III.Yangi mavzu bayoni Avstraliya Ittifoqi va Yangi Zelandiya dunyoning eng rivojlangan mamlakatlari qatoriga kiradi. Fiji, Marshall orollari va Mikroneziyada iqtisodiyot nisbatan rivojlangan, qolgan mamlakatlar va orollar qoloq xo‘jalik tizimiga ega.
Avstraliyada mahalliy mineral resurslar va qishloq xo'jaligi xomashyosiga asoslangan sanoat tarmoqlari: tog‘-kon, metallurgiya, mashinasozlik, yengil va oziq-ovqat sanoati yuqori darajada rivojlangan.
Mamlakat yirik issiqlik va gidragrafik elektrostansiyalariga ega.
Avstraliyada 2012-yilda 250 mlrd. kVt/soatdan ortiq elektroenergiya ishlab chiqarildi. Bu ko‘rsatkich Yangi Zelandiyada 47 mlrd. kVt/soatga teng bo‘ldi.
Avstraliyada hozirgi vaqtda yiliga 30 mln. t neft, 30 mlrd. m3tabiiy gaz, 400 mln. t ko‘mir qazib olinmoqda, 12—15 mln. t po‘lat eritilmoqda, 300 ming donadan ko‘p yengil avtomobillar ishlab chiqarilmoqda. Don ekinlarining yalpi hosili 35—40 mln. t ni tashkil etadi, yarim mln. t dan ortiq paxta tolasi ishlab chiqarilmoqda. Avstraliyada salkam 30 mln. bosh yirik shoxli qoramol (Yangi Zelandiyada 10 mln. bosh), 150 mln. boshdan ziyod qo‘y va echkilar (Yangi Zelandiyada 60 mln. bosh) mavjud. Avstraliyada o‘rtacha yiliga 4,0 mln. t go‘sht (Yangi Zelandiyada 1,5 mln. t), 8 mln. t (Yangi Zelandiyada 9 mln. t) sut tayyorlanadi.
Avstraliyada qorametallurgiya Port-Kembla, Nyukasl, Uandovi shaharlarida, rangli metallurgiya Maunt-Ayza, Klonkarri, Gladston, Kalgurli-Boulder, Port-Piri, Kanberra, Xobart, Risdon, Bell-Bey shaharlarida rivojlangan. Yirik, katta hamda o‘rta shaharlarining barchasida mashinasozlik va metallni qayta ishlash sanoati korxonalari mavjud. Mamlakatda neftni qayta ishlash va neft-kimyo sanoati tez sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Ushbu tarmoq markazlari bo‘lib Melbum, Sidney, Nyukasl, Brisben, Pert, Adelaida va boshqa shaharlar hisoblanadi. Avstraliyada yog‘ochni qayta ishlash va sellyuloza-qog‘oz sanoati yaxshi rivojlangan. Mamlakatda 2,0 mln. t ga yaqin qog‘oz ishlab chiqariladi. Mazkur tarmoqning yirik korxonalari mamlakatning Janubi-sharqidagi ko‘pchilik shaharlarda joylashgan. Avstraliyada 5 — 6 mln. t sement va katta miqdorda boshqa qurilish materiallari ishlab chiqariladi. Qurilish materiallari sanoati mamlakatning barcha regionlari va shaharlarida mavjud.
Avstraliyada yengil sanoat, ayniqsa, uning to‘qimachilik, teri-poyabzal tarmoqlari yaxshi rivojlangan. To‘qimachilik korxonalari Sidney, Melbum, Ballarat, Adelaida, Pert, Albani shaharlarida joylashgan.
Mamlakatda oziq-ovqat sanoati tarmoqlari ichida un va omixta yem ishlab chiqarish, qand-shakar, go‘sht, sut, baliq-konserva sanoati korxonalari deyarli barcha shaharlarida mavjud.
Qishloq xo‘jaligida yaylov chorvachiligi (qo‘ychilik) va qoramolchilik yaxshi rivojlangan. Avstraliya yaylovlarining kattaligi va ularda boqilayotgan qo‘ylarning soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egallaydi. Chorvachilik qishloq xo‘jaligining yetakchi tarmog‘i hisoblanadi. Mamlakatda dehqonchilik ham yuqori darajada rivojlangan. Shakarqamish, paxta va ayniqsa, donchilik yuqori tovar ahamiyatiga ega. Dehqonchilik va chorvachihk mahsulotlari yengil va oziq-ovqat sanoatining asosiy xomashyosi hisoblanadi.
Okeaniya mamlakatlarining aholisi asosan baliqchilik, qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanadi. Ko‘pchilik orollar (Fransiya Polineziyasi, Vanuatu, Kiribati, Fiji) dunyoning yirik turizm va sayyohlik markazlariga aylandi.
Avstraliya doirasidagi asosiy yuklar temiryo‘l transporti orqali tashiladi. Xalqaro savdo aloqalarida dengiz transportining ahamiyati beqiyosdir. Avstraliyada keyingi yillarda quvur transportining rivojlanishiga katta e’tibor qaratilmoqda. Avstraliyaning tashqi savdo aylanmasi 2012-yilda 301,1 mlrd. dollarni tashkil etdi. Avstraliya chetga, asosan, AQSH, Yaponiya, Yevropa mamlakatlariga tog‘-kon, metallurgiya, mashinasozlik, yengil va oziq-ovqat sanoati mahsulotlarini chiqaradi. Avstraliya hozirgi vaqtda Sharqiy va Janubi-sharqiy Osiyo mamlakatlarining asosiy xomashyo bazasiga aylanmoqda. Shu bilan birga, yuqori texnologiyalarga tayanib ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlari ham mamlakatdan keng miqyosda eksport qilinmoqda. Import ulushining ko‘payishi neft va neft mahsulotlari hamda ko‘p miqdorda kompyuterlarni import qilish bilan bog‘langan.