U.I.Inoyatovning ta’kidlashicha, ta’lim muassasasi rahbarlarining bilimi, ko‘nikma va malakalari darajasini baholash mezonida baholashning alohida ko‘rsatkichlari sifatida quyidagilarga e’tibor qaratiladi:
1. Kvalifikatsiya – bu rahbarning pedagogika sohasidagi bilimi, ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish, ta’lim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari hamda xodimlarning pedagogik va psixologik xususiyatlari, mutaxassisligi hamda kasbiga nisbatan qo‘yilayotgan ijtimoiy meyor va talablarni bilishi, shuningdek, bo‘lajak mutaxassis kvalifikatsiyasi hamda ta’lim muassasasini boshqarishning nazariy asoslari yo‘nalishida tushunchalarga ega bo‘lishi.
2. Kasbiy mahorat – bu mavjud yagona pedagogik talablar asosida, pedagogik xodimlar hamda o‘quvchilarning imkoniyatlarini o‘rganib, ularni hisobga olgan holda, maktab jamoasini shakllantirish, uning faoliyatini muvofiqlashtirish, jamoa oldida turgan vazifalarni bajarishda mavjud muammolarni va masalalarni hal etish yo‘llarini ko‘rsatish; jamoatchilik tashkilotlarini tuzish va ularni maktabni boshqarish ishlariga jalb etish; o‘zaro munosabatlarni muvofiqlashtirish asosida pedagogik xodimlar bilan ta’lim oluvchilarning hamkorlikdagi faoliyatini tashkil etish, tanqid va o‘z-o‘zini tanqid zaruriyatini hisobga olgan holda ularning xatti-harakatlarini muvofiqlashtirish, tartib-intizomni va uyushqoqlikni saqlash; boshqaruv faoliyatining maqsad va vazifalarini belgilash; maktab jamoasi faoliyati hamda pedagogik xodimlarning faoliyatini baholash mezonlarini ishlab chiqish yo‘nalishlaridagi ijtimoiy-psixologik ko‘nikma va malakalardan iborat.
3. Faoliyat unumdorligi – bu ta’lim oluvchilarning davlat ta’lim standartlari asosidagi o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari.
Yuqorida keltirilgan ma’lumotlarga asoslangan holda aytish mumkinki, rahbarlar ta’lim sifatini oshirishda innovatsion yondashuvlarga asoslanishi, kasbiy ahamiyatga ega bo‘lgan shaxsiy sifatlarga ega bo‘lishi, ixtiyoriy vaziyatlarda o‘zini-o‘zi nazorat qila olishi, shuningdek, ta’lim muassasasida hukm suruvchi tarbiyaviy munosabatlarni e’tiborga olgan holda faoliyat olib borishi, turli xil masalalarni va muammolarni hal etishda mavjud huquqiy-meyoriy mezonlarga asoslanishi zarur bo‘lib, bular rahbarning boshqaruv yo‘nalishida kompetentliligini ifodalaydi.
Boshqaruvda kompetentlilik rahbarlarning ma’naviy dunyoqarashi, psixologik-pedagogik va tashkiliy-texnologik salohiyati, ya’ni uning kasbiy imkoniyatlari salohiyatini tasvirlaydi. Mazkur salohiyatni maktabgacha ta’lim muassasalari rahbarlari boshqaruv faoliyati jarayonining o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda boshqaruv faoliyati jarayonining holati va samaradorligi orqali aniqlash mumkin bo‘ladi.