KIRISH. Radioaktivlik haqida yangiliklarda deyarli tez-tez gapiriladi. Masalan, siz bu haqida yadro energiyasi, Fukusima reaktori fojiasi yoki yadro qurollarini rivojlantirish haqidagi munozaralarda oʻqigan boʻlishingiz mumkin. Shuningdek, u mashhur kino yoki asarlarda ham namoyon boʻladi: koʻplab super qahramonlarning kelib chiqishi haqidagi hikoyalari radioaktiv nurlanish bilan bogʻliq. Masalan, “Oʻrgimchak odam”ni olsak, radioaktiv oʻrgimchakning chaqishi bunga misol boʻladi. Ammo biror-bir narsaning radioaktiv boʻlishi oʻzi aslida nimani anglatadi?
Radioaktivlik aslida atomga xos xususiyatdir. Radioaktiv atomlarda beqaror yadrolar mavjud va ular barqaror boʻlish uchun subatom zarrachalarni chiqarib yuboradi hamda ushbu jarayon orqali radiatsiya energiyasi ajralib chiqadi. Koʻpincha tarkibidagi neytronlar soni bilan bir-biridan farq qiluvchi elementlar ham radioaktiv, ham noradioaktiv holatlarda boʻladi. Ushbu elementlarning turli xil koʻrinishlari izotoplar deb nomlanadi va tabiatda kichik miqdordagi radioaktiv izotoplar koʻp uchraydi. Masalan, atmosferada kam miqdordagi uglerodning uglerod-14 deb nomlangan radioaktiv turi uchraydi va qazilmalarda topilgan uglerod-14 paleontologlarga qazilma yoshini aniqlashga yordam beradi.
Ushbu mavzuda biz turli xil atomlar tarkibidagi subatom zarrachalar va izotopning qanday qilib radioaktiv boʻlishiga batafsilroq toʻxtalamiz.