Oilada farzand dunyoga kelgach, imkon qadar Alloh roziligi yo'lida qurbonlik uchun biron jonliq so'yiladi. Aqiqani chaqaloqning 21 kunligida yoki 4 oygacha bo'lgan vaqtida bajarish mumkin. Bu marosim oilaning imkoniyatidan kelib chiqib bajarilgani ma'qul.
"Chillasi chiqdi!"
Chilla davrida shom vaqtida kelgan mehmonlarga chaqaloq ko'rsatilmaydi. Kech tushishi bilan bolaning yuvilgan kiyimlari tashqarida qoldirilmaydi. Onaga ham shom vaqti tashqariga chiqish ma'n etiladi. Chillaning 40-kuni esa yoshi ulug' buvilar tomonidan bola "tilla suvi"da cho'miltiriladi. Bunda onaning barcha tilla taqinchoqlari chelakdagi suvga solinib, bola cho'miltirilgach, ustidan quyiladi. Bu marosimning ma'nosi "bolaning hayoti tilla kabi toza bo'lsin" degani. Chaqaloq chilladan eson-omon chiqdi degan xabarni bildirish uchun esa yupqa pishirilib, qo'ni-qo'shnilarga tarqatiladi. Chaqaloq cho'miltirilgandan so'ng albatta yangi ust-bosh kiydirilishi kerak.
Chilla davrida ayol organizmida qanday o'zgarishlar kuzatiladi?
Tug'ruqni boshidan o'tkazgan ayol uchun chilla saqlanishi bejiz emas. Aynan mana shu vaqtda ayol organizmi asta-sekin o'z holiga qaytadi. Shu bilan birga, qirq kun ichida ayol organizmida bir qator o'zgarishlar ro'y beradi.
Bachadon qisqarishi
Tug'ruqdan so'ng bachadon sekin-asta qisqarib, chilla davri tugangunga qadar o'z holiga qaytadi. Avvaliga a'zo qisqarishi tezlashib, tug'ruqxonada qorinning pastki sohasidagi og'riqlar bilan kechadi. Bu jarayon tug'ruqdan keyingi 2-3-kunlarga to'g'ri keladi. Tug'ruqxonada bachadon holati shifokorning kunlik tekshiruvi yordamida nazorat qilinib, tug'ruqhonadan chiqish oldi ultratovush tekshiruvi orqali tahlil qilinadi. Bu jarayonda nafaqat a'zo holati, balki bachadon ichida qon quyqalari, yo'ldosh parchalarining bor-yo'qligiga ham e'tibor beriladi. Bordiyu a'zo qisqarishi me'yorda bo'lmasa, shifokor tomonidan ma'lum turdagi preparatlar buyuriladi.
Bachadon qisqarayotgan vaqtda yo'ldosh joylashgan yuzadagi shilliq qavat ham tiklanib, asta-sekin bachadon ichki yuzasini qoplab boradi. Bu jarayon tugallangunga qadar tug'ruq vaqtida bachadon ichki yuzasida hosil bo'lgan jarohatlardan chilla davriga xos chiqindilar ya'ni loxiyalar kelib turadi. Shifokorlar fikricha, emizayotgan ayollarda bachadon qisqarishi me'yorda bo'lar ekan.