Aim.uz
Islom dinininng Movarounnahrga kirib kelishi
Reja:
1. Islom dini kirib kelguniga qadar O’rta Osiyodagi vaziyat.
1. Islom dinining O’rta Osiyoga kirib kelishi va yoyilishi.
2. O’rta Osiyoda Islom dinining o’rni va unga munosabat.
Kishilik jamiyati rivojlanishi nihoyatda murakkab va ziddiyatli, unga turli ichki va tashqi, moddiy, iqtisodiy va g’oyaviy-mafkuraviy omillar ta'sir qiladi. Ma'naviyat tarixi va qonuniyatlarini o’rganishni o’rta asrlar bilan cheklab bo’lmaydi. O’rta asrlardan keyin esa renessans (G’arb uyg’onish davri) va ayniqsa ma'rifatparvarlikdan boshlab diniy-falsafiy omillar ma'naviyat rivojlanishida belgilovchi mavqeini yo’qotadi. Sharq xalqlari ma'naviyatida bu hol bir oz keyinroq va boshqacharoq sodir bo’ladi. Hozirgi zamonda jahonning deyarli barcha xalqlari ma'naviyati ko’proq dunyoviylik negizida rivojlanmoqda, garchi dinlarning ta'siri juda kuchli bo’lsada, shu sababdan ma'naviyatning umumtarixiy rivojlanish bosqichlarini aniqlashda bir tamoyilga emas, birdaniga ikki-uch tamoyilga suyangan ma'qulroq. Masalan, diniy-falsafiy, ijtimoiy, tarixiy, nazariy kulturologik tamoyillar asosida kompleks yondashish samarali bo’ladi.
XX va XXI asrlar tutashi davrida hatto ijtimoiy-siyosiy tamoyillar ham me’zon sifatida olinishi mumkin. Zero bu davrda aparteid, irqchilik, milliy zulm va notenglikning har qanday ko’rinishlariga barham berish kabi talablar, inson huquqlari, erkinliklari, demokratik qadriyatlar, global muammolarni hal qilish zarurati butun insoniyatning dunyoqarashi, siyosiy madaniyati va umuman ma'naviyatini o’zgartiryapti.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, o’zbek xalqi ma'naviyati shakllanishi va rivojlanishi tarixiy bosqichlarini quyidagicha tasavvur etish mumkin:
- Eng qadimgi davr (arxeik) va ilk zardushtiylik bosqichi.
- Islomgacha bo’lgan diniy-mafkuraviy plyuralizm bosqichi.
- Islom tamadduning gullab yashnashi va temuriylar davrida qayta uyg’onish bosqichi.
- An'anaviylikning qaror topishi va ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-madaniy tanazzul bosqichi.
- Mustamlakachilik davri madaniyati.
- Istiqlol davri madaniyati.
Demak, O’rta Osiyoda Islom dini kirib kelgnunga qadar ma'naviyat shakllanishi va rivojlanishiga tarixiy bosqichlarini 2 ta, ya'ni, eng qadimgi davr va ilk zardushtiylik bosqichi va islomgacha bo’lgan diniy-mafkuraviy plyuralizm bosqichi.
Birinchi bosqich ma'naviyati neolit, ya'ni, Yangi tosh asri oxiridan to Yunon istilosigacha bo’lgan davrga to’gri keladi. Bu bosqich ma'naviyati haqida tasavvurlarimiz unchalik chuqur va yaxlit emas. Bu tosh asrida yashagan ajdodlarimizning qarashlari, e'tiqodlari, olamga munosabati, turmush tarzi to’g’risida qoyalardagi suratlar, turkiy xalqlar og’zaki ijodida saqlanib qolgan arxaik unsurlar, qoldilar, o’g’iznoma, asotirlar, hamda arxeologik qazuvlarda topilgan moddiy-siyosiy va e'tiqod ibodatga oid ashyoviy dalillar orqali bilamiz.
