Xitoy aholisining soniga (1350,0 mln. kishi) ko‘ra jahonda eng yirik mamlakat. Hozirgi vaqtda Xitoyda jahon aholisining 20% ga yaqini yashamoqda.
Xitoyda aholi ko'payishini kamaytirishga olib keladigan o‘ziga xos demografik siyosat amalga oshirilmoqda. Mamlakat Konstitutsiyasida qonunlashtirilgan bu demografik siyosatga ko‘ra «bir oilaga bir bola» tavsiya qilinadi.
Mamlakat aholisining umumiy soni 1955 — 2013-yillar orasida 615 mln. dan 1350,0 mln. gacha, ya’ni 2,2 baravarga ko'paydi. Xitoy aholisi ana shunday qat’iy cheklashlarga qaramasdan, so‘nggi vaqtda yiliga 12—13 mln. kishiga ko‘paymoqda.
Xitoy jahonning eng yirik mehnat resurslariga ega bo‘lgan mamlakati hamdir. Unda 795,4 mln. dan ziyodroq mehnatga layoqatli aholi mavjud.
Aholisining milliy-etnik tarkibiga ko‘ra Xitoyni bir vaqtning o‘zida ham ko‘p millatli, ham bir millatli mamlakatlar qatoriga kiritish mumkin. Xitoyda 60 dan ortiq turli millat va elatlar yashaydilar. Bular uyg'urlar, mo‘g‘ullar, tibetliklar, dunganlar, manjurlar va boshqalardir, Shu sababli Xitoy ko‘p millatli mamlakatlar qatorida turadi. Xitoy bir millatli mamlakat hamdir. Chunki Xitoy aholisining 90% dan ko‘prog‘ini xitoyliklar — xanlar tashkil qiladi.
Mamlakat aholisi hududiy jihatdan notekis taqsimlangan. Aholining o'rtacha zichligi har 1 m2 maydonga 141 kishini tashkil qilgani holda, bu ko‘rsatkich Buyuk Xitoy pasttekisligi qismida 400—500 kishini, Xuanxe va Yanszi daryolari oraliq tekisliklarida 800—1000 kishini, cho‘l va baland Tibet yassi tog‘ligi hududlarida esa 1—2 kishini tashkil etadi. Aholining 90% i mamlakat hududining 1/3 qismidagina to'plangan.
Xitoy jahonning o‘rtacha darajada urbanizatsiyalashgan mamlakatlari qatoriga kiradi. Aholining 47,8% i shaharlarda yashamoqda. Bu 739,4 mln. kishini tashkil etadi. U hozirgi vaqtda jahon mamlakatlari orasida yirik shaharlar (450), millioner shaharlar (60) ning umumiy soniga hamda shahar aholisining mutlaq miqdoriga ko‘ra birinchi o‘rinda turadi. Faqat yirik va millioner shaharlardagina jami shahar aholisining 1/2 ga yaqin qismi yashamoqda. Shanxay (14,4 mln. kishi), Pekin (12,7 mln. kishi), Tyanszin (7,2 mln. kishi) dunyoning eng yirik shaharlari qatoriga kiradi. Xitoy aholisining asosiy qismi qishloqlarda yashaydi. Unda 700 mingga yaqin qishloqlar hisobga olingan. Qishloqlar va qishloq aholisining soniga ko‘ra ham bu mamlakat jahonda birinchi o'rinda turadi.