V.P.Toporovskiyning fikricha, boshqaruvda kompetentlilik rahbarning boshqaruv yo‘nalishidagi tushunchalari darajasi, uning individual qobiliyatlari va malakasi, o‘zini-o‘zi rivojlantirishga va uzluksiz mustaqil ta’lim olishga bo‘lgan moyilligi, intilishlari, shuningdek, zamonaviy talablar asosida ta’lim muassasasini boshqarish imkoniyatlari orqali aniqlanadi.
A.K.Makarov boshqaruvchining kasbiy tayyorgarligining asosi kompetentlilik deb belgilagan holda, uning ikki yo‘nalishini, ya’ni ma’lum bir soha bo‘yicha kasbiy va shaxsiy kompetentlilikni ajratib ko‘rsatadi. Birinchisi – bu kasbiy bilim, ko‘nikma va malakalarni egallashdagi yetuklik, ikkinchisi – qator zaruriy umuminsoniy sifatlarga erishish.
Tadqiqotlarda UO‘TM direktori shaxsi komponentlaridan biri sifatida boshqaruvda kompetentlilik keltirilib, boshqaruvda kompetentlilik yo‘nalishida maktab direktori ta’lim muassasasini boshqarishda tizimli yondashuvni tatbiq etish; boshqaruv funksiyalari, vositalari, metodlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini va ularni amalga oshirish usullarini; rahbarlik uslublari va ulardan oqilona foydalanishni; maktab va sotsium o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning asoslarini; meyoriy hujjatlar bilan ishlash va maktab faoliyatining reglamenti asoslarini; ta’lim menejmenti asoslarini; axborot texnologiyalari va kommunikatsion vositalardan foydalanishni; ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish masalalarini; davlat ta’lim standartlari va ularni amaliyotga tatbiq etish mezonlarini; ta’lim muassasasi faoliyati monitoringini yuritishni; axborotlar to‘plash metodlari va ulardan foydalanishni; personalni boshqarish, ish yuritish va buxgalterlik hisobi asoslarini bilishi va mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha zaruriy tushunchalarga ega bo‘lishi ko‘rsatiladi.
Yuqorida keltirilgan ma’lumotlarda pedagog kadrlarning kasbiy kompetentliligini ikki tizim, ya’ni bilishi zarur bo‘lgan tushunchalar va o‘zlashtirishi zarur bo‘lgan ko‘nikmalar orqali ifodalanayotganini, aniqrog‘i rahbarlarda shakllanishi zarur bo‘lgan bilim va ko‘nikmalar orqali tavsiflanayotganini inobatga olib, rahbarlar ta’lim muassasasida hamkorlikdagi boshqaruvni tashkil etish, pedagog xodimlarni kasbiy va shaxsiy jihatdan rivojlantirish, ma’naviy boyitish hamda intellektual qobiliyatlarini yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan qulay ta’limiy muhitni barqarorlashtirishi zaruriyatidan kelib chiqib, rahbarlar kasbiy kompetentliligining quyidagi asosiy komponentlarini ajratib ko‘rsatish mumkin:
o‘z faoliyati va ta’lim muassasasi faoliyati samaradorligini tahlil qilish va obyektiv baholashga xizmat qiluvchi refleksiv ko‘nikmalar;
o‘z faoliyati va o‘zaro munosabatlar jarayonidagi xatti-harakatlarining natijalarini hamda tarbiyaviy munosabatlar jarayoniga tayyorgarligini his etishni ifodalovchi oldindan ko‘rish ko‘nikmalari;
boshqaruv jarayonlarida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan muammoli vaziyatlarda subyektlar faolligini ta’minlash va faoliyatini muvofiqlashtirish ko‘nikmasi;
boshqaruv jarayonlarida mavjud sun’iy to‘siq va qarama-qarshiliklar jamoadagi ongli intizomga salbiy ta’sir ko‘rsatishining oldini olish ko‘nikmasi;
hamkorlikda faoliyat ko‘rsatish va vaziyatlarga ko‘ra rahbarlik uslublaridan oqilona foydalanish ko‘nikmasi;
muloqotga oson kirishish ko‘nikmasi;
kommunikativ kompetentlilik, ya’ni turli sharoitlarda insonlar bilan hamkorlikda faoliyat ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan o‘zaro ta’sir ko‘rsatish ko‘nikmasi;
axborotlar to‘plash, tahlil qilish, obyektiv baholash, qayta ishlash va axborotlar almashinish ko‘nikmasi;
o‘zini-o‘zi boshqarish va shaxsiy rivojlantirish ko‘nikmasi va h.k.
Demak, rahbarlarning kasbiy kompetentliligi ularning ta’lim muassasasi faoliyatini ilmiy asoslarda tashkil etish va boshqarish yo‘nalishidagi tushunchalari darajasi, tashkilotchilik, tadqiqotchilik, boshqaruvchilik, pedagogik qobiliyati va ko‘nikmasi, o‘zini-o‘zi rivojlantirishga va uzluksiz mustaqil ta’lim olishga bo‘lgan moyilligi, intilishlari, shuningdek, zamonaviy talablar asosida ta’lim muassasasi faoliyatini tashkil etish, boshqarish va takomillashtirish imkoniyatlari orqali aniqlanadi deb aytishimiz mumkin.
Yuqorida aytilganlarga muvofiq, rahbarlarning kasbiy kompetentliligi – bu ta’lim muassasasi faoliyatini tashkil etish, boshqarish va takomillashtirishda innovatsion yondashuvlarga asoslanadigan, kasbiy ahamiyat kasb etuvchi shaxsiy sifatlarga ega bo‘lgan, yuqori darajada o‘zini-o‘zi nazorat qila oladigan, boy falsafiy va ma’naviy dunyoqarashga, psixologik-pedagogik va tashkiliy-texnologik salohiyatga ega bo‘lgan, shuningdek, shaxslararo munosabatlarda tarbiyaviy munosabatlarni e’tiborga oladigan hamda vaziyatlarga ko‘ra turli xil muammolarni hal etishda mavjud huquqiy-meyoriy mezonlarga asoslanadigan, ta’lim jarayoni subyektlari faoliyatini ilmiy asosda tashkil etish va boshqarish, muvofiqlashtirish, faolligini ta’minlash, ta’lim muassasasi ilmiy-metodik ta’minotini yaxshilash, innovatsion texnologiyalarni amaliyotga joriy etish orqali ta’lim muassasasi faoliyatini takomillashtirish yo‘nalishida zaruriy bilim, ko‘nikma va malakalarga ega bo‘lgan mutaxassis shaxsini tavsiflaydi.
Masalan, biror-bir shaxs ezgu g‘oyalarga asoslangan qadriyatlar tizimi, xarakter, motivlar, muayyan sohaga doir bilimlardan xabardorligi, uslubi, xatti-harakatlari, ma’lum faoliyatni tashkil eta olish malakasiga ega bo‘lsa, ikkinchi bir shaxs ularga qarama-qarshi mazmunga ega xislatlarni o‘zida namoyon etadi. Quyida ijobiy va salbiy mazmunni ifodalovchi shaxsiy sifatlar tizimi keltiriladi.