Din psixologiyasi - bu tushunchani birinchi marta Shleyermaxerning “Psixologiya” kitobida uchratish mumkin. Unda boshqa dinga sig‘inishga o‘tganlarning ichki xis-hayajonlari bilan bog‘liq jarayonlar tadqiq etilgan bo‘lib, tavba-tazarru, gunoh, diniy kitob amrlariga bo‘ysunish va boshqalar tadqiq etilgan. Dinga sig‘inish kayfiyati jamiyatda sodir bo‘ladigan keskin o‘zgarishlar, inqiroziy vaziyatlarda yaqqol namoyon bo‘ladi. Ayni chog‘da din psixologiyasi nisbatan jiddiy emotsional xolatlarsiz ham o‘zini namoyon etishi mumkin. Din psixologiyasi negizida katarsis (poklanish) yotadi. Poklanishning birinchi bosqichida ruhiy inqiroz, hayotdan qoniqmaslik, axdoqiy va dunyoqarashga doir izlanishlar ro‘y beradi. Ikkinchi bosqichda his-tuyg‘uda to‘satdan “burulish” - qalb ravshanlanib, individ xudoga yaqinlashgandek bo‘ladi. Uchinchi bosqichda qizg‘in his-hayajon o‘rnini xotirjamlik, o‘z fe’l-atvoridan qoniqish ruhi egallab, ichki dunyo ziddiyati o‘rnini diniy iymonga asoslangan uyg‘unlik egallaydi.
Xulosa o’rnida shuni ta’kidlamoqchimizki, O‘zbekiston Respublikasida ziyolilar oldiga ma’naviy barkamol insonni shakllantirish vazifasi qo‘yilgan bir paytda din masalasini chetlab o‘tish mumkin emas. Dunyodagi dinlarning barchasi ezgulik g‘oyalariga asoslanadi va yaxshilik, tinchlik, do‘stlik kabi xususiyatlarga tayanadi. Din odamlarni halollik va poklik, mehr-shafqat, birodarlik va bag‘rikenglikka da’vat etadi. Milliy va diniy qadriyatlarni yaxshi bilmay, ularning hurmatini o‘rniga qo‘ymay turib, inson yuksak ma’naviyatli bo‘la olmaydi.