Axborot xavfsizligi va ma’lumotlarni himoyalash bo‘yicha me’yoriy huquqiy hujjatlar Me’yoriy-huquqiy hujjat tushunchasi. Ma’lumki, huquq – bu hukumat
tomonidan turmushning ma’lum bir sohalariga, davlat organlari,
tashkilotlari yoki aholiga nisbatan o‘rnatilgan yoki sanksiyalangan
umummajburiy qoidalar va me’yorlar to‘plamidir.
O‘zbekiston Respublikasining 2012-yil 24-dekabrdagi «Normativ
huquqiy hujjatlar to‘g‘risida (yangi tahriri)»gi qonunining1 3-moddasiga
asosan «Normativ-huquqiy hujjat ushbu Qonunga muvofiq qabul qilingan, umummajburiy davlat ko‘rsatmalari sifatida huquqiy normalarni belgilashga, o‘zgartirishga yoki bekor qilishga qaratilgan rasmiy hujjatdir». Me’yoriy huquqiy hujjat – bu huquq ijodkorligi hujjati bo‘lib, ma’lum bir tartibda, qat’iy belgilangan subyektlar tomonidan qabul qilinadi va huquq me’yoriga ega bo‘ladi.
Me’yoriy huquqiy hujjat huquqning asosiy manbai hisoblanadi.
Me’yoriy huquqiy hujjat (boshqa huquq manbalariga nisbatan) kafolat
doirasida faqat mas’ul davlat organlari tomonidan qabul qilinadi hamda
ma’lum bir ko‘rinishga, hujjat shakliga ega bo‘ladi. Me’yoriy huquqiy
hujjatlar mamlakat bo‘yicha amal qiladi va yagona tizimni hosil qiladi.
Me’yoriy huquqiy hujjatlar belgilari:
– me’yoriy xarakter
– huquqiy akt
– huquq ijodkorligi natijasi hisoblanadi
– umummajburiylik
– rasmiy hujjat ko‘rinishida tuziladi
– huquq me’yorlarini guruhlashda ma’lum bir tartibga rioya qilinadi.
Me’yoriy huquqiy hujjatlar turlari. O‘zbekiston Respublikasining
2012-yil 24-dekabrdagi «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida (yangi
tahriri)»gi qonunining 5-moddasi me’yoriy huquqiy hujjatlarning turlarini
aniqlaydi:
Quyidagilar me’yoriy huquqiy hujjat hisoblanadi:
– O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi;
– O‘zbekiston Respublikasi qonunlari;
– O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari;
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari;
– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari;
– Vazirliklar, davlat komitetlari va tashkilotlari hujjatlari;
– Davlat hokimiyatining joylardagi organlari qarorlari.
Me’yoriy huquqiy hujjatlar qonunchilik hujjatlari hisoblanadi va
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligini tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi
Qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari
qonunchilik hujjatlari hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonlari, O‘zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari, Vazirliklar, davlat komitetlari
va tashkilotlari aktlari, davlat hokimiyatining joylardagi organlari qarorlari qonunosti hujjatlari hisoblanadi (ushbu qonunning 6-moddasi). Axborot xavfsizligini ta’minlashda me’yoriy-huquqiy boshqaruvning zarurligi. Huquqiy baza axborotga egalik huquqiga va uni muhofaza qilishga oid vazifalarni yechish imkonini berishi zarur. Himoyalanayotgan axborotga tahdidni aniqlashi va uni himoyalash tartibini belgilashi kerak. Huquqiy davlatda barcha tashkilot va muassasalar, rahbar shaxslar va fuqarolar faoliyati amaldagi qonunlar doirasida tashkil etilishi lozim.
Axborotni muhofaza qilish sohasiga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlarda:
– axborotni muhofaza qilish, uning maxfiyligi va himoya uchun
o‘rnatilgan qoidalar sohasida turli subyektlarning huquqlari ifodalanishi;
– himoyalanayotgan axborotga noqonuniy tahdid qilish yoki uning
egasiga zarar yetkazuvchi oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan
harakatlar uchun jinoiy, ma’muriy, moddiy va ma’naviy javobgarlik
belgilanishi kerak.