Buxoro davlat pedagogika instituti 1 mi-22S guruh talabasi Hasanov Lazizbek O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanidan tayyorlagan mustaqil ishi



Yüklə 0,62 Mb.
tarix16.05.2023
ölçüsü0,62 Mb.
#113778
Mustaqillik deklaratsiyasining qabul qilinishi va uning tarixiy

Buxoro davlat pedagogika instituti 1 MI-22S guruh talabasi Hasanov Lazizbek O‘zbekistonning eng yangi tarixi fanidan tayyorlagan MUSTAQIL ISHI

Mustaqillik deklaratsiyasining qabul qilinishi va uning tarixiy ahamiyati


O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi 1990-yil 20-iyunda sobiq SSSR tarkibiga kiritilgan respublikalar ichida birinchilardan bo‘lib «Mustaqillik deklaratsiyasi»ni qabul qildi.
Bu hujjatning tarixiy ahamiyati shundan iboratki, u o‘zbek davlatchiligi tarixidagi birinchi tinch yo‘l bilan o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi to‘g‘risidagi hujjat edi. Unga ko‘ra, o‘zbek xalqi davlat boshqaruvida har bir millatning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini va farovon hayot kechirishini ta’minlashni oliy maqsad deb o‘z zimmasiga olgan holda, xalqaro huquq qoidalariga asoslanib, o‘zining «Mustaqillik deklaratsiya»sini e’lon qildi. Va bundan buyon O‘zbekiston o‘zining tashqi munosabatlarida, davlat hokimiyati masalalarini hal etishda tanho hokimligini, uning chegaralari va hududi daxlsiz ekanligi, o‘z taraqqiyot yo‘lini, o‘z nomini, davlat ramzlarini (gerb, bayroq, madhiya) o‘zi ta’sis etishi va demokratik huquqiy davlat tashkil topganligini butun dunyoga ma’lum qildi.

Davlat va jamiyat hayotidagi muammolarni tezkorlik bilan hal etish kechiktirib bo‘lmas ahamiyatga ega edi. Chunki o‘sha vaqtlarda SSSRning taqdiri hal bo‘layotgan edi. Markaz rahbarlari xalqni har xil siyosiy yo‘llar va kuch bilan qo‘rqitib, ittifoqni saqlab qolishga harakat qilayotgan edilar. O‘sha davrda ittifoqni tish-tirnog‘i bilan saqlab qolishga intilayotgan qora kuchlar milliy nizolarni avj oldirish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solgan.


1990- yil 18- iyun kuni XII chaqiriq respublika Oliy Kengashining ikkinchi sessiyasi ochildi. Deputatlarning taklifi bilan O‘zbekistonning Mustaqillik deklaratsiyasini qabul qilish masalasi sessiya kun tartibiga kiritildi. Oliy Kengashning doimiy komissiyalari, faol deputatlar va huquqshunos mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan Mustaqillik deklaratsiyasi matni sessiyada qizg‘in muhokama qilindi va 20- iyun kuni qabul qilindi. Mustaqillik deklaratsiyasi 12 moddadan iborat bo‘lib, ularda xalqimizning xohish-irodasiga to‘la mos keladigan quyidagi muhim tartib-qoidalar belgilab qo‘yildi:
„O‘zbekiston SSR Oliy Kengashi: — o‘zbek xalqining davlat qurilishidagi tarixiy tajribasi va tarkib topgan boy an’analari; — har bir millatning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini ta’minlashdan iborat oliy maqsad haqi; — har bir kishining farovon hayot kechirishini ta’minlashni oliy maqsad deb bilgan holda; — O‘zbekiston xalqlarining kelajagi uchun tarixiy mas’uliyatni chuqur his etgan holda; — xalqaro huquq qoidalariga, umumbashariy qadriyatlarga va demokratiya prinsiplariga asoslanib O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasining davlat mustaqilligini e’lon qiladi“.
O‘zbekiston SSR ning davlat mustaqilligi:
• O‘zbekiston SSR demokratik davlatining o‘z hududida, barcha tarkibiy qismlarida va barcha tashqi munosabatlarda tanho hokimligidir.
• O‘zbekiston SSRning davlat hududi chegarasi daxlsiz va bu hudud xalqning muhokamasiga qo‘yilmay turib, o‘zgartirilishi mumkin emas.
• SSSR Oliy Soveti qabul qiladigan qarorlar O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasiga muvofiq O‘zbekiston SSR Oliy Kengashitomonidan tasdiqlangandan keyingina O‘zbekiston hududida kuchga ega bo‘ladi.
• O‘zbekiston SSR davlat hokimiyati vakolatiga O‘zbekiston SSR ichki va tashqi siyosatiga tegishli barcha masalalar kiradi.
• O‘zbekiston SSR xalqaro huquqning asosiy prinsiplarini tan oladi, hurmat qiladi va hokazo. Mustaqillik deklaratsiyasining qabul qilinishi mamlakatimizning tom ma’nodagi, haqiqiy mustaqillikka erishish yo‘lida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Shundan e’tiboran mamlakatimizning siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy hayotiga doir masalalar mustaqil tarzda hal etila boshlandi. O‘zbekistonning mustaqillik sari intilayotgani uning yangi Ittifoq shartnomasini ishlab chiqish jara-yoniga respublika manfaati nuqtayi nazaridan kelib chiqqan holda, qat’iylik bilan yondashayotganida yaqqol namoyon bo‘ldi. Sobiq Ittifoqqa kiruvchi respublikalar rasman teng va suveren deb yuritilsa-da, amalda qaram edilar. Ular o‘z yerlari, suvlari, o‘rmonlari va yerosti boyliklariga, ko‘pdan ko‘p korxonalariga o‘zlari egalik qilolmas edilar. 80- yillarning oxirlari, 90- yillarning boshlarida ko‘pchilik respublikalar mavjud vaziyatni o‘zgartirish talablarini ilgari sura boshladilar.
O‘zbekiston Respublikasining rahbari I. A. Karimov 1989- yil 20- sentabrda Moskvada bo‘lib o‘tgan KPSS MQ sining plenumida so‘zlagan nutqida respublikalar bilan Ittifoq o‘rtasidagi vakolatlarni aniq-ravshan ajratib qo‘yishni ko‘zda tutadigan yangi shartnoma ishlab chiqish zarurligi to‘g‘risida o‘z fikrini bildirib: „ Biz Ittifoq va respublikalarning vazifalarini, burchlarini va o‘zaro majburiyatlarini aniq-ravshan belgilab qo‘yish, respublikalar mustaqilligini har jihatdan mustahkamlash tarafdorimiz“, — degan edi. Biroq markaziy hokimiyat respublikalarga erkinlik berish haqidagi talab-takliflarni e’tiborga olishni istamas, to‘g‘rirog‘i ularga erkinlik berishni xohlamas edi. Markazning qaysarligi hamda respublikalar jamoatchiligining ta’siri ostida markazdan ajralish harakati kuchayib bordi. 1990- yil bahorida Boltiqbo‘yidagi Latviya, Litva, Estoniya Respublikalari, keyinroq Gruziya va Ozarbayjon Respublikalari Ittifoq tarkibidan chiqqanligini e’lon qildilar. Ittifoq bo‘yicha o‘z milliy davlat tuzilmalaridan tashqarida yashayotgan 60 milliondan ortiq aholi milliy-etnik muammolar, mojarolarga duchor bo‘ldi. Rossiya, Ukraina, Belarus parlamentlari davlat suvereniteti to‘g‘risida deklaratsiya qabul qildilar. Ittifoqdosh respublikalar ketidan RSFSR ga kiruvchi muxtor respublikalar ham suverenitet haqida deklaratsiyalar qabul qilishdi.
O‘zbekiston rahbariyati referendum natijalariga asoslanib, respublikalarga to‘la mustaqillik berishni ko‘zlamaydigan shartnoma loyihasini rad etdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimov O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining 1991- yil 12- martda bo‘lgan IV plenumida so‘zlagan nutqida: „ Ittifoq shartnomasini imzolash uchun eng qulay payt qo‘ldan boy berib qo‘yildi. Ikki yil muqaddam bu masalani ko‘targan kishilarning ovoziga hech kim quloq solmadi. Markaz 1922- yildagi shartnomaga mahkam yopishib olib, oqilona takliflarni qabul etmadi, ishni paysalga soldi“, — degan edi. Bu fikrning to‘g‘riligini hayot to‘la isbotladi. 1991- yil aprelda Kiyevda Ukraina, Rossiya, Belarus, O‘zbekiston, Qozog‘iston Respublikalari rahbarlarining uchrashuvi bo‘ldi. Uchrashuvda mustaqil respublikalar manfaatlariga mos keladigan Ittifoq shartnomasini tuzishga yondashish yo‘llari ishlab chiqildi va tegishli bayonot imzolandi. Bu hujjatni Qirg‘iziston, Тojikiston, Тurkmaniston Respublikalari ham imzolashga rozilik bildirdi.
1991- yil 21- avgustda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z farmoni bilan O‘zbekiston hududida hokimiyat va boshqaruv idoralari, korxonalar, tashkilotlar hamda muassasalarning qabul qilgan barcha qarorlari va ularning ijrosi SSSR va O‘zbekiston SSR Konstitutsiyalariga hamda qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonlariga va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga so‘zsiz mos kelishi kerak, deb belgilab qo‘ydi. Farmonda SSSR da favqulodda holat davlat qo‘mitasining SSSR Konstitutsiyasi hamda qonunlariga, O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasi hamda qonunlariga zid keladigan farmonlari va qarorlari haqiqiy emas, deb belgilab qo‘yildi. Fitnachilarning qonunga xilof ravishda urinishlari natijasida 1991- yil 19—21- avgust kunlari Moskvada fojiali hodisalar ro‘y berdi. Rossiya Federatsiyasi rahbariyati tashabbusi bilan demokratik kayfiyatdagi Moskva aholisi tomonidan fitna bostirildi. Fitnani uyushtiruvchilar qamoqqa olindi. M.S.Gorbachyov Prezidentlik lavozimiga qaytib keldi. Biroq mamlakatdagi siyosiy vaziyat tang ahvolga tushib qoldi. Markaziy hokimiyat falaj bo‘lib qoldi. Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasi ham halokatga uchradi. I. A. Karimov Favqulodda holat davlat qo‘mitasi faoliyatiga o‘z munosabatini bildirmagan, qo‘rqoq va prinsipsiz mavqeda turgan KPSS Markaziy Qo‘mitasi Siyosiy Byurosi va Kotibiyati yuz minglab kommunistlarning sha’ni va qadr-qimmatini zarba ostiga qo‘yganini qoraladi. Buning ustiga respublika kommunistlarini chalg‘itishga va davlat to‘ntarishini qo‘llab- quvvatlashga majbur qilishga urinish bo‘lganini oshkora aytdi
1991- yil 31- avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari oltinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada O‘zbekiston Prezidenti I. A. Karimov nutq so‘zlab, sobiq Ittifoqda so‘nggi paytlarda yuz bergan ijtimoiy-siyosiy voqealarni, davlat to‘ntarishiga antikonstitutsiyaviy urinish oqibatlarini tahlil qilib, ular O‘zbekiston taqdiriga, xalqimiz taqdiriga bevosita daxldor ekanligini har tomonlama asoslab berdi.
Prezident I. A. Karimov O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligini e’lon qildi va uni mustaqillik to‘g‘risidagi qonun bilan mustahkamlashni taklif etdi.
Sessiyada „O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi to‘g‘risida Oliy Kengash Bayonoti“ qabul qilindi.
O‘tmishdan saboq chiqarib va SSR Ittifoqining siyosiy hamda ijtimoiy hayotidagi o‘zgarishlarni e’tiborga olib, — xalqaro huquqiy hujjatlarda qayd etilgan o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqiga asoslanib, — O‘zbekiston xalqlarining taqdiri uchun butun mas’uliyatni anglab, — shaxsning huquq va erkinliklari, mustaqil davlatlar o‘rtasidagi chegaralarning buzilmasligi to‘g‘risidagi Xelsinki shartnomalariga qat’iy sadoqatini bayon etib, — millati, diniy e’tiqodi va ijtimoiy mansubligidan qat’i nazar, respublika hududida yashovchi har bir kishining munosib hayot kechirishini, sha’ni va qadr-qimmatini ta’minlaydigan insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishga intilib, — Mustaqillik deklaratsiyasini amalga oshira borib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi O‘zbekistonning Davlat mustaqilligini va ozod suveren davlat — O‘zbekiston Respublikasi tashkil etilganligini tantanali ravishda e’lon qiladi.
1- sentabr O‘zbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni deb belgilansin va 1991- yildan boshlab bu kun bayram va dam olish kuni deb e’lon qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Qaroridan.
Oliy Kengash „O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida“ Qonun qabul qildi. Bu qonun 17 moddadan iborat bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligini huquqiy jihatdan mustahkamlab berdi. Qonunning birinchi moddasida: „O‘zbekiston Respublikasi o‘z tarkibidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan birga, mustaqil, demokratik davlatdir“, — deb qonunlashtirib qo‘yildi. Qonunda O‘zbekiston Respublikasining xalqi suverendir va respublikada davlat hokimiyatining birdan bir sohibidir.
U o‘z hokimiyatini ham bevosita, ham vakillik idoralari tizimi orqali amalga oshiradi, deb belgilab qo‘yildi. Mustaqillik asoslari to‘g‘risidagi qonunda O‘zbekiston Respublikasi to‘la davlat hokimiyatiga ega, o‘zining milliy davlat va ma’muriy-hududiy tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv idoralari tizimini mustaqil belgilaydi, davlat chegarasi, hududi daxlsiz va bo‘linmas bo‘lib, uning xalqi o‘z xohish-irodasini erkin bildirmasdan turib o‘zgartirilishi mumkin emas, deb qat’iy qonunlashtirib qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991- yil noyabrda bo‘lgan VIII sessiyasi davlat mustaqilligi masalasi bo‘yicha referendum o‘tkazish haqidagi masalani ko‘rib chiqdi. Oliy Kengash sessiyasi 1991- yil 18- noyabr kuni „O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish to‘g‘risida“ Qaror qabul qildi. Qarorda 1991- yil 29- dekabr, yakshanba kuni O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi masala bo‘yicha referendum o‘tkazish belgilandi.
„O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan e’lon qilingan O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligini ma’qullaysizmi?“
Referendumda ovoz berish byulleteniga kiritilgan savol ana shunday ta’riflangan edi. Referendumga puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Markaziy saylov komissiyasi, 13 saylov okrugi, 7 ming uchastka saylov komissiyasi tuzildi. 1991- yil 29- dekabr kuni bo‘lib o‘tgan referendumda 9 898 707 kishi yoki saylov ro‘yxatiga kiritilganlarning 94,1 foizi qatnashdi. Ovoz berishda qatnashganlarning 98,2 foizireferendumda qo‘yilgan savolga „Ha“, ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini ma’qullaymiz, deb ovoz berdi.
1990-yil 20-iyunda O‘zbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan. Joriy yilning 20-iyun sanasida ushbu tarixiy hujjat qabul qilinganiga 30 yil to‘ladi. Bu hujjatning tarixiy ahamiyati eng avvalo, mamlakatimizning o‘z taqdirini o‘zi belgilashi, erkin tafakkur asosida yashash, fikrlash, milliy va umumbashariy qadriyatlarga tayanib ish ko‘rish kabi jihatlar bilan izohlanadi. Mustaqillik deklaratsiyasida mamlakatimiz hududida asrlar davomida shakllangan davlatchilik, fan-ta’lim va madaniy taraqqiyot borasidagi boy tajriba va an’analari o‘z aksini topgan. Mazkur hujjatning murakkab sharoitlarda qabul qilinishi O‘zbekistonning mustaqillikka erishish sari tashlangan qat'iy va muhim qadami bo‘ldi. Shu ma’noda, Mustaqillik deklaratsiyasi nafaqat huquqiy, balki jamiyat va davlat hayoti hamda O‘zbekistonda yashovchi har bir fuqaroning bugungi munosib hayotini va ertangi taqdirini belgilab beruvchi siyosiy hujjatdir.
Mustaqillikning o‘tgan davri mobaynida mamlakat ichki siyosiy tizimida davlat hokimiyati idoralari faoliyati demokratik tartib-qoida va an’analar asosida qayta tashkil qilindi. Xususan, qonunchilik, ijro va sud hokimiyatlari tashkil topdi. Mamlakatda siyosiy plyuralizmga asoslangan ko‘ppartiyaviylik tizimi shakllantirildi, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, mustaqillik deklaratsiyasining tarixiy ahamiyatini yana bir bor e’tirof etgan holda, uning zamirida mamlakatimizda yashayotgan har bir fuqaro o‘z taqdiriga va mamlakat kelajagiga nisbatan yuksak mas’uliyatni his qilgan holda yondashishi lozimligi g‘oyasi yotadi.

E’TIBORINGIZ UCHUN RAHMAT


Yüklə 0,62 Mb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin