«Tolibon» olti oydan so‘ng saylov o‘tkazib, «rasmiy Vazirlar Mahkamasini» tuzishni rejalashtirmoqda. The Khaama Press’ning yozishicha, «Afg‘onistonning doimiy hukumati — rasmiy Vazirlar Mahkamasi saylov natijalari va xalqning irodasi asosida tuziladi». Ungacha seshanba kuni e’lon qilingan muvaqqat hukumat faoliyat ko‘rsatadi.
Afg‘onistonning Tojikistondagi elchisi Muhammad Zohir Agbar toliblar tuzgan hukumatni «noqonuniy» deb atab, jahon hamjamiyatini uni tan olmaslikka chaqirdi. «Men „Tolibon“ bilan inson huquqlarini hurmat qilmaguncha va inklyuziv hukumat tuzmaguncha hamkorlik qilmayman», — dedi elchi.
Afg‘onistonning yangi hukumati rahbari mulla Muhammad Hasan Oxund mamlakatning sobiq amaldorlariga uylariga qaytishni so‘rab murojaat qildi, shuningdek, ularning xavfsizligini ta’minlashga va’da berdi. «Biz sobiq amaldorlarni mamlakatga qaytishga chaqiramiz, ularning xavfsizligiga kafolat beramiz», — dedi Oxund.
Toliblar ruxsat berilmagan har qanday norozilik namoyishlarini taqiqladilar. Sky News’ning ma’lumotlariga ko‘ra, bundan buyon har qanday norozilik harakati faqat Afg‘oniston Adliya va Ichki ishlar vazirliklari bilan oldindan kelishilgan holda amalga oshirilishi mumkin. Shu bilan birga, ushbu qoidaga rioya qilinmagan taqdirda, oqibatlar uchun javobgarlik to‘liq harakat tashkilotchilariga yuklatiladi. Ko‘rsatma Kobul va Afg‘onistonning boshqa hududlariga taalluqlidir.
Afg‘oniston sobiq prezidenti Ashraf G‘ani mamlakat fuqarolaridan katta miqdordagi pulni olib chiqib ketdi, degan ayblovlarni rad etdi. «Men Kobuldan afg‘on xalqiga tegishli millionlab dollarlarni olib ketganim haqidagi barcha asossiz ayblovlarga javob berishim kerak. Bu da’volar mutlaqo noto‘g‘ri. Korrupsiya — bu o‘nlab yillar davomida mamlakatimizni vayronaga aylantirgan vabo va unga qarshi kurash prezident sifatida mening diqqat markazimda bo‘lib kelgan», — deyiladi uning bayonotida. Bundan tashqari, siyosatchi so‘zlarining to‘g‘riligini va «moliyaviy tozaligini» tasdiqlash uchun «rasmiy tekshiruvlar va BMT yoki boshqa har qanday mustaqil organ nazorati ostida moliyaviy tekshiruvlar o‘tkazishga» tayyorligini ma’lum qildi. G‘ani, shuningdek, Afg‘onistonni tark etish qarori hayotidagi eng qiyin bo‘lganini ta’kidladi. «Ammo men bu qon to‘kilishining oldini olish hamda Kobulni va uning olti million aholisini qutqarish uchun qilingan yagona to‘g‘ri qaror ekanligiga ishonardim», deb yozmoqda sobiq prezident o‘zining Twitter’dagi sahifasida.