Animizm (lotincha – jon, ruh) jon va ruhlarga sig‘inish bo‘lib, hali qabila jamoalari shakllanmagan davrlarda paydo bo‘lgan. Ingliz etnologi E.Teylor 1871 yilda animizmni ilk diniy tasavvurlarning dastlabki bosqichi sifatida e’tirof etgan. Ruhlarning borligiga ishonish, tabiat kuchlari, hayvonlar, o‘simliklar va jonsiz narsalarni jonli deb tasavvur qilish, ajdodlar ruhini ilohiylashtirish animizmning mohiyatini tashkil etadi. E.Teylor fikriga ko‘ra, ibtidoiy odamlar odam o‘lgandan keyin uning joni tanasidan ajraladi va abadiy yashaydi, deb hisoblaganlar. SHu sababli qabrga marhumning qullari, uy hayvonlari, taomlar, kiyim–kechaklar, uy–ro‘zg‘or buyumlari va boshqa anjomlarini ko‘mishgan. G‘ayritabiiy kuch haqidagi tasavvurlar insonning har qanday muvaffaqiyati – ovdagi omadi, dengizda qo‘lga kiritgan o‘ljasi, urushdagi o‘rmonlarni ilohiylashtirib, ularni “ruhlar makoni” deb o‘ylaganlar. Ba’zi antropologlar animizmdan oldin ham diniy qarashlar mavjud bo‘lganini da’vo qilib, ular uni “animatizm” deb nomlaydilar. Animatizm bir tomondan narsalarning o‘ziga xos g‘ayritabiiy kuchga ega ekanligiga, boshqa bir tomondan esa ruhlarning mavjudligiga ishonishdan iborat. Bu nazariyaga ko‘ra “ibtidoiy inson” boshqa–boshqa mavjudotlarni shaxs sifatida tanishdan avval, butun bir olamga yoyilgan hayot bag‘ishlovchi yakka “Kuch”ni tasavvuriga keltirgan bo‘lishi mumkin. Bunday bir tushuncha “mana” fikri bilan qo‘llab-quvvatlangan bo‘lishi ham ehtimol. “Mana” so‘zi g‘ayritabiiy, ko‘z bilan ko‘rinmas kuchni ifodalash uchun ishlatiluvchi so‘z bo‘lib, uni ibtidoiy diniy tasavvurga ko‘ra kuchli, ta’sirchan yoki jamiyat tomonidan e’tibor bilan qaraluvchi narsalar (hayvonlar, o‘simliklar, toshlar) yoki kishilar (qabila raisi, sehrgar, donishmand) da mavjudligiga ishonilgan maxfiy kuchni ifodalash uchun ishlatilgan. Ibtidoiy qabila a’zolari o‘zlarini ko‘z bilan ko‘rinmas kuchlar bilan o‘rab olinganliklariga ishonganlar. Bu e’tiqod har bir qabilada o‘zgacha nomlar bilan nomlangan. Teylorning shogirdi bo‘lgan R.Marettining 1909 yilda nashr qilgan “Dinning ibtidosi” nomli kitobida birinchi marta izohlangan bu nazariyada dinning kelib chiqishini shaxsiyati mavjud bo‘lmagan umumiy dinamik kuchdan qidirish, izlash kerakligini bildiradi.
Animistik qarashlarning ko‘plari tarix qa’rida qolgan bo‘lsa ham, ba’zi unsurlari hozirgi kungacha urf–odat va an’analarda saqlanib qolgan. Masalan, vafot etgan ajdodlar ruhiga bag‘ishlab qurbonlik qilish, xudoyi qilish, sadaqa berish, o‘lgan kishilarning arvohini yo‘qlash, chiroq yoqish animistik marosim ko‘rinishlaridir. Animizm har qanday dinning zaruriy elementi – ajdodlarning ruhlari, tirik kishilarning jonlari, tabiat kuchlarining jonli ko‘rinishi sifatida jahon dinlarida ham o‘z ifodasini topgan.