Totemizmning asosi bo‘lgan “totem” (Shimoliy Amerika hindularining “Ojibve” qabilasi lahjasidagi “ot–otem” so‘zidan olingan – “uning urug‘i”) atamasini birinchi marta 1791 yilda Jon Long “insonning hayvon va o‘simliklar bilan qon–qarindoshligi haqidagi ishonch”ni anglatuvchi so‘z sifatida qo‘llagan. Uning fikriga ko‘ra, har bir qabila yoki urug‘ o‘zlarini biror o‘simlik yoki hayvon bilan atagan va ularga aloqador hisoblagan. Bu aloqadorlik o‘ziga xos qarindoshlik sifatida anglangan. Bunday hayvon, o‘simlik yoki buyum muqaddaslashtirilib, unga sig‘inilgan. Qabila boshliqlari o‘z “hokimiyati” ramzi sifatida bo‘ri, ayiq, ilon, ajdaho, qisqichbaqa, ot, burgut, suvsar, baliq, quyosh, oy, yulduz turkumi ramzi tushirilgan belgilar taqib yurganlar. Har bir urug‘ning shajara daraxti bo‘lgan. SHuningdek, “totem” hayvonlarning tishi, suyagi, tirnog‘i tumor qilib taqilgan, kallasi himoya vositasi sifatida osib qo‘yilgan. Ilon ibodatxonalar homiysi sifatida talqin etilsa, ot bor uyga ins–jinslar yaqinlashmaydi, baliq bor joyda yovuz ruhlar chekinadi, deb qaralgan. Qondosh jamoa a’zolari insonlar va ularning “totem”lari –yarmi odam–yarmi hayvon, yarmi odam–yarmi o‘simlik, turli xayoliy jonzotlarning xususiyatlariga ega bo‘lgan ajdodlaridan tarqalganiga ishongan. “Totem”ning zooantropomorf ko‘rinishi bilan aralashgan holda odam inson bilan uning totemi qarindoshligi orasida oilaviy munosabatlar, ya’ni kishi vafot etgach, uning o‘z totemiga aylanishi yoki qayta tug‘ilishi haqida tasavvur paydo bo‘lgan. Bu esa ajdodlar ruhiga sig‘inishning kuchayishi, ilohiy kuchlarga ishonchning ortishiga zamin bo‘lgan. Totemizm bilan birga taqiq (tabu) odati ham mavjud edi. Masalan, jins va yoshga xos taqiq jamoani qat’iy belgilab qo‘yilgan nikoh tabaqalariga ajratib qo‘ygan. Qabila a’zosi bilan yaqin qarindoshlar o‘rtasida jinsiy aloqa o‘rnatish yoki nikoh qilish taqiqlangan. Totemistik tasavvurlarni tabiat va insonni bog‘lab turadigan tasavvurlar mevasi deyish mumkin. Jumladan, qadimgi asotirlarda ilon odamlar haqidagi afsonalar etakchi o‘rinni egallaydi. Ilonlar olam yaralishining sababchilari, o‘ziga xos qiyofa va so‘zlarga, g‘aroyib bilimlarga ega donishmand sifatida tasvirlangan. Ilonlar insonga olovdan foydalanish, ovqat pishirish, musiqa asboblarini yasash, tabiatga oqilona munosabatda bo‘lish kabi bilimlardan voqif etgan, deb ishonilgan. Ilonlar ilohiylashtirilib, kohin va ruhoniylarning madadkori sifatida sig‘inilgan. Markaziy Osiyoda qadimdan bo‘ri, it, xo‘roz, kiyik, ot, tog‘ echkisi totem hisoblanib, ularni inson o‘lgandan keyin narigi dunyo bilan bu dunyo o‘rtasida vositachilik vazifasini o‘taydi, deb tasavvur qilganlar. SHuningdek, kabutar, qaldirg‘och, burgut, turna, oqqush, bedana kabi qushlar ham ilohiylashtirilgan. Totem hayvonlarga bag‘ishlab maxsus marosimlar o‘tkazilib, ularning qiyofasiga kirib, o‘yinga tushishgan. Totemizm unsurlari hozirda ham ko‘plab xalqlar urf–odatlari, e’tiqodlari, an’ana va marosimlarida (Sibir xalqlari ayiq, hindlar sigir, qirg‘izlar oq bug‘u, xitoyliklar mushuk, avstraliyaliklar kenguru, o‘zbeklar semurg‘ni afsonaviy baxt keltiradi, deb ulug‘laydilar) saqlanib qolgan.