3. Qishloq xo’jaligida yer resursidan foydalanish samaradorligini yanada oshirish yo’llari. Mustaqillikning ilk davrida yuzaga kelgan qiyin iqtisodiy vaziyatdan chiqib ketish uchun qishloq aholisiga shaxsiy yordamchi xo’jaliklarini yo’lga qo’yish uchun tomorqa sifatida yer ajratib berildi, jamoa va davlat xo’jaliklari yerlari oilaviy pudrat asosida oilalarga berildi. Aynan shu islohot natijasida iqtisodiy tang holatdan chiqib ketishga muvaffaq bo’lingan edi. Chunki bir necha million oila o’z yerida qishloq xo’jaligi mahsulotlari yetishtira boshladi, yetishtirgan mahsulotlarini o’z iste’moli uchun sarfladilar, ortiqchasini mamlakat ichki bozorlarida sotdilar. Ayrim oilalar esa o’zlari yetishtirgan qishloq xo’jaligi mahsulotlarini MDH mamlakatlari bozorlariga olib borib sota boshladilar. Qishloqlarda iqtisodiy hayot “qaynadi”, mamlakatga valyuta kira boshladi. Bu holat davlat tomonidan hech qanday mablag’ sarflanmasdan, shunchaki yerda ishlashga xohish bildirgan oilalarga yer berish orqali amalga oshirildi. Tabiiyki, moddiy ahvoli yaxshilangan qishloq ahli o’zlariga kerakli tovarlarni sotib ola boshladi, xizmatlardan foydalandilar. Bu esa iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari – sanoat va xizmat ko’rsatishning rivojlanishiga turtki berdi. Xuddi Xitoydagi kabi zanjirli reaksiya ishga tushayotgan edi. Biroq, keyinchalik O’zbekistonda qishloq xo’jaligi tarmog’ida faoliyat yuritayotgan tovar xo’jaliklarini mustaqil dehqonlarga aylantirib borish, yer egalari sonini ko’paytirish o’rniga, aksincha, davlat buyurtmasi asosida faoliyat yurituvchi xo’jaliklarga aylantirish yo’lidan borildi.
So’nggi yillarda prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan qishloq aholisiga yerlarni ijara asosida berishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, fermer xo’jaliklari yerlaridan “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan kam ta’minlangan oilalarga yerlar qisqa muddatli ijaraga berilmoqda. Bundan tashqari, Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev 2021-yil 1-2-iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog’ida Surxondaryoda boshlanayotgan tajriba asosida ishsiz aholiga qishloq xo’jaligi yerlarini 10 yil muddatga dehqonchilik qilish bilan shug’ullanish uchun ijaraga berish tartibi joriy qilinishi, 2021-yildan boshlab qariyb 100 ming gektar g’alladan bo’shagan yer maydonlari aholiga dehqon xo’jaligi tashkil etish uchun berilishini ma’lum qildi. Bu kabi islohotlar yerdan foydalanish bo’yicha rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ilg’or tajribalariga mos keladi va kelgusida o’zining ijobiy natijalarini beradi.
Ba’zi mamlakatlarda yer huquqlariga to’g’ridan-to’g’ri cheklovlardan tashqari bilvosita xarakterga ega, lekin undan kam bo’lmagan samaraga ega chora-tadbirlar ham muvaffaqiyat bilan qo’llanilmoqda. Masalan, ushbu maqsadlarda Angliyada quyidagi tartibga solish vositalari ishlatiladi: yer oldi-sotdi bitimlariga yuqori soliq stavkalari; yer sotib olishda kredit uchun yuqori foizlar; yerni sotib olish uchun kredit rasmiylashtirishda sezilarli byurokratik to’siqlar va hokazo.
Xorij mamlakatlarining yer resurslaridan foydalanish jarayonlarini boshqarish tajribalarini umumlashtirish quyidagi xulosalarni keltirib chiqarishga imkon beradi:
dunyoning hech bir mamlakatida yerga cheklanmagan mulkchilik mavjud emas, har qanday mulk shaklining amal qilishi jamiyat va davlat manfaatlarining ustunligini ta’minlashni inobatga oladi;
barcha rivojlangan mamlakatlarda davlat yer munosabatlarini huquqiy va iqtisodiy tartibga solish, yer resurslaridan foydalanish va ularni saqlash bo’yicha nazoratni amalga oshirish orqali yer munosabatlariga faol aralashadi;
yer bozori (ayniqsa qishloq xo’jalik yerlariga nisbatan) davlat tomonidan qat’iy chegaralanadi va nazorat qilinadi, bu yer uchastkalari bozori aylanmasi tezligida namoyon bo’ladi;
rivojlangan xorijiy mamlakatlarda yer resurslarini boshqarishda davlatning yetakchilik rolini saqlash uchun mulkchilikdan yer uchastkalari ijarasiga o’tish ustuvorligiga erishish tendensiyasi shakllanmoqda;
dunyoning barcha mamlakatlarida unumli qishloq xo’jaligi yerlarining noqishloq xo’jalik ehtiyojlari uchun ajratilishidan himoyalash maqsadida qishloq xo’jalik yer egaligi va yerdan foydalanishning ustuvorligi tamoyillari rasman e’lon qilingan va qat’iyan amalga oshiriladi.
Respublika hududi o’ziga xos tuproq va iqlim sharoitiga ega bo’lib, tabiiy drenajning yetishmasligi, yer osti suvlari minerallashuvi darajasining yuqoriligi natijasida bir qator hududlar “birlamchi sho’rlangan”. Shu bilan birga, suv resurslaridan oqilona foydalanmaslik va boshqa antropogen omillarning salbiy ta’siri natijasida ayrim hududlarda yerlarning “ikkilamchi sho’rlanishi” kuzatilib, 45,7 foiz sug’oriladigan yer maydoni turli darajada sho’rlangan. Yuqoridagilarni inobatga olgan holda yer resurslaridan samarali foydalanish talab etiladi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida 2020-yilda 91 ming gektar yer maydoni qaytadan foydalanishga kiritildi.
Yer resurslaridan to’liq va samarali foydalanish uchun quyidagi tadbirlarni amalga oshirish lozim:
yer islohotlarini doimiy takomillashtirib borish;
meliorativ holati yomonlashgan yerlarda irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini o’z vaqtida va sifatli amalga oshirish;
zamonaviy, samarali texnikalarni, ilg’or texnologiyalarni qishloq xo’jalik ishlab chiqarishiga joriy etish;
ilmiy va amaliy jihatdan asoslangan almashlab ekishni yo’lga qo’yish;
ekologiyaga salbiy ta’sir ko’rsatmagan holda mahalliy va mineral o’g’itlardan oqilona foydalanish;
agrotexnik tadbirlarni sifatli va o’z vaqtida amalga oshirish;
ishchi va xizmatchilarni moddiy va ma’naviy rag’batlantirish bilan bog’liq bo’lgan masalalarni hal etish;
yer munosabatlarini takomillashtirish va erkinlashtirish.
Qishloq xo’jaligi yerlaridan oqilona foydalanish tadbirlarini quyidagi to’rtta guruhga ajratish mumkin:
1) tashkiliy tadbirlar, bunga quyidagilar kiradi:
ilmiy asoslangan yer tuzish;
hududlar bo’yicha ishlab chiqarish kuchlarini oqilona joylashtirish;
yagona yer monitoringi tizimini olib borish;
davlat yer kadastrini to’liq amalga oshirish;
davlat va jamoat ekspertizasini yo’lga qo’yish;
yerdan foydalanish va uni muhofazalash nazoratini kuchaytirish va hokazo.