Landshaft tiplari guruhi (landshaft zonasi). Ushbu geokompleksni belgilaydigan asosiy omillar issiqlik va namlikning notekis taqsimlanishidir. Cho`l zonasi ham mazkur qonuniyatning mahsuli. Zonallik tabiiy geografik qonuniyatlarning qonuni bo`lib, barcha abiotik, biotik hatto iqtisodiy ─ ijtimoiy jarayonlar mazkur qonunga uyg`un holda kechadi.
Landshaftlar sinfini belgilovchiasosiy omil hududning morfotektonik va u bilan bog`liq bo`lgan xususiyatidir. Viloyat hududida tekislik va tog` sinflari namoyon. Mavjud tog`lar yer betida aniq ifodalangan bo`lsada (Quljuqtog`, 785 m) cho`l zonasining past tog`lariga xos bioiqlimiy xususiyatlarga ega. Landshaftning kichik sinfiningasosiy belgisi gipsometrik omil va u bilan bog`liq bo`lgan tabiiy jarayonlardir. Shu bilan birga, bu omil tuproqlarning suv rejimi, yer osti va yer usti suvlarining yo`nalishini belgilab turadi.
Viloyat hududida landshaftlarning 5 ta kichik sinfi (past tog`lar, baland, pastqam tekisliklar, alohida ifodalangan plato, qir-tepalar va berk botiqlar) o`z ifodasini topgan.
Landshaft tipi.Tor (asl) ma`nodagi tipologik geotizimlarning eng yirigi va asosiysidir. Uning shakllanishida litogen omil (relyef, litologiya) asosiy o`rin tutadi. Bu landshaft hosil qiluvchi omillar ichida nisbatan barqaror bo`lib, landshaftning poydevori hisoblanadi va litoedafik sharoitni belgilab turadi. «Landshaft tipi» tuproqshunoslikdagi «tuproq tipi», geobotanikadagi «o`simliklar tipi», cho`lshunoslikdagi «cho`llar tipi» kabi tushunchalar bilan mazmundosh bo`lib bir-birini to`ldiradi. Eng muhimi, bunday yondashuv amaliyotga-ishlab chiqarishga yaqin turadi. A.G.Isachenko (1998) iborasi bilan aytganda, «operatsion birlik» hisoblanadi.
Buxoro viloyati hududi doirasida 13 ta «landshaft tipi» litoedafik omil asosida ajratildi va ular suv, yaylov imkoniyatlarini o`rganish, baholash va xaritalashtirish uchun hududiy asos qilib olindi.
Har bir «landshaft tipi» o`z navbatida «nisbiy bir xillik» tamoyili asosida «landshaftning kichik tipi», «landshaft tur»lariga bo`linadi. Mazkur tipologik geotizimlarni tadqiq etish bo`lg`usi izlanishlarga havola etiladi.
Yuqorida keltirilgan tasniflash birliklari-atamalari (landshaftlar tipi-kichik tipi-turi) “joy tipi” - “urochisha” – “fatsiya” kabi atamalardan ko`ra hammaga tushunarli, eng muhimi geografiyaga yondosh bo`lgan fanlardagi atamalarga yaqinligi va mazmundoshligi bilan asoslidir.
Shuningdek, ushbu tipologik tasniflash kelajakda landshaft resurslaridan samarali foydalanishda ilmiy-metodologik asos bo`lib xizmat qiladi.