Mavzuning o`rganilish darajasi
O‘quvchi dasturda belgilangan DTS talablarini hamma vaqt ham risoladagiday uddalay olmasligi mumkin. Buning bosh sababi, o‘quvchilarning quyi sinflarda yoki oldingi mavzularda o‘rganishi kerak bo‘lgan bilim, ko‘nikma va malakalarida bo‘shliq yuzaga kelganidir. Bu bo‘shliq barcha uchun bir xil — standart bo‘lmaganidan bu masalaga har bir o‘qituvchi individual — ijodiy yondashishiga to‘g‘ri keladi.
Odatda, yuqori sinf o‘qituvchilarining boshlang‘ichdan qabul qilib olgan o‘quvchilari karra jadvalini bilmasligi yoki o‘qish tezligi minimum talabga javob bermasligi haqidagi shikoyatlarini ko‘p eshitamiz. Bu sifatsiz saboq “meva”larini tengqurlari darajasiga yetkazish deyarli imkonsiz, chunki yuqori sinf o‘qituvchisining bunday o‘quvchi bilan karra jadvali yoki o‘qish tezligi borasida shug‘ullanishdan ham ko‘ra muhimroq muammolari yetarli bo‘ladi. Shu bois ham bugungi maktab bitiruvchilarining anchaginasi savodi “g‘ovlaganlar” safida bosh egib turai. Bejiz qozoq xalqining ulug‘ oqini Abay: “Ishning omadi — o‘z vaqti”, demagan.
Mavzuning yangiligi
Diktant nisbatan mo‘tadil yozma ish turi sanaladi. Uni a’lo bahoga yozish unchalik qiyinchilik tug‘dirmaydi. Yozma ishning bu turida o‘quvchining erkin fikrlashiga zarurat sezilmaydi, chunki tayyor matn aytib turiladi va o‘quvchi yozaveradi. Shu o‘rinda hatto diktovka (o‘qib yozdirish) talablarini barcha o‘qituvchilar ham bilmasligi haqida aytmoqchimiz. Diktovka jarayonida yuqori sinf o‘quvchilariga bo‘g‘inlab, quyi sinf o‘quvchilariga so‘z yoki jumla ta’kidlab o‘qilayotgan, noto‘g‘ri talaffuz qilinayotgan, noto‘g‘ri to‘xtam holatlariga duch kelyapmiz. Ba’zan o‘quvchining faqat o‘z o‘qituvchisi diktovkasiga ko‘nikma hosil qilganini ko‘ramiz. Bilimlar bellashuvlarida notanish o‘qituvchining diktovkasi o‘quvchilarni esankiratib qo‘ygan holatlar kuzatilmoqda
Mavzuning ilmiy-amaliy ahamiyati
O‘quvchi savodxonligini oshirishda eng muhim manba sanalgan diktant va bayonlar to‘plamlari, yuqori tashkilotlardan nazorat yo‘rig‘ida kelayotgan yo‘riqnomalar savodxonligi xususida ikki og‘iz gapirish o‘rinlidir. Amaldagi diktant va bayonlar to‘plamlaridan ehtiyot bo‘lib foydalanish lozim, chunki biror matn yo‘qki, uni imloviy, punktuatsion yoki uslubiy tuzatishlardan birisiz foydalanib bo‘lsa. Bu xulosalarimizga atayin misollar keltirmaymiz, chunki bu xatoliklarni na mualliflar, na nashriyot bo‘yniga oladi. Bundan tashqari, ulardan foydalanayotgan salgina savodi bor mutaxassis, bu iddaoga isbot qidirish zaruratini sezmaydi.
Dostları ilə paylaş: |