Invеstisiyaga talab funksiyasi. Bank fоiz stavkasi va kutilayotgan sof foyda normasi
5. Ochiq bozordagi operatsiyalar va hisob stavkasi. Ochiq bozordagi operatsiyalar – Markaziy bank tomonidan davlat obligatsiyalarini (qimmatli qog’ozlarni) tijorat banklari va aholidan sotib olish va ularga sotish bo’yicha operatsiyalardir. Markaziy bank tijorat banklaridan yoki aholidan bu qimmatli qog’ozlarni sotib olar ekan, tijorat banklari zahiralarini sotib olingan obligatsiyalar miqdori hajmida ko’paytiradi. Bu zahiralar pul bazasiga kiradi, ya’ni yuqori quvvatli pullar bo’lganligi uchun pul taklifi multiplikativ ko’payadi. Markaziy bank tijorat banklari va aholiga obligatsiyalarni sotish bilan zahiralarni hamda tijorat banklarining kredit berish qobiliyatini kengaytiradi. Bu holda pul taklifi qisqaradi.
Hozirda hamma mamlakatlarda pul miqdorini tartibga solishda ochiq bozordagi operatsiyalarni, ya’ni davlat qimmatli qog’ozlarini taklif qilish usulidan keng foydalanilmoqda. Ushbu operatsiyalarni Markaziy bank asosan nufuzi katta banklar guruhi bilan birgalikda amalga oshiradi.
Pul bozorida muomalada pul miqdori ortiqchaligi mavjud deb faraz qilamiz. Tabiiyki, Markaziy bank ortiqcha pul massasini kamaytirishga harakat qiladi. Buning uchun, o’zida mavjud bo’lgan o’zining qimmatli qog’ozlarini u ochiq bozorda aholi va banklarga taklif etadi, ular esa uni xarid qila boshlaydilar. Davlat qimmatli qog’ozlarini (sotish yoki xarid qilish yo’li bilan) taklifi oshib borgan sari, unga bo’lgan baho pasayadi, o’z navbatida, unga bo’lgan foiz (ya’ni, qimmatli qog’ozlarni sotib olganlarga foiz shaklida to’lanadigan haq) oshadi, bu esa unga bo’lgan talabni oshiradi. Banklar va aholi qimmatli qog’ozlarni ko’proq xarid qila boshlaydi, pirovard natijada banklarning zahiralari qisqaradi, o’z navbatida, bu hol pul taklifining bank multiplikatoriga teng nisbatda qisqarishiga, shuningdek, bank zahirasi va pul taklifining ortishiga olib keladi. O’zbekiston Respublikasi Markaziy Banki ham pul kredit siyosatini yuritishda bu vositaning rolini keskin oshirishni maqsad qilib olgan.
Pul - kredit siyosatini amalga oshirishning muhim vositalardan biri – bu, hisob stavkasi siyosatidir. Hisob stavkasi yoki qayta moliyalash stavkasi deb Markaziy bank tomonidan tijorat banklariga beriladigan ssudaning foiz stavkasi tushuniladi. Bu ssudalarni tijorat banklari ayrim ko’zda tutilmagan zarurat tug’ilganda va moliyaviy ahvoli mustahkam bo’lgan hollardagina oladilar. Hisob stavkasining pasayishi bilan tijorat banklarida Markaziy bankdan qo’shimcha zahiralarni olish imkoniyatlari kengayadi. O’z navbatida, bu tijorat banklarining zahiralardan yangi kreditlar berish bilan pul taklifini ko’paytiradi. Yana shunday hollar mavjudki, Markaziy bank hisob stavkasini ko’tara borib, tijorat banklari tomonidan qo’shimcha zahiralarni olish yo’lidagi to’siqlarni biroz ko’targanday bo’ladi va kreditlar berish bo’yicha ularning faoliyatini pasaytiradi, shu yo’l bilan pul taklifini cheklaydi. Agar ushbu stavka past bo’lsa, unda tijorat banklari ko’proq kredit olishga harakat qiladilar. Natijada banklarning ortiqcha zahiralari ortib boradi va muomaladagi pul massasi miqdorining oshib borishiga olib keladi. Agarda hisob stavkasi miqdori yuqori bo’lsa, unda banklar kamroq kredit olishga, olganlarini esa qaytarib berishga harakat qiladilar, pirovard natijada ortiqcha bank zahiralari qisqaradi, muomaladagi pul miqdori kamayadi.
Bu ko’rsatkichlar darajasi turli mamlakatlarda iqtisodiy vaziyatga qarab turlicha maqsadda bo’ladi. Masalan iqtisodiyotda turg’unlik elimentlari ko’ringach investitsiyalarni qo’llab quvvatlash va umuman iqtisodiy faollikni oshirish uchun AQSh Federal zahira tizimi hisob stavkasini 2002 yilda bir foizgacha qisqartirdi. O’zbekiston Respublikasida qayta mmoliyalashtirish stavkasi 2001 yilda o’rtacha 26,8 %, 2003 yilda o’rtacha 27,1 %, 2004 yilda o’rtacha 18,8 foizni tashkil etgan bo’lsa 2004 yilning dekabr oyidan 16 foizgacha tushirildi(12.3.1-jadval). Amaliyotda, davlatlar hisob stavkasi siyosatini ochiq bozordagi operatsiyalar siyosati bilan muvofiqlashtirilgan holda olib borishga harakat qiladilar.
2006 yil 15 iyuldan boshlab qayta moliyalash stavkasi 14 % etib belgilandi.
Pul-kredit siyosati asosida iqtisodiyotga pul-kredit siyosatining ta’sir etishi jarayonlarini o’rganuvchi pul nazariyasi yotadi. Ushbu nazariyaga ikki xil yondashuvchi iqtisodchilar o’rtasida ko’p yillardan beri tortishuvlar bo’lib kelmoqda. Bularga neokeynschilar nazariyasi va zamonoviy pul miqdori nazariyasi tarafdorlarini kiritamiz. Har ikki nazariya tarafdorlari ham pul taklifining nominal YaIMga ta’sirini inkor etmaydilar, ammo bu ta’sirning ahamiyatiga har xil baho beradilar. Keynschilar fikricha, monetar siyosat yuritishda foiz stavkasi darajasiga asoslanishi, monetaristlar fikricha esa, pul taklifining darajasiga asoslanishi lozim. Keynschilar bozor iqtisodiyotini tartibga solishda davlat aralashuvi shart deb hisoblashadi, monetaristlar esa uni ortiqcha deb hisoblaydilar.
Keynschilar pul taklifining YaIMga ta’sirini quyidagi ketma-ketlikda amalga oshadi deb hisoblashadi:
pul taklifining o’zgarishi foiz stavkasining o’zgarishiga olib keladi;
foiz stavkasining o’zgarishi o’z navbatida, investitsiyalarga bo’lgan talabning o’zgartiradi;
investitsiyalarga talab o’zgarishi yalpi talab (yalpi xarajatlar)ning o’zgarishiga olib keladi;
yalpi talabning o’zgarishi ishlab chiqarish hajmiga (YaIMga) ta’sir etadi.
Monetaristlar esa pul miqdorining o’zgarishi bilan YaIM o’zgarishi o’rtasida yaqinroq aloqa mavjud; ya’ni, pul miqdorining o’zgarishi bevosita YaIM o’zgarishiga olib keladi deb hisoblashadi. Buni ular pulning miqdoriy nazariyasi tenglamasi bilan izohlaydilar.
Ayni paytda monetaristlar pulning aylanish tezligini barqaror deb hisoblaydilar, keynschilar esa, aksincha, beqaror deydilar.