Uyingiz, xona va ish kabinetingizni doimo toza tuting, har kuni uni artib-tozalang, derazalarni ochib, toza havo kirishini ta’minlang. Normal jismoniy holatda bo‘lish uchun albatta chuqur va to‘g‘ri nafas olishni bilish lozim. Tabiat qo‘ynida sayr qilish, oynalarni ma’lum muddat ochib qo‘yish, tomorqa yoki ochiq havoda jismoniy mehnat qilishga yetadigani yo‘q.
7. Shaxsiy gigiyena.
Ovqatlanishdan avval va keyin albatta qo‘llarni yuvish, uyqudan oldin va ovqatlangandan keyin tishlarni tozalash, toza kiyim, umuman, tozalikka qat’iy rioya etish sog‘lom turmush tarzining asosiy shartlaridan hisoblanadi.Unutmang! Sog‘lom turmush tarzi, bu — har qanday kasalliklar profilaktikasi va salomatlik, kuch-quvvat garovidir. U insonning turli qirralarini rivojlantirish, muvaffaqiyatga erishish garovidir. Sog‘lom turmush tarzi qoidalariga rioya etgan odam oilasi, mehnat jamoasi, umuman, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘ladi, turli murakkab vaziyatlarni yengib o‘tish, hayot qiyinchiliklari oldida o‘zini yo‘qotmaslikka o‘rganadi.
Yana bir gap! Sog‘lom turmush tarzi qoidalari bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi, biri ikkinchisiz sodir bo‘lishi amrimahol. Ularni ertaga qoldirmasdan, hoziroq amalga oshirishni boshlash bilan sog‘lom va baxtli hayot sari ilk qadamlarimizni tashlagan bo‘lamiz.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, inson salomatligining 50-52 foizi turmush tarziga, iste’mol qilayotgan oziq-ovqatiga, 20 foizi atrof-muhit ta’siri va 8-10 foizi tibbiy xizmat darajasiga bog‘liq. Bundan ko‘rinadiki, vitaminlarga boy mahsulot iste’mol qilish, sog‘lom turmush tarziga e’tiborli bo‘lish sog‘lom hayot kechirishning asosiy omilidir.