Tokarlik guruxidagi dastgohlarda ishlov berishda detal markazga o`rnatiladi yoki patronga va planshaybaga maxkamlanadi. Kalta silindrik detallar, pokovkalar, shtampovkalar va quymalar 3 quloqli patronlarga maxkamlanadi va ayrim hollarda 4 quloqli patronlar qo`llanilishi mumkin. Yirik o`lchamli detallar, asosan, 4 quloqli patronlarga mahkamlanadi.
Bikirligi past bo`lgan vallarni (ya`ni diametrining uzunligiga nisbati 12 bo`lgan) tokarlik dastgohlarida ishlov berishda lyunetlardan foydalaniladi. Lyunetlar ikki xil qo`zg`aluvchan va qo`zg`almas bo`lishi mumkin. Qo`zg`almas lyunet dastgoh staninasiga, qo`zg`aluvchan lyunet esa karetkasiga o`rnatiladi. Qo`zg`aluvchan lyunet bevosita keskich bilan izma-iz boradi va ishlov berilgan yuza lyunetning quloqlariga tayanib boradi. Agar ishlov berilayotgan yuzaning boshqa yuzaga nisbatan o`qdoshligini ta`minlash talab etilsa, lyunet keskichdan oldinda (ilgari ishlov berilgan yuzaga) joylashgan yuzaga o`rnatiladi.
Yuqori tezlikda yo`nishda lyunetning quloqlari sezilarli ishqalanishni hosil qiladi, ishqalanishni kamaytirish maqsadida ular aylanuvchi roliklarga almashtiriladi.
Vallarni va boshqa aylanish detallarning tashqi yuzalarini yo`nish ikki bosqichdan iborat: xomaki (dastlabki) va tozalab (yakuniy) ishlov. Хоmаki yo`nishdа qo`yimning kаttа qismi оlinаdi, ishlоv bеrish kаttа kеsish chuqurligidа, surishning kаttа qiymаtidа bаjаrilаdi. Seriyali va ommaviy ishlab chiqarish sharoitlarida xomaki ishlov berish, quvvati kattaroq bo`lgan, aloxida dastgohda bajariladi.
Prokat zagotovkalardan pog`onali vallarni tayyorlashda ishlov berish quyidagi sxemalarda olib borilishi mumkin. 3.1.-rasmda pog`onali valni tayyorlashning 3 ta sxemasi keltirilgan (bunda sonlar bilan o`tishlarning tartib raqami harflar bilan esa valning pog`onalari belgilangan).
a–sxema bo`yicha ishlov berganda har bir pog`onani yon yuzasidan boshlab 3 marta o`tishda yo`nib chiqariladi: 1–o`tishda A, B va C; 2–o`tishda A va B; 3–o`tishda A yuzaga ishlov beriladi.
b–sxema bo`yicha ishlov bergandavalning har bir pog`onasi aloxida ishlov beriladi: A pog`ona katta kesish chuqurligi tufayli ikki o`tishda ishlov beriladi (1- va 2– o`tishda); B pog`ona bitta o`tishda (3–o`tishda); C pog`ona ham bir o`tishda (4–o`tishda) ishlov beriladi.
Kombinasiyalashgan usulda c–sxema bo`yicha ishlov berganda C pog`ona 1–o`tishda yon yuzadan boshlab ishlov beriladi; 2–o`tishda A– pog`ona ham yon yuzadan boshlab ishlov beriladi va C yuza 3–o`tishda ishlov beriladi.
Qaysi usulda ishlov berishni tanlash har bir pog`onaga qo`yilgan quyimlarni miqdoriga va pog`onalar o`lchamlari nisbatiga (val va diametr) bog`liq holda tanlanadi. Ishlov berishda eng kam vaqt talab etiladigan usul nisbatan samarador usul hisoblanadi.
Tokarlik dastgohlarida ishlov berganda detalni va keskichni mahkam o`rnatishga e`tibor qaratish zarur.