Bogʻlanmagan bilirubin miqdori oshib borishda davom etaversa sekin astalik bilan gematoensefalitik barerdan oʻtadi va bosh miya hujayralari bazal yadrolarini zararlaydi va xavfli holat – bilirubinli ensefalopatiyaga sabab boʻladi.
Kasallik klinikasida eng avvalo bilirubinli intoksikatsiya belgilari: holsizlik, apatiya, bolaning uyquchanligi, monoton yigʻi ovozi, qayt qilish kabi simptomlar yuzaga chiqadi. Keyinchalik yadroli sariqlikka xos boʻlgan tipik belgilar: ensa mushaklari rigidligi, tana mushaklarinigg tirishishi, vaqti-vaqti bilan qoʻzgʻalib turishi, katta liqildoqning koʻtarilib qolishi, reflekslarning buzilishi, nistagm, bradikardiya, talvasalar kabi. Bunday patologik holat bir necha kundan bir necha haftagacha davom etadi va ushbu vaqt ichida markaziy nerv tizimining qaytmas zararlanishi roʻy beradi. Bolaning ahvoli 2-3 oydan soʻng yaxshilanadi, ammo bu “yolgʻon” boʻlib, 3-5 oylarga kelib bolada nevrologik asoratlar yuzaga chiqa boshlaydi: BSF (DSP), ZPR, karlik va boshqalar.
Chaqaloqlarda sariqlik diagnostikasi
Bola dunyoga kelishi bilanoq sariqlik tugʻruqxonalarda neonatolog yoki pediatr tomonidan aniqlanadi. Sariqlik darajasini baholashda Kramer shkalasidan foydalaniladi:
I daraja – yuz va boʻyinda sariqlik (bilirubin 80 mkmol/l);
II daraja – sariqlik kindikkacha tarqaladi (bilirubin 150 mkmol/l);
III daraja – sariqlik tizzagacha tarqaladi (bilirubin 200 mkmol/l);
IV daraja – sariqlik yuz, gavda, qoʻl va oyoqlargacha tarqaladi (300 mkmol/l);
V daraja – butun tana boʻylab tarqalgan sariqlik (bilirubin miqdori 300 mkmol/l).
Chaqaloqlarda sariqlikni aniqlashda umumiy qon analizi, qon biokimyoviy tekshiruvi, ona va bola qon guruhi, Kumbs testi, PTI, umumiy peshob tahlili, jigar sinamalari oʻtkaziladi. Gipotireozga shubha qilinganda tireoid gormonlar miqdori tekshiriladi T3, T4, TTG. Homila ichi infeksiyasi IFA va PSR tekshiruvlari yordamida aniqlanadi. Mexanik sariqlikni aniqlash maqsadida jigar UTT, MR-xolangiografiya, FGDS, qorin boʻshligʻi obzor rentgenogrammasi kabi tekshiruvlar oʻtkaziladi. Bolalar jarrohi va gastroenterolog koʻruvi ham talab etiladi.