Ta'kidlash lozimki, bu davrda dastlab narsalarga va sanamlarga sig’inish (fetishizm) s’ngra turli hodisa va ruhlarga sig’inish (animizm – tabiatni jonlantirish), so’ngra tangri, Ko’k, Axuramazda kabi bosh xudo, ezgulik va xayot timsollariga ularning turli ko’rinishlariga – g’ayritabiiy kuchlar, ma'budalarga sig’inish qaror topgan. Mis va bronza asridan bizgacha umumturk asotirlari va O’g’izxon haqidagi asotirlar, «Avesto»ning eng qadim qismida aks etgan asotirlar («Alpomish») hamda Shiroq va To’maris haqidagi afsonalar yetib kelgan, aniq aytish mumkin.
Lekin afsuski, turli sabablarga ko’ra, o’sha davrning mamlakatimizda yaratilgan yirik yozma yodgorliklari, yilnomalari va diniy-falsafiy bitiklaridan birortasi bizgacha to’liq yetib kelmagan. (Xatto «Avesto»ning eng qadimgi bizgacha yetib kelgan nusxasi ham bizning mintaqada emas, dastlab Hindiston parsiylardan topilgan.) Yunonlardan keyin ming yil o’tgach, arablar ham ajdodlarimiz yaratgan yozma yodgorliklarni johiliyani targ’ib etadi deb yo’q qilganlar.
O’rta Osiyoda ma'naviyat shakllanish bosqichi birinchi davrida o’ziga xos xususiyatga ega bo’lgan bir necha qadimgi davlatlar bo’lgani tilga olinadi. Bular katta Xorazm, Baqtriya, Sug’diyona davlatlaridir. Ma'naviyatimiz rivojlanishining birinchi bosqichidayoq ajdodlarimiz ezgulik va yovuzlik, burch va or-nomus, vatanparvarlik va ozodlik, mardlik va fidoiylik kabi yuksak amallarni, abadiy qadriyatlarni chuqur idrok etganini va ijodlarida muxrlab qoldirganining guvoxi bo’lamiz. Birinchi bosqichning oxirgi choragida sug’oriladigan dehqonchilik ancha rivojlandi. Bu ajdodlarimiz falsafiy ta'limotlar va ibodat amaliyotida ilohiylashtirishga, muqaddaslashtirishga sabab bo’ldi.
Ikkinchi bosqich ma'naviyati islomgacha bo’lgan diniy-mafkuraviy plyuralizm bosqichi Bu bosqich Iskandar Zulkarnayn istilosidan arablar istilosiga qadar, ya'ni taxminan ming yildan sal ko’prok davom etdi. Bu davrda xalqlarning madaniyatining qorishuvi, aholi migratsiyasi va tarkibi o’zgarishi avvalgi bosqichga nisbatan ancha kuchaygan va tezlashgan.
Ikkinchi bosqichda biz Markaziy Osiyoda juda rang-barang madaniyat, boy shaharlar, yuksak ma'naviyat vujudga kelganini ko’ramiz. Samarqand, Buxoro, Xiva, Urganch, Termiz, Navtoka (Nasaf), Kesh, Asxikent, Varaxsha, Marv, Balx, Nisa, Xarayva (Xirot), Urva (Tus) shaxarlari gullab yashnadi. Zardushtiylik Bilan bir qatorda Yunon ko’pxudochilik dini, buddaviylik, moniylik keyinchalik esa xristianlikning nestoriy (nasroniylik) mazxabi kirib keldi. Animizm unsurlari ham turli shomonlar, kushnochlar tomonidan irim-sirimlar, ruhiy davolash orqali targ’ib etib turildi.
Faraz qilish mumkinki, bu davrda mintaqamizda diniy mo'tadillik, xayrixohlik va murosago’ylik qaror topgan. Dinlar ortasidagi raqobat mutanosiblikka yirik ijtimoiy ixtiloflarga, to’qnashuvlarga olib kelmagan. Har qanday tarixiy manbalarda, rivoyat va afsonalarda bizning mintaqada yashagan maxalliy axolii o’rtasida ichki diniy to’qnashuvlar, urushlar tug’risida maxsus qayd etilgan ma'lumotlar uchramaydi. Arxeologik kazuvlar dalolat berishicha, bu davrda ajdodlarimiz hunarmandchilikda, amaliy bilimlarda san'atning barcha turlarida haykaltaroshlik, rangtasvir, musiqa, teatr, raqsda yuksak yutuqlarni qo’lga kiritganlar.
Beruniyning xorazmliklar arboblarga nisbatan burjlarni, yil hisoblari va umuman yulduzlar ilmini yaxshiroq bilganliklari to’g’risida ma'lumoti Afrosiyob, Varaxsha, Bolaliktepa, Panjokent, Ajinatepa freskalari, Sopollitepa, Yerqo’rg’on, Quyqirilgan qal'a, Ayritom, Xolchayon, Dalvarzintepa va boshqa ko’plab arxeologik qazilmalardan chiqqan surat chizilgan sopol idishlar, tangalar, san'at buyumlari, xaykalchalar, zargarlik va ibodat buyumlari buni tasdiqlab turibdi. Bu bosqichda yakka hukmronlik qiladigan, hatto yaqqol yetakchilik qiladigan biror dinni ko’rmaymiz. Avvalgi bosqichda turli dinlar e'tiqodlar ancha – muncha uchrasa-da, o’troq xalq e'tiqodida yetakchilik vazifasini Zardushtiylik o’ynagan, deyish mumkin. Ikkinchi bosqichning birinchi, choragi oxirida Surxon voxasi va Farg’ona vodiysida buddaviylik, o’rtalarida esa moneylik zardushtiylikdan kam mavqega ega emasdi.
Olimlarning taxmin qilishlaricha, bizning mintaqamiz buddaviylikning eng ilg’or va estetiklashgan dzenbudizmning vatani bo’lgan. Budan Xitoy, Koreya va Yaponiyaga tarqalgan. Moniylik ham tugal ta'limot darajasiga yetish uchun o’ziga Turon tuprog’ida nisbatan kengroq ijtimoiy tayanch topgan. Demak, Markaziy Osiyoda Islom dini vujudga kelguniga qadar bir qancha diniy e'tiqodlar o’ziga xos shakllangan madaniyat va ma'naviyatni qoldirgan. Madaniyat va ma'naviyat ko’p qirrali, bir necha diniy-falsafiy qarashlar, rang-barang g’oyalar asosida shakllangan mujassamlashgan plyuralistik madaniyat va ma'naviyat deyish o’rinlidir.
Movarounnahrda islom uzil-kesil VIII asr boshida qaror topdi.
Islom dinining O’rta Osiyoga kirib kelishi va tarqalishi bevosita arab istilolari va arablar ko’p asrlik hukmronligining o’rnatilishi bilan bog’liq. O’rta Osiyoga arab yurishlari qariyb 643-644 yil atroflarida boshlangan bo’lsa ham, o’lkani uzil-kesil bosib olishga uzoq davrli kurashdan so’ng faqat arab qo’mondoni Qutayba ibn Muslim al-Bohiliy (704-715) erishdi. Mintaqada yangi siyosiy kuchning paydo bo’lishi oqibatida O’rta Osiyo ikki qismga bo’lindi: 1) Movarounnahr («Ikki daryo oralig’i») va 2) Arodi at-turk («Turklar yerlari», ya’ni arablarga bo’ysunmagan hukmdorlar yerlari). Mazkur ikki hududda islomlashuv jarayonlari turli xilda kecha boshladi.
Movarounnahrning islomlashuviga quyidagi ikki omil bevosita o’z ta’sirini o’tkazdi. Abu Muslim (747-755) qo’zg’oloni davrigacha O’rta Osiyo islomdan oldingi davr hukmdorlari (ixshid, buxor-xudot va boshqalar) o’z mavqelarini saqlab turdilar. Jumladan, ular mahalliy aholini boshqarish va ulardan arablar uchun soliq yig’ish vazifalarini bