo’yicha hisobvaraqlar alohida bo’limlarga kiritilgan . Ya’ni
I bo’lim
10000 - Aktivlar
II bo’lim
20000 - Majburiyatlar
III bo’lim
30000 - Kapital
IV bo’lim
40000 - Daromadlar
V bo’lim
50000 - Xarajatlar
VI bo’lim 90000 - Ko’zda tutilmagan holat bo’yicha (ya’ni balansdan tashqari) hisobvaraqlar
Yangi hisobvaraqlar rejasi bosh buxgalteriya kitobidagi hisobvaraqlar tizimini aks ettirib, ular moliyaviy operatsiyalarni guruhlashtirish, ikki yoqlama yozuvni amalga oshirish, hisobotlarni tuzish va tahlil qilish uchun ishlatiladi. Barcha hisobvaraqlar shunday tartibda ishlab chiqilganki, bunda
birinchidan, barcha hisobvaraqlarning asosiy va yordamchi kitoblarda joylashuvini osonlashtirish;
ikkinchidan, hisobvaraqlarni guruhlash va tasniflash;
to’rtinchidan, operatsiyalar bo’yicha yozuvlarni bajarishni tezlashtirishni ta’minlash mumkinligi hisobga olingan.
Rejadagi hisobvaraqlar Bosh daftar uchun beshta raqamdan iborat qilib kodlashtirilgan. Hisob varaqlarning nomerlanish quyidagicha.
S
MM
SS
S - hisobvaraq kategoriyasini bildiradi ya’ni
1 – aktivlar
2 – majburiyatlar
– kapital
– daromadlar
– xarajatlar
- ko’zda tutilmagan holatlar.
MM - yuqorida sanab o’tilgan kategoriyalardan biriga qarashli asosiy hisobvaraq
01 - asosiy hisobvarag’i naqd pullarni bildiradi ya’ni, bank aktivlaridan biri bo’lgan naqd pullar.
SS - asosiy schetga qarashli bo’lgan subschet
Masalan 10000 - aktivlarni bildiradi
- aktivga qarashli naqd pullarni bildiruvchi asosiy schet
- kassadagi naqd pullarni bildiruvchi schet
Demak, 1 – aktivlar
01 - naqd pullar
01 - kassadagi naqd pullar
Barcha kategoriyaga qarashli asosiy va subschetlar xuddi shunday tartib nomerlanadi.
Barcha aktivlar 39 asosiy schetga bo’linadi, har bir asosiy schet ham bir necha subschetdan iborat. Masalan: 10100 - asosiy schet “naqd pullar va boshqa kassa hujjatlari” deb nomlanadi va quyidagi subschetlarni o’z ichiga oladi:
10101 - kassadagi naqd pullar
10105 - cheklar va boshqa kassa hujjatlari
10109 - yo’ldagi pullar
Xuddi shunday misolni «Majburiyatlar» kategoriyasi bo’yicha ko’rib chiqamiz. Bank passivlari talab qilib olinadigan (muddatsiz) depozitlardan boshlanadi:
ya’ni, 20200 - talab qilib olinadigan depozitlar bunda
2 - majburiyatlar kategoriyasini, 02 esa shu passivlarga tegishli asosiy hisobvaraqni bildiradi. Ushbu asosiy hisobvaraq bir qancha yordamchi hisobvaraqlarni (subschetlarni) o’z ichiga oladi:
20202 - hukumat va mahalliy hokimiyatining talab qilib olinadigan depozitlari
20204 - jismoniy shaxslarning talab qilib olinadigan depozitlar
20206 - xususiy shaxslarning talab qilib olinadigan depozitlari
20208 - xususiy korxonalar va nodavlat korporatsiyalari talab qilib olinadigan depozitlari
20210 - davlat korxonalarining talab qilib olinadigan depozitlari
20212 - jamoat tashkilotlarining talab qilib olinadigan depozitlari
20214 - qo’shma korxonalarning talab qilib olinadigan depozitlari
20216 - nobank moliya institutlarining talab qilib olinadigan depozitlari
20218 - yuridik shaxs maqomiga ega bo’lmagan tadbirkorlarning talab qilib olinadigan depozitlari
20296 - boshqa talab qilib olinadigan depozitlar
Demak, 20200 - talab qilib olinadigan bo’yicha asosiy hisobvaraq 6ta yordamchi hisobvaraqni o’z ichiga olar ekan. Yuqorida sanab o’tgan depozit hisobvaraqlarining hammasi korxona va tashkilotlarining hisob-kitob schetlariga tenglashtirilgan bo’lib, ular orqali mijozlarining hisob-kitob, kassa, ssuda va boshqa operatsiyalari o’tkaziladi.
Korxona va tashkilotlar o’zlarining ortiqcha pul mablag’larini jamg’armali (20400) yoki muddatli (20600) depozitlarda saqlashlari mumkin. Bu asosiy hisobvaraqlar ham talab qilib olinadigan depozitlar hisobvaraqlari kabi nomerlanib, o’z ichiga yuqorida ko’rsatilgani kabi bir qancha qo’shimcha hisobvaraqlarni oladi. Hisob varaqlar rejasining qolgan bo’limlari ham huddi shunday tartibda nomerlanadi..