Amirlikning hududi, ma’muriy tuzilishi va aholisi. O‘rta Osiyo xonliklari ichida Buxoro amirligi alohida mavqyeiga ega bo‘lgan, katta hududlarni egallagan davlat edi. Manbalarga ko‘ra, XVIII asrning o‘rtalariga kelib Buxoro amirligi hududlarida birmuncha o‘zgarishlar sodir bo‘ladi. Bu davrda Buxoro hukmdorlari o‘z tasarruflarida Buxoro shahri va uning atrofidagi Vobkent, G‘ijduvon, Qorako‘l, Vag‘oza tumanlari, Qashqadaryo va Miyonqol vohalarini saqlab qololgan edilar. Xo‘jand, Toshkent, Hisor vaqti-vaqti bilan esa G‘uzor, Shahrisabz, Nurota, shuningdek Amudaryoning o‘ng sohilidagi Balx, Andxay, Maymana, Badaxshon va Shibirg‘onlar ham Buxoroga vassal bo‘lishiga qaramay unga itoat etmay qo‘yganlar.Siyosiy parokandalikning asosiy sababi – so‘nggi ashtarxoniylar davridagi o‘zaro kurshalar, markazdan qochuvchi kuchlar mavqyeining o‘sishi edi.
XVIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab, ya’ni mang‘itlar sulolasi hukmronligi o‘rnatilgach, Buxoro amirligi yana asta-sekin mustahkamlana boshlaydi. Shu asrning 70-80 yillariga kelib Buxoro amirligining markaziy hududini Samarqand va Buxoro shaharlarini o‘z ichiga olgan Zarafshon vohasi tashkil qilar edi. XIX asrning boshlariga kelib Buxoro amirligi hududiga Zarafshon hamda Qashqadaryo vohalaridan tashqari Surhon vohasi, Hisor, Xo‘jand, O‘ratepa, Panjikent kabi aholi zich joylashgan tumanlar, Janubiy Turkmanistonning katta qismi, jumladan Chorjo‘ydan to Murg‘ob daryosigacha bo‘lgan hududlar kirar edi. Bu davrda Buxoro amirligi hududlarining kengayishiga asosiy sabab – mang‘itlar sulolasining markazlashgan davlat barpo etishga intilishi edi. XIX asr boshlarida Buxoro amirligi bir tomondan Eron va Afg‘oniston,ikkichi tomondan Xiva xonligi, uchinchi tomondan qozoq juzlari va to‘rtinchi tomondan Qo‘qon xonligi hududlari bilan chegaradosh edi.
Buxoroning so‘nggi amiri Sayyid Amir Olimxonning 1927 yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, XX asr boshiga kelib “Buxoro mamlakati Amudaryoning sharqiy sohillaridan, ya’ni, Rossiya Pomiridan to Xivaning keng davlatlarigacha cho‘zilib boradi. Buxoro shimol tarafdan Qizilqum sahrosi bilan, g‘arb tarafdan Sirdaryo hamda Xo‘qand xonligi bilan, janubda esa Afg‘oniston, Sharqda turkman o‘lkasi hamda Xiva dashti bilan chegaradosh ”
XIX asrning 50-yillarida Buxoro amirligi bir necha viloyatlardan tashkil topgan bo‘lib,ulardan Buxoro va Samarqand o‘z navbatida tumanlarga bo‘lingan edi. Viloyat hukumdorlari hokim deb atalgan. Keyinchalik viloyat o‘rniga bekliklar paydo bo‘lgach ularning hukmdorlari bek deb atalgan. Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, bu davrda Buxoro amirligida 44 ta beklik mavjud bo‘lgan.
Mirzo Badi Devonning “Majma’ ul-arqom” asaridagi ma’lumotlarga ko‘ra,amirlik quyidagi ma’muriy-hududiy bo‘laklarga: 100 ming tanobdan iborat sug‘oriladigan yer tumanga, 50 ming tanobdan iborat sug‘oriladigan yer hazoraga, 25ming tanob sug‘oriladigan yer nimhazoraga, 10-15 ming tanob sug‘oriladigan yer obxo‘riga, 400 tanob sug‘oriladigan yer qariyaga, 300 tanob sug‘oriladigan yer ma’razaga (ekinzor) bo‘lingan. Bunday tartibda bo‘linish bo‘yicha xiroj,zakot va boshqa turdagi soliqlarni yig‘ish va olish qulay bo‘lgan.
Tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, mahalliy ma’muriyat namoyondalari mavzeni qishloq va masjidlardan kattaroq hududiy bo‘linma deb ta’riflanganlar. Misol uchun, Karki viloyati mavzelarga bo‘linsa ham ular o‘z navbatida bekchalarga bo‘lingan, bekcha qishloqlardan iborat bo‘lgan. Pomir viloyatlaridagi Ro‘shon va Shug‘non ma’muriy tumanlari oqsoqollik deyilgan. Aholi yashaydigan punktlar manbalarda uchta atama- qishloq, mavze, daha nomlari orqali qayd etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra,Buxoro amirligi aholisi XVIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab tez ko‘paya boshlaydi. XIX asrning boshlariga kelib amirlik aholisi taxminan 2 mln.dan oshiq, 50-yillariga kelib taxminan 2,5mlndan ortiq kishini tashkil etgan. Buxoro shahrida taxminan 60 mingdan ziyodroq, Samarqanda shahrida esa taxminan 50 mingdan ortiq aholi istiqomat qilgan.
Amirlik aholisning katta qismini o‘zbeklar tashkil qilgan bo‘lib,juda ko‘plab o‘zbek urug‘lari vakillari amirlikning deyarli barcha hududlarida yashaganlar. Aholi tarkibidagi tojiklar Samarqand,Buxoro, Nurota, Urgut, Kitob kabi shaharlarda, tog‘li tumanlarda, jumladan, Panjikent, Vaxsh, Hisor, Qorategin, Ko‘lob, Shahrisabz, Qobadiyon, Yakkabog‘ bekliklarida, Zarafshonning yuqori qismida istiqomat qilganlar.
Turkmanlar ham Buxoro amirligi aholisining son jihatdan katta qismini tashkil etganlar. Ular amirlikka qarashli bo‘lgan Amudaryoning ikki qirg‘og‘ida joylashgan yerlarda, ya’ni, amirlikning janubiy va g‘arbiy hududlarida istiqomat qilishgan. Buxoro amirligi hududida aholining kichik qismini arablar tashil etgan bo‘lib,ular asoan Qarshi va Sherobod bekliklarida yashaganlar.