Danakli mevalarni yetishtirish va ularga shakl berish texnol
Turshak tayyorlash texnologiyasi. O‘zbekistonning janubi-g‘arbiy viloyatlarida quyidagi o‘rik navlari turshakbop hisoblanadi: “Yubileyniy Navoiy”, “Ko‘rsodiq“, “Sovetskiy”, “Yakobiy”, “Ruxiy juvonan”, “Komsomolskiy”, “Subxoniy”, “Xurmoniy”, “Iskandariy”, “Moxtobiy”, “Bodomi”, “Gulongi bodomi” va boshqalar. O‘rikni quritish usullariga qarab undan turshak, kuraga va qaysa olinadi. Turshak — danagi bilan quritilgan o‘rikdir. Turshak quritish — hosilni uzish, tashish, saqlash, navlarga ajratish, kalibrovka qilish, yuvish, qaynoq suvga botirib olish, dudlash, quritish, namini baravarlash, idishlarga joylash va saqlashdan iborat.
O‘rik, o‘z naviga xos rang va shaklga kirgan, eti yetarli darajada tig‘iz bo‘lgan davrda uziladi. Yuqorida keltirilgan navlardagi quruq moddalar yetilish paytida 23-26 % ni tashkil etmog‘i lozim. O‘rik tanlab, mavsumda 2-3 marta teriladi. Odatda, turshak tayyorlash uchun yetilishiga 2-3 kun qolgan o‘rikni ham terib olsa bo‘ladi, ammo bunday hollarda qayta ishlashdan avval bir oz saqlab yetiltirish lozim. Bu usul ba’zan qo‘l keladi, natijada hosilni tashish va saqlashda nobudgarchilik ancha kamayadi.
O‘rik avtomashinalarda yoki ressorli aravachalarda ko‘pi bilan 12 kg. sig‘adigan qutilarda tashiladi.Qutilarga ortiqcha o‘rik solinmasligi lozim, chunki ularni bir-biriga qo‘yganda o‘rik ezilib qolishi mumkin. O‘rik yaxshi shamollatib turiladigan binolarda yoki bostirmalarda shtabellarga taxlab saqlanadi. Shtabellarga 6-8 tadan quti qo‘yiladi. Qutilarga o‘rikning navi, sifati va mahsulotning omborga topshirilish vaqti yozilgan yorliq yopishtiriladi. Yetilgan o‘rik 12 soat, yetilishiga 2-3 kun qolgan o‘rik 58-72 soat saqlanadi. O‘rikni quritishda uni qachon olib kelinganligi hisobga olinadi. Bo‘shatilgan qutilar 0,5-1,0 % li xlorli ohak eritmasi bilan chayilishi, keyin toza suv bilan yuvib quritilishi lozim.
Mevalar katta-kichikligiga qarab navlarga ajratiladi (kalibrovka qilinadi). Shu maqsadda har xil kalibrlash mashinalari — diskli, trosli, barabanli, g‘alvirli, valikli-tasmali mashinalar ishlatiladi. Trosli yoki valikli-tasmali mashinalar o‘rikni ajratish uchun juda qulay. Bunday mashinalarda hosil katta-kichikligiga qarab 3-4 xilga ajratiladi. Bir tekis bo‘lgan o‘rik blanshirovka qilish, dudlash va quritish uchun o‘ng‘ay. O‘rikni qo‘lda ajratsa ham bo‘ladi. Sifatiga qarab navlarga ajratish ham muhim. Bunda chirigan, mog‘orlagan, ezilgan, hashorat tushganlari va kasallanganlari olib tashlanadi. Mevalar yetilish darajasi jihatidan ham saralanadi. Chunki xom ashyoni ishlash, qaynoq ishqorga botirib olish, dudlash, quritish tartibi mevalarning yetilish darajasiga bog‘liq. o‘rikni sifatiga qarab xillash tasmali yoki rolikli transportyorlarda va stollarda bajariladi.
Quritiladigan o‘rik chang va loydan tozalanib yuviladi. So‘ngra zaharli moddalar bilan dorilangan mevalar 1,0 % li xlorid kislota eritmasida, keyin yana toza suvda chayiladi. Buning uchun ventilatorli yoki elevatorli maxsus mashinalardan foydalaniladi yoki oddiy vanna qo‘llaniladi. O‘rik qaynoq eritmada yoki bug‘ bilan blanshirovka qilinadi. Bunda mevaning po‘sti terlab, mayda yoriqlar hosil bo‘ladi. Bu esa, oltingugurt bilan dudlash va quritish jarayonlarini tezlashtiradi.
Blanshirovka qilingan va yuvilgan mevalar darhol taxta idishlarga bir qator qilib yoyib qo‘yiladi va dudlash kamerasiga yuboriladi yoki faner qutilarga solib dudlanada. Dudlangan o‘rik o‘z tabiiy rangini saqlaydi va hashoratlarga chidamli bo‘ladi. Bir kilogramm mevaga 2-2,5 gramm oltingugurt sarflab, 2-1,5 soat dudlanadi.
Ochiq joyda quritish 3-4 kun davom etadi. keyin o‘rik soyaga olinib shtabellarga taxlanadi. Shu holda yana bir necha kun quritiladi. Hammasi bo‘lib quritish 8-10 kun davom etadi. Mevasi bir tekis qurib, po‘sti ajralmaydigan bo‘lganda quritish tugallanadi. Siqilib bir-biriga yopishib qolgan mevalar osongina ajraladi. Ammo podnosda mevalarni bir tekisda quritib bo‘lmaydi. Turshakning 75-80 % ida namlik 15-17 % ni tashkil qilsa, u obdon qurigan bo‘ladi. Shu bois turshak yig‘ishtirib olinganidan so‘ng, endi uning namini baravarlash maqsadida quritiladi. Buning uchun podnoslardan olingan meva taxta qutilarga solinadi. Bunday qutilarning uzunligi 1,2 metr, eni 0,7 metr, balandligi 0,5 metr bo‘lib, ularga 80-100 kg. dan mahsulot joylashtiriladi. Qutilar yopiq binolarda saqlanadi. Bu jarayon 12-15 kun davom etadi. Shu davrda yaxshi qurimagan mevalarning nami o‘ta quriganlarga o‘tadi.
Nami standart bo‘yicha 16 % ga keltirilgan mahsulot 25 kg. li karton qutilar yoki kraft xaltalarga joylashtiriladi. Turshak harorat 0-10 darajada, nisbiy namligi 60-65 % bo‘lgan toza omborda saqlanadi.