O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
O‘RTA MAXSUS, KASB-HUNAR TA’LIMI MARKAZI
O‘RTA MAXSUS, KASB-HUNAR TA’LIMINI RIVOJLANTIRISH INSTITUTI
E. QOSIMOV, M. AKBAROV
PARDOZBOP QURILISH ASHYOLARI
O‘rta maxsus kasb-hunar kollejlari va akademik litsey talabalari uchun o‘quv qo‘llanma
38.619.4
Ј 61
TOSHKENT
«O‘ZBEKISTON» NASHRIYOT-MATBAA IJODIY UYI 2005
O‘rta maxsus ta’lim kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda ta’lim olayotgan talabalar uchun o‘zbek tilida birinchi marta yaratilgan mazkur o‘quv qo‘llanmada qurilishda-pardozlashda ishlatiladigan qurilish ashyolarining xillari, ularning xossalari, ishlab chiqarish texnologiyalari, sanoat va qishloq xo‘jalik chiqindilarini hamda mahalliy qurilish ashyolarini yangi texnologiyalar asosida qayta ishlash, qiziqarli ma’lumotlar, sinov savollari, Respublika standartlari ro‘yxati va boshqalar keltirilgan.
Ushbu o‘quv qo‘llanma suvoqchi, koshinkor, pardoz beruvchi, duradgor, toshlarga sayqal beruvchi, parketchi, g‘isht teruvchi, duradgor va boshqalar uchun tavsiya etiladi.
Taqrizchilar: t.f.d., professor S. Xodjayev, Toshkent Kommunal qurilish kolleji direktori muovini Sh. Jumanov.
Muharrir — R.S. Toirova
ISBN 5-640-03076-3
© «O‘ZBEKISTON» NMIU, 2005.
SO‘ZBOSHI
Aziz o‘quvchi! Siz ushbu kitobni o‘qib, yana bir bor quruvchi mutaxassis bo‘layotganingiz bilan faxrlanasiz. Chunki, qurilish san’atining alifbosi ulkan maydonlarda ishlatilayotgan qurilish ashyolaridan boshlanadi. Qurilish ashyolari fanini mukammal o‘rganmasdan uy-joy va sanoat inshootlarini ta’mirlashda ishlatilayotgan oddiy tuproq, qum yoki shag‘alni ishlatish usullarini bilmaysiz.
Asl mutaxassislikni egallashda ishni kasb-hunar kollejlarida o‘qishdan boshlaganingiz juda to‘g‘ri bo‘lgan. Kelajakda rahbar lavozimlarda ishlaganingizda pardozchi ishchining ichki tuyg‘ularini, ish faoliyatidagi muammolarni hal qilish sirlarini, sifatli pardozbop qurilish ashyolarini tanlash va ishlatishni amalda qanday bajarish kerakligini bilgan bo‘lasiz. Bu esa Sizni kelajakda yanada katta muvaffaqiyatlarga erishishingizga yo‘l ochadi. Bundan tashqari, Siz ta’mirlagan va uy-joylarga pardoz berganingizdan keyin, qo‘yilgan ilk bor qadam sohibi, avvalo Sizni duo qiladi, «Otangga balli» deya mehnatingizga baraka tilaydi.
Ushbu darslikda bino va inshootlarni ta’mirlash va pardoz berish uchun kerak bo‘ladigan qurilish ashyolarining xillari, ularning xossalari, xomashyolarni qayta ishlash texnologiyasi va olingan ashyolarni ishlatishga doir ma’lumotlar yetarlicha yoritilgan. Bulardan tashqari, darslikda O‘zbekistondagi qurilish ashyo- laribop xomashyo zaxiralari, ulardan olinadigan ashyolarning xillari, xossalari va ishlatilishiga alohida to‘xtalib o‘tilgan.
KIRISH
«O‘z tarixini bilmaganning kelajagi yo‘q». Prezidentimizning bu so‘zlari nafaqat ma’naviy va ma’rifiy yo‘nalishlar uchun, shuningdek, jamiyatimizning shakllanishini ta’minlovchi barcha sohalar uchun ham taalluqlidir.
Vaqt o‘tishi bilan insoniyat har xil shakldagi buyumlarni tayyorlashni va ularning mustahkamligini oshirish maqsadida quritish va kuydirishni o‘rgangan. Sopol buyumlar ishlab chiqarish bir necha ming yillardan beri mavjud. Nil daryosi o‘zani ostida 20 metr chuqurlikda sirlangan sopol parchasi topilgan. Misrda bundan 12 ming yil avval gil g‘ishtdan qurilgan qadimiy arxitektura yodgorliklari bizning davrimizgacha saqlanib kelgan.
Bog‘lovchi moddalarning bundan 4-5 ming yil avval sun’iy yo‘l bilan hosil qilinganligi ma’lum. Misrdagi hashamatli yodgorliklardan Fir’avnlar qabri, Xeops piramidasi, Karnakedagi Amona ibodatxonasi kabi noyob yodgorliklar eramizdan 2-4 ming yil avval xarsang toshdan qurilgan.
O‘rta Osiyoda bundan bir necha ming yil muqaddam sirlangan sopol buyumlar tayyorlash sopol san’atining muhim tarmoqlaridan biri edi. Kulollar gildan turli-tuman buyumlar yasab, ularni har xil chidamli ranglar bilan bezaganlar. X asrda Farg‘ona va Samarqandda yasalgan sopol buyumlarning bir necha nusxasi topilgan. Ulardagi gil-naqshlar va ranglar to‘la saqlangan. Bundan 6 ming yil muqaddam Turkiston janubidagi (Kaaxka stansiyasi yonida) qadimgi qishloqda o‘tkazilgan qazish ishlari natijasida sopol, tosh va mis buyumlar topilgan.
X—XV asrlarda va undan keyin O‘rta Osiyo xalqlari hashamatli inshootlar qurishda rangli g‘isht, har xil rangda sirlangan sopol taxtachalarni bezakli qoplamalar sifatida ishlatganlar. X asrda qurilgan Buxorodagi Ismoil Somoniy maqbarasi, XI asrda Buxorodagi 50 metr balandlikdagi pishiq g‘ishtdan qurilgan «Minorai Kalon», Samarqanddagi «Amir Temur», «Shoxi-Zinda» maqbaralari (XV asr) va boshqalar o‘sha davrning mashhur me’morchilik yodgorliklaridandir.
Pardozbop qurilish qorishmalari tayyorlashda, asosan, bog‘lovchi moddalardan gil, ohak, gips, ganch, tog‘ mumi (ozokerit), tog‘ jinsi — trepel, opoka qo‘shilgan ohak (ohak-putssolan bog‘lovchi modda) kabilar ishlatilgan. Qorishma tayyorlashda o‘zbek quruvchilari xilma-xil aralashmalardan keng foydalanganlar. Jumladan, vulqon shishasi, oq gil (kaolin), hayvon qoni, tuxum sarig‘i, suyak yelimi, shirali moddalar qorishma mustahkamligi va chidamliligini oshirish uchun ishlatilgan. Ajdodlarimizning katta mahoratga ega ijodkor quruvchi ekanligiga ming yillik tariximizdan xabar beruvchi noyob yodgorliklar misol bo‘la oladi. Buxorodagi, IX-X asrlarda bunyod etilgan Ismoil Somoniy maqbarasi yarim shar shaklidagi gumbaz bilan yopilgan. «Qalamcha» uslubida terilgan betakror pardozbop pishiq g‘isht bezaklari bo‘yra to‘qimasini eslatadi.
Shuningdek, 1127-yilda Arslonxon tomonidan qurilgan «Minorai Kalon» poydevori ohak, qamish kuli va shinni asosida tayyorlangan qorishma bilan terilgan toshdan iborat. Bunday qorishma poydevorni nam ta’siridan saqlaydi. Asosining diametri 9 metr, balandligi 50 metr bo‘lgan minora pishiq g‘isht bilan ganchxok loyida terilgan.
Ark IX asrda Somoniylar davrida shaharning eng baland tepaligiga qurilgan. Ikki ming yillik davrda tashqi ta’sirlarga bardosh bergan paxsa va xomg‘isht devorlari qiyofasi hozir ham o‘zgarmagan. Avlodlarimizning me’morchilik san’atida hayratga soluvchi klassik asarlaridan yana biri Xivadagi Ichan qal’a majmuasidir. Ichan qal’a asosi miloddan avvalgi V asrda qurila boshlangan. Ustki qismi esa bundan 200 yillar avval qurilgan. 26 gektarga yaqin maydonni o‘rab turgan devorlar va qal’aning ichkari qismidagi turarjoy binolari va inshootlar, asosan, xomg‘isht va paxsadan qurilgan. Xomg‘isht va pishmagan loydan qurilgan inshootlarning bunchalik chidamli bo‘lishi, nam va ob-havo ta’sirida buzilmaganligi, bo‘lajak quruvchilar oldiga qo‘yilgan jumboq bo‘lib turibdi. Shu kunlarda arzon va samarali qurilish ashyolari nima uchun quruvchilar e’tiborida emas? Nima uchun bunday ashyolarga me’yoriy hujjatlar ishlanmagan?
Mustaqillik yillarida qurilish ashyolari ishlab chiqarish sifati ancha takomillashdi. Qurilish ashyolari ishlab chiqarish sanoatining eng muhim vazifalari mahalliy xomashyodan keng foydalanish va buyum ishlab chiqarishni rivojlantirish, ularning sifatini oshirish va qurilish tannarxini kamaytirish, shuningdek, har tomonlama eskirib qolgan mashina-uskunalarni zamonaviy texnologiyalarga almashtirishdir.
Mualliflar o‘quv qo‘llanmaning yaratilishida o‘zlarining qimmatli maslahatlari bilan yaqindan yordam bergan t.f.n.lari Nasrullo Mavlonov va Alisher Ubaydullayevga chuqur minnatdorchilik bildiradilar.
Shuningdek, ular o‘quv qo‘llanma yuzasidan bildirilgan barcha fikr-mulohazalar va takliflarni Toshkent- 11, Navoiy ko‘chasi 13-uyga — Toshkent Arxitektura-qurilish institutiga yuborishingizni so‘rab qoladilar.
Dostları ilə paylaş: |