MOLIYA VA MOLIYAVIY TEXNOLOGIYALAR YO’NALISHI 1-KURS 423 -GURUH TALABASI NORKELDIYEVA NIGINABONU
DAVLAT XARIDLARINING ASOSIY PRINSIPLARI
REJA:
1, DAVLAT XARIDLARINI TARTIBGA SOLISHNING XALQARO HUQUQIY ASOSLARI 2, DAVLAT XARIDLARI SOHASIDA DAVLAT TOMONIDAN TARTIBGA SOLISHNING ASOSIY MAQSADI
3, STATISTIKA AXBOROTINI TAQQOSLASH
Davlat xaridlarini tartibga solishning xalqaro huquqiy asoslari Mamlakatimizda davlat va korporativ xaridlari mexanizmini yanada takomillashtirish hamda tender savdolarining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash bo‘yicha izchil hamda kompleks sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Xususan, elektron savdolar joriy qilindi, Respublika tovar-xom ashyo birjasi maxsus axborot portali yaratildi, tovarlar (ishlar, xizmatlar) xaridi bo‘yicha, jumladan, investitsiya loyihalari doirasida ko‘p pog‘onali idoralararo tender komissiyalari tuzildi.
Davlat xaridlari tizimida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish va tadbirkorlar uchun elektron xarid qilish imkoniyatini yanada kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak samara bermoqda. Yurtimizda bu muhim mexanizmning huquqiy asoslari yaratilgan bo‘lib, sohaga oid 30 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan hamda ularga hayotga izchil tatbiq etilmoqda. O‘z navbatida, davlat xaridi qonunchiligi tizimining bugungi holati va asosiy yo‘nalishlari, elektron davlat xaridining shu jarayondagi shaffoflik hamda samaradorlikni ta’minlash, davlat boshqaruvi tizimi, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarni isloh qilish sharoitida resurslardan oqilona foydalanish mexanizmlarini ishlab chiqish hamda nazorat qilishning zamonaviy shakl va uslublarini joriy etish amaldagi qonunchilikni takomillashtirishni taqozo qilayotgan edi. Ana shu hayotiy zaruratdan kelib chiqib, kuni kecha O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonuni Prezidentimiz tomonidan imzolandi.
Mazkur hujjat 12 ta bob hamda 79 ta moddadan iborat bo‘lib, unda davlat xaridlari sohasida davlat tomonidan tartibga solish, davlat xaridlari jarayoniga qo‘yilgan umumiy talablar, elektron do‘kon, auksion, tanlov, tender, yagona yetkazib beruvchi bilan amalga oshiriladigan davlat xaridlari, tadbirkorlik sub’ektlariga yengilliklar berish, xarid qilish tartib-taomillari nazorati, shikoyat qilish mexanizmi, davlat xaridlari masalalari bo‘yicha nizo va qarama-qarshiliklarni hal etish masalalari qamrab olingan.
Davlat xaridlari sohasida davlat tomonidan tartibga solishning asosiy maqsadi nimalarda ko‘rinadi? Davlatning strategik maqsadlari hamda vazifalariga erishish, rivojlantirish davlat dasturlari ijrosi, davlatning ijtimoiy vazifalarini bajarish, davlat xizmatlari ko‘rsatish, byudjet tashkilotlarining, byudjet mablag‘lari oluvchilarning tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash uchun davlat xaridlari sub’ektlariga qulay muhitni shakllantirish, davlat xaridlarini amalga oshirishda korrupsiyaga va qonun hujjatlarining boshqacha buzilishlariga qarshi kurashish uning asosiy maqsadlaridandir.
Shu o‘rinda Qonunning mazmun-mohiyati, asosiy hamda muhim jihatlari xususida ham to‘xtalish joiz. Avvalo, unda davlat xaridlariga oid asosiy tushunchalar va davlat xaridlari tizimining huquqiy jihatlari, asosiy prinsiplari ochib berilgan. Ayni chog‘da davlat xaridlari sub’ektlari davlat buyurtmachilari, xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilari, davlat buyurtmalari ijrochilari, xarid komissiyasi hamda maxsus axborot tizimi operatorining huquqiy maqomi belgilangan. Mazkur Qonunning muhim jihatlardan yana biri shuki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ sifatida belgilanib, unga davlat xaridlari bo‘yicha qator vakolatlar berildi. Davlat xaridlari tartib-taomillarini amalga oshirish, rejalashtirish, soha bo‘yicha monitoring va shartnoma tuzilishi hamda ijro etilishini o‘z ichiga oladigan davlat xaridlari jarayonini qamrab olishga qaratilgan tizimli yondashish shular sirasiga kiradi.
Qolaversa, Qonunda davlat xaridlari bo‘yicha tanlov va tenderlarni o‘tkazish mezonlarining aniq belgilab qo‘yilgani ham muhim ahamiyatga ega. Bunda xarid komissiyasi faoliyati, tanlov hamda tender o‘tkazish uchun e’lonlar, ularda qatnashish uchun takliflar berish, ularni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha shartnomalarni tuzish tartibi ham nazarda tutilgan. Shuningdek, Qonunda davlat xaridlarida tadbirkorlik sub’ektlari uchun yengilliklar va ularni qo‘llash, xarid qilish tartib-taomillarining davlat hamda jamoatchilik nazorati, shuningdek xaridlar samaradorligining tahlili orqali mazkur turdagi xaridlarni monitoring va nazorat qilishning ahamiyati ochib berilgan.
Statistika axborotini taqqoslash hamda tahlil etish orqali amalga oshiriladigan tekshiruvlar davlat organlarining sohadagi qonun hujjatlarini bajarishi ustidan nazorat qilishning asosiy shakli hisoblanadi. Bu boradagi jamoatchilik nazorati ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga asoslanadi. Umuman, mazkur Qonun bilan belgilanayotgan raqobat asosida davlat xaridlarini amalga oshirishning ochiq hamda shaffof mexanizmi, bu borada tadbirkorlik sub’ektlariga keng yo‘l ochilayotgani korrupsiyaga qarshi kurash samaradorligini oshirish orqali mamlakat iqtisodiyoti taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shadi.
Davlat xaridi jarayoni ochiq-oshkora bo‘ladi, barcha ma’lumotlar maxsus portalda e’lon qilinadi. Hisob palatasi, Bosh prokuratura, Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va Moliya vazirligi tomonidan xarid qilish tartib-taomillari ustidan monitoring, davlat nazorati o‘rnatiladi, shuningdek fuqarolar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, NNT va OAV tomonidan jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi.