Education in Malaysia


Oilaviy munosabatlarning ilmiy, nazariy metodologik asoslari



Yüklə 1,82 Mb.
səhifə26/124
tarix28.03.2023
ölçüsü1,82 Mb.
#90806
1   ...   22   23   24   25   26   27   28   29   ...   124
1.3. Oilaviy munosabatlarning ilmiy, nazariy metodologik asoslari


Oila psixologiyasi ijtimoiy psixologiyaning bir tarmog’i sifatida XX asrning oxirlariga kelib shakllangan. XXI asrga kelib esa uning inson hayotidagi ahamiyati va jamiyat ma’naviyatini barqarorlashtirishdagi roli yanada sezila boshladi. Zero, dunyoning qator mamlakatlari, jumladan, rivojlangan davlatlarda ham oila va nikoh munosabatlaridagi bo’hron, psixoterapevtlar yordamiga muhtojlik kabi holatlar ushbu maskanning muammolarini o’rganish va shu yo’nalishda maqsadli tadqiqotlar, ilmiy-amaliy tadbirlarni amalga oshirish lozimligini uqtirmoqda.
Oilaviy munosabatlar psixologiyasi va ushbu masalaga qarashlar tarixidan shu narsa ayon bo’ldiki, inson, uning kim bilan va qanday yashashi muammosiga qiziqish qanchalik uzoq o’tmishga borib taqalsa, oila psixologiyasining fan tarmog’i sifatida shakllanishi shunchalik navqiron va yosh bo’lib, uning shakllanishi yangi davrga to’g’ri keladi.
Oila psixologiyasi fan sifatida oilaning ijtimoiy institut maqomidagi faoliyatining obyektiv qonuniyatlarini, oila-nikoh hamda qarindosh-urug’chilik munosabatlarining mexanizmlari va turmush tarziga oid konkret vaziyatlarda oila a’zolari ijtimoiy xulqining namoyon bo’lishini o’rganadi. Ijtimoiy psixologiyaning amaliy tarmog’i sifatida u nikohga oid ustanovkalarni, oila a’zolari o’rtasidagi munosabatlarning – mehribonlik, g’amxo’rlik, hamdardlik, hamjihatlik, tobelik, bo’ysunish, yetakchilik kabi o’ziga xos qirralarini, oilaviy rollar taqsiomtiva va o’zaro ta’sirning jinsga oid qonuniyatlarini, ota-ona va farzandlar, yaqin qarindosh urug’lar o’rtasidagi hissiy-emosional bog’liqlikni, oilaviy ro’zg’or yuritish va turmush tarzini tashkil etishga bog’liq bo’lgan psixologik jarayonlarning kechishini tadqiq etadi, o’rganadi. Oilaviy hayot psixologiyasi, shunday qilib, insonlarning qanday qilib o’zaro qovushishlari, birgalikda yaxshi niyat bilan oila – ro’zg’or yuritishlari, bahamjihatlikda hayot kechirishlarini o’rganuvchi fan tarmog’idir. Har bir oila konkret davr, vaqt, zamon va makonda mavjud bo’lganligi sababli, u avlodlararo bog’liqlik, ma’naviy meros, milliy an’analar, urf-odatlar va rasm-rusmlarni saqlovchi noyob inosniy uyushmadir. Shu institut bo’lgani sababli, har bir millat, elat va xalqlarning noyob udumlari asrlar osha saqlanib kelmoqda. Umuman, nikoh deb atalmish qadriyatning mavjudligi va unga avlodlarning e’tiqod qilishi ham oilaning muhim vazifasidir.
Ijtimoiy psixologiya oila psixologiyasini o’rganganda, unga jamiyatning bir bo’g’ini, kichik ijtimoiy guruh sifatida qaraydi. Shu sababli ham konkret izlanishlarda uning paydo bo’lishi, mavjudligiga asos bo’luvchi omillarni va tugashi bilan bog’liq holatlarga e’tiborni qaratadi. Zero, oila a’zolari o’rtasidagi munosabatlar bir qarashda emosional hissiyotlarga asoslanganga o’xshasa-da, aslida bir insonning ikkinchisiga ko’ngil qo’yishi, tanlashi, birgalikda umr kechirishi jarayoni ijtimoiy-psixologik qonuniyatlarga to’la bo’ysunadi. Ayrim olimlar, masalan, fransuz tadqiqotchisi Le Ple o’z vaqtida oilada sof psixologik qonuniyatlardan tashqari, ro’zg’orni boshqarish, farzandlar soni va tarkibiga ko’ra oila byudjetining o’zgarishlarini inobatga olib, uni ijtimoiy iqtisodiy qonuniyatlar maskani deb atashni ham taklif etgan. Uning fikricha, oilaviy o’zaro munosabatlar nihoyatda o’zgaruvchan bo’lib, ular zamon va davr ta’sirida, oila a’zolarining soni va sifatiga bog’liq tarzda tinimsiz sifat o’zgarishlarini boshdan kechirishini, hattoki, er-xotin o’rtasidagi odatiy munosabatlar yillar tazyiqi, jamiyat normalari, sanoatning rivoji yoki ma’naviyatning tanazzuli ta’siri ostida boshqacha tus olishi mumkinligini, ota-ona – bola munosabatlari tizimi, bunda hattoki, otaning avtoriteti ham o’zgarib borishi, yaqin qarindoshlar o’rtasidagi psixologik masofa yillar o’tishi munosabati bilan uzoqlashib ketishini ta’kidlaydi.
Xorij mamlakatlarida oilaviy munosabatlarga qiziqish o’tgan asrning boshlarida keskin oshdi. Taniqli tadqiqotchi olimlar U.Jems, Ch.Kuli, U.Tomas, F.Znaneskiy, J.Piaje, Z.Freyd kabilar oilaning davrasida ro’y beradigan shaxslararo munosabatlarning xarakteriga alohida e’tibor berishib, bir shaxsning boshqa bir shaxs ta’sirida qanday qilib, o’z sifatlarini takomillashtirishi, o’zgartirishi, tarbiyalanishi kabi qator masalalarni o’rgandilar. Natijada, bu borada olib borilajak ilmiy izlanishlarning naqadar muhimligi o’z navbatida jamoatchilikning diqqat-e’tiborini tortdi. Olimlar oila borasida o’tkaziladigan tadqiqotlar va unda qo’llaniladigan usullarning noyobligini ta’kidlashib, oila tadqiqotlarida rioya etilishi zarur bo’lgan odob normalari haqida ham fikr yuritganlar. Masalan, amerikalik sosiolog R.Xill va boshqalar oila va nikoh muammosini o’rganishning sermashaqqat ish ekanligini ta’kidlab, usullarni tanlash va respondentlar bilan ishlaganda quyidagi omillarni hisobga olish maqsadga muvofiq ekanligi to’g’risida yozgan:

  • tadqiqot uchun shunday metodikalarni, izlanish vositalarini topish lozimki, toki u bilan respondentlarga murojaat qilinganda, oilaviy hayotga ziyon etmasin, tadqiqotchi ketgach, er-xotin munosabatlari buzilmasin;

  • tadqiqotda oila a’zolari bevosita qatnashishi hisobga olinsa, ushbu jarayon ularning nafaqat o’zaro munosabatlariga, balki psixologik holatlari va kayfiyatlariga ham salbiy ta’sir etmasin;

  • tadqiqotchi ham tirik inson bo’lgani sababli, uning oilaga kirib kelishi, uydagi turmush tarziga, odatlar, o’zaro yaqinlik aloqalariga putur yetkazmasin.

Darhaqiqat, barchamiz uchun juda yaqin va tanishdek tuyulgan oila va nikoh masalalari bilan shug’ullanadigan olimlarga, oila psixologi yoki pedagogi bo’lib faoliyat yurituvchilarga tashqaridan kuzatuvchilar ular ishini osonday tasavvur qilishadi. Lekin ming afsuski, unday emas. Chunki maktabda ta’lim olayotgan bolaning xulqu-odobi haqida ota-ona bilan suhbatlashish ham oson emas, zero, ota-ona ishdan charchab kelgach, xonadonida birinchidan, bolasining o’qituvchisini kutmaydi, qolaversa, ming mehmonnavoz, sertakalluf inson bo’lsa ham o’qituvchining kutilmagan tashrifidan cho’chish, norizolik, “nima derkin bolam haqida” degan shubha, hadik bo’lishi tabiiy. Xuddi shunday, oilaviy munosabatlarga taalluqli ilmiy izlanish olib borayotgan tadqiqotchining har qanday oilaga tashrifi xonadon egalariga yoqavermaydi. Qolaversa, agar respondentlarga taqdim etilayotgan so’rovnoma yoki test o’zaro munosabatlarga, ayniqsa, O’zbekiston sharoitida qaynona-kelin munosabatlariga yoki er-xotinning yaqin munosabatlariga oid bo’lsa, tadqiqotchi ketgach, oila a’zolari o’rtasida “kim taklif etdi, nima maqsadda?” qabiladagi so’rovlar, “tergovlar”ning bo’lmasligiga kim kafolat beradi. Shu bois ham hamisha bizning sharoitimizda oilaviy munosabatlarga oilada tadqiqotlar o’ta odob normalariga bo’ysundirilishi, muammoning nimada ekanligini aniq, samimiy iboralar vositasida tushuntira olish madaniyati katta ahamiyat kasb etadi. Bunda tadqiqotchining qo’lidagi ilmiy “quroli” – metodikalari ham katta ahamiyat kasb etadi.
Oila psixologiyasining asosiy metodlariga quyidagilar kiradi:
Kuzatish metodi. Oilaviy munosabatlarni kuzatish deb oilaviy va turmush vaziyatlarida odamlarning tashqi xulq-atvorini idrok etish va muntazam qayd etib borishga bog’liq faoliyatga aytiladi. Odatda tadqiqot o’tkazayotgan psixologning kuzatayotganligini oila a’zolari bilmasliklari, sezmasliklari kerak. Kuzatuv natijalarini qayd etish aniq ko’rgan-kechirganlarni qanday bo’lsa shundayligicha yozib borish yoki esda saqlab qolib, keyin hyech bir subyektiv xulosa yoki tahlilsiz daftariga belgilab borish tarzida kechadi.
Konkret vaziyatlarni tahlil qilish metodi. Oila muhitida yoki hayotiy sharoitlarda ro’y bergan voqyea-hodisalarni qayd etish unga kompleks yondashuvni talab etadi. Bunda o’rganayotgan shaxs testlar o’tkazishi, oila a’zolarining biografik ma’lumotlarini tahlil etishi yoki aniq maqsadli so’rov o’tkazishi mumkin.
So’rov metodi. Odatda psixolog bir xonadonga kirib, hammada birdan so’rov o’tkaza olmaydi, u kim bilan, qachon va qanday maqsadda so’rov o’tkazishi lozimligini aniq bilishi va oldindan tanlovni belgilab qo’ygan bo’lishi lozim. Odamlar tanlab olingach, so’rovnomaga kiritilgan har bir savolning ifodalanishiga e’tiborni qaraaatish lozim. Chunki bir shaxsga juda oson va aniqday tuyulgan savol boshqa bir shaxs uchun qiyin, noqulay, mavhum bo’lib tuyulishi mumkin. Masalan, savolning mazmunini tushunishda uyda o’tirgan beka bilan oila a’zosi bo’lgan pedagog ayol o’rtasida farq bo’lishi mumkin. So’rov odatda bevosita yuzma-yuz ko’rishib o’tkazilishi, telefon orqali yoki pochta orqali yuborilgan yozma savolnoma tarzida o’tkazilishi mumkin. Oila psixologiyasida so’rovnomalar tarqatish orqali odamlarning fikrlari, munosabatlarini aniqlash keng tarqalgan.
Eksperiment. Ushbu usul yordamida bir omil ta’sirining boshqa bir omil yoki holatning kelib chiqishiga turtki bo’lishini aniqlash mumkin. Odatda oilaviy munosabatlar dinamikasini o’rganishda, u yoki bu hodisalar yoki omillar o’rtasidagi bog’liqlikni aniqlashda eksperiment usulidan foydalaniladi. Bunda bir necha xonadon eksperimental, ya’ni sinov o’tkazilayotgan guruh hisoblansa, boshqalari nazorat guruhi sifatida saqlanadi, eksperimentdan so’ng, olingan natijalar ikkala guruh misolida qiyoslanadi. Chunki bunday taqqoslash o’tkazilmasa, eksperiment o’tkazilgan guruhdagi o’zgarishlarning salmog’ini qayd etish mushkul bo’ladi. Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi olimlari 2006 yilda mamlakatimizning ayrim xududlarida tanlab olingan guruhlarda o’ziga xos eksperiment o’tkazishgan: mahallada “Oila universitetlari” yoki “Ota-onalar universitetlari” tashkil etib, eksperiment oldidan universitet tinglovchilarining qator masalalarda oilaviy ustanovkalarini qayd etganlar, so’ngra aniq dastur asosida 6 oy mobaynida mashg’ulotlar, davra suhbatlari, ma’rifiy tadbirlardan so’ng yana o’sha so’rovnoma orqali ular fikrlari o’rganilib, natijalari monitoring qilinganda, targ’ibot-tashviqot ishlarining samaradorligi qayd etilgan. Bu ham o’ziga xos eksperiment bo’lib, muayyan maqsad va natijani ko’zlaydi.
Statistik metodlar. Matematik statistikaning qator usullari empirik izlanishlar davomida qo’lga kiritilgan ma’lumotlarning qay darajada ilmiy jihatdan asoslanganligini isbotldash maqsadida qo’llaniladi. Ayniqsa, bir hodisa yoki holatning bioshqa bir holat yoki hodisaning oqibati, sababi ekanligini isbot etish uchun statistik metodlarni qo’llash barcha tadqiqotlarning talablaridan biridir. Masalan, oila a’zolarining biror qadriyatlarga nisbatan munosabatlarida yaqinlik, o’xshashlik borligini isbotlash uchun korelyasion metodlardan foydalaniladi. Masalan, Spirmenning yoki Kendallning korrelyasiya koeffisiyentlarini hisoblash usullari bunday sharoitlarda juda qo’l keladi. Yoki olingan empirik raqamlarning ishonchliligi va matematik jihatdan to’g’riligini isbotlash maqsadida tadqiqotchilar Styudentning t – mezonini qo’llaydilar. Bunday yondashuv olimning mehnati asoslangan, ma’lumotlari ishonchli ekanligini tasdiqlaydi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, oila va nikoh masalalarini o’rganish bir tomondan oson, jo’nga o’xshasa, ikkinchi tomondan, o’ta murakkab va nozikdir. Bu holat oila psixologiyasi bo’yicha o’tkaziladigan tadqiqotlarning o’ziga xos metodologik jihatlarini ajratishni taqozo etadi. Avvalo, bu o’rinda oila va nikoh tushunchalarining o’ziga ilmiy ta’rif berish lozim. Eski falsafiy lug’atlarda “Oila – bu jamiyatning yacheykasi (kichik ijtimoiy guruh), er-xotinlik hamda ota-onalik munosabatlarini tiklash orqali shaxsiy turmush tarzini tashkil etishning muayyan ko’rinishi, ya’ni, bir yerda umumiy ho’jalik yuritadigan er va xotin, ota-onalar va farzandlar, aka-ukalar va opa-singillar hamda boshqa qarindoshlarning birgalikda yashashini ifodalovchi muhim bo’g’in”8 deb ta’rif berilgan. Bu kabi ta’riflardan oilaning 4 ta muhim tavsifi kelib chiqadi:

  • Oila – jamiyatning bo’g’ini (kichik ijtimoiy guruh);

  • Oila – shaxsiy yashash tarzini tashkil etish shakli;

  • Oila – er-xotinlarning birlashuvi;

  • Oila – er-xotinlarning boshqa yaqin qarindosh: ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari, momolar va bobolar, farzandlar va ularning farzandlari bilan ko’pqirrali munosabatlar o’rnatish imkoniyati.

Tadqiqotlarda eng muhim metodologik tamoyil shundan iborat bo’ladiki, oilani o’rganayotgan shaxs uni oddiy oila a’zolari yig’indisi sifatida emas, balki barcha oila a’zolari o’rtasida murakkab va serqirra munosabatlar tizimi mavjudligini, ular har bir a’zoning berajak javoblarida aks etishini unutmaslik kerak. Ya’ni, oila va undagi munosabatlar hamisha tashqi psixologik ta’siri komida bo’ladi. Unga kichik ijtimoiy guruh sifatida qarash esa, kichik guruhga xos bo’lgan deyarli barcha ijtimoiy-psixologik qonuniyatlarning borligi va ular har bir oila a’zosining maqomini belgilashini inobatga olishni taqozo etadi. Aslida umuman jamiyat miqyosida olib qaralganda, oila, ayrim olimlar (G.M.Andreyeva, A.I.Zaxarov, V.S.Toroxtiy, N.Ya.Solovyeva va boshqalar) ning haqli e’tirof etishlari bo’yicha, bu – birlamchi guruhdir.9 Ya’ni, birlamchi guruhga xos bo’lgan emosionallilik, munosabatlarda rasmiylik va norasmiylikning uyg’unlashuvi, ijtimoiy-psixologik muhitning insoniy munosabatlarga bog’liqligi va h-zolar oilaviy munosabatlarga ham xosdir.
Shu bois ham oila yo’nalishida o’tkaziladigan tadqiqotlarda uning ijtimoiy guruh sifatida o’zigagina xos bo’lgan sifatlari, xususiyatlari borligini unutmaslik lozim. Bular quyidagilar:

  • bir emas, bir necha umumiy maqsadlarning bo’lishi; ya’ni, agar mehnat jamoasida a’zolarni birlashtiruvchi yagona maqsad tan olinsa, oilada bunday maqsadlar bir nechta ham bo’lishi mumkin va ular oilaviy hayot mobaynida o’zgarib ham turadi. Masalan, yaxshi niyat bilan birgalikda yashash maqsadiga keyinchalik sog’lom farzand ko’rish, o’g’il bola bo’lsa, sunnat to’yi qilish, farzandni maktab ta’limiga tayyorlash, to’y qilish, uylantirish kabi qator yirik maqsadlar va orzu-havaslar paydo bo’laveradi, oilaviy hayotning mazmuni va uning jozibasi ham ana shu kabi maqsadlar va ularni amalga oshirishda er-xotin inoqligi, hamfikrligi bilan belgilanadi;

  • oila a’zolari manfaatlari, qiziqishlari va intilishlari muayyan tafovutlar va kelishmovchiliklarning tabiiy holat ekanligi; ayniqsa, bu oilada katta avlod vakillari ustanovkalari bilan ularning farzandlari o’rtasidagi ziddiyatlarda ham ifoda etadi (avlodlararo ziddiyat), ko’p holatlarda bu kabi tafovut yoki ziddiyatlar konstruktiv xarakter ham kasb etadi;

  • alohida yashaydigan oilada er-xotin munosabatlarining boshqa munosabatlarga sezilarli ta’siri, masalan, farzandlarning tarbiyalanganlik darajasiga;

  • oilaviy murosa yoki hamjihatlikka boshqa qarindoshlar, masalan, keksalarning ta’siri;

  • oila a’zolari o’rtasida hamkorlik faoliyati va uning samrasi unchalik sezilmasligi, masalan, oilada erning o’z o’rni va mashg’ulotlari, ayolning o’z o’rni va vazifalarining bo’lishi va har doim ham birga bir ishni qo’shilib ketmaslik. Oilaviy xasharlar yoki boshqa tadbirlar bundan iste’sno;

  • muomala va o’zaro hurmat normalarining katta ahamiyatga ega ekanligi, hamisha bir-birining ko’ngliga qarashning oila mutahkamligi omili ekanligi;

  • oilada o’zaro sir, yashirin, xufyona ishlarning oialviy munosabatlarga salbiy ta’siri.

Yuqorida ta’kidlangan holatlar oila tadqiqotlarini o’tkazuvchilarni sof ijtimoiy guruhlarda o’tkaziladigan izlanishlarga qo’llaniladigan tamoyillardan biroz chekinishlarini talab qiladi. Ya’ni, oila o’ziga xos insoniy munosabatlar mujassam bo’lgan noyob maskandir.

Yüklə 1,82 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   22   23   24   25   26   27   28   29   ...   124




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin