SOPOL ASHYOLARI VA BUYUMLARI XOSSALARI Sopol ashyolarning ichki tuzilishi chuqur o‘rganilsa, u darhaqiqat kompozit ashyo ekanligini ko‘ramiz. Ma’lumki, sopol ashyolarni pishirish jarayonida oson eruvchan minerallar erib, qiyin eriydiganlarini o‘zaro bog‘laydi, yoriq g‘ovaklarni to‘lg‘azadi va buyum hajmi bo‘ylab uzluksiz qotgan eritma, ya’ni kompozit ashyolarga xos matritsa hosil bo‘ladi. Soviganda kristall holatga aylanadigan mikrotuzilish, shishasimon ko‘rinishda bo‘lib, sopol mustahkamligini, chidamliligini ta’minlaydi.
Sopol ashyolarning nazariy zichligi 2500—2700 kg/m3 bo‘lganda, ishlatiladigan holatidagi zichligi esa 2000—2300 kg/m3 ga tengdir. Siqilishdagi mustahkamlik chegarasi 0,05 dan 1000 MPa gacha o‘zgaradi. Sopol ashyolar g‘ovakligiga ko‘ra suv shimuvchanligi 0 dan 70% gacha bo‘lishi mumkin. Muzlashga chidamliligiga ko‘ra sopol ashyolar 15; 25; 35; 50; 75 va 100 markalarga bo‘linadi.
Devorbop sopol ashyolar.Devorbop sopol buyumlarga — oddiy sopol g‘isht, samarali sopol ashyolar (bo‘shliqli g‘isht, g‘ovak bo‘shliqli, yengil bo‘shliqli tosh, blok va plitalar, shuningdek, g‘isht va sopol toshlardan ishlangan katta o‘lchamli bloklar va panellar kiradi. Devorbop sopol buyumlar ishlab chiqarish hajmi, ushbu sanoatda 50% dan ko‘p miqdorni tashkil etadi. Shulardan eng keng tarqalgan devorbop buyumlarning xillari quyidagi 4.3-rasmda ko‘rsatilgan.
Sopol buyumlari shakliga, o‘lchamlariga, tashqi yuzasining qanday pardozlanganligiga, o‘rtacha zichligiga va qanday texnologiya qo‘llanilganiga qarab har xil guruhlarga bo‘linadi. Masalan, mayda shakldagi g‘isht va yirik sopol bloklar va panellar shular jumlasidandir. Quyidagi 4.4-rasmda ko‘p teshikli va bo‘shliqli devorbop sopol buyumlar ko‘rsatilgan.
Qurilish g‘ishti.Qurilishda eng ko‘p ishlatiladigan oddiy va ko‘p teshikli devorbop g‘ishtlar oson eruvchan tuproqqa qo‘shilmalar qo‘shib yoki qo‘shilmasiz loydan olinadi. Bunday g‘ishtlar asosan binolarning tashqi, ichki devorlarini, pardadevor, yirik g‘ishtli bloklar, hamda devorbop panellar qurishda ishlatiladi.
Oddiy loy g‘ishti 250 12065 mm va 250120 88 mm li o‘lchamlarda chiqariladi. Devor qurayotganda g‘ishtlararo chok o‘lchami 12 mm dan oshmasligi lozim. Zavodlar ish unumini rejalashtirish oddiy g‘isht hajmidan kelib chiqqan holda hisoblanadi, hajmi 1 m3 bo‘lgan devor qurish uchun 400 ta g‘isht ishlatiladi. 1 ta g‘ishtning og‘irligi 4 kg dan oshmasligi lozim.
Oddiy g‘ishtning xossalari quyidagicha: o‘rtacha zichligi 1600—1800 kg/m3; suv shimuvchanligi kamida 6%; issiqlik o‘tkazuvchanlik koeffitsienti 0,7-0,85 Vt/(m °C); siqilishga mustahkamligi 7,5—30 MPa; egilishga mustahkamligi 1,8-4,5 MPa; ayrim holatlar uchun mustahkamligi 20-50% kichik bo‘lishi mumkin.
Siqilishdagi mustahkamligiga qarab, 7 xil markada g‘ishtlar ishlab chiqariladi: 75, 100, 125, 150, 200, 250 va 300. Muzlashga chidamliligi esa 15, 25, 35 va 50. Nim quruq usul bilan tayyorlangan g‘ishtlarni poydevor, nam yoki suv ta’sirida bo‘ladigan bino qismlarini qurishda ishlatish tavsiya etilmaydi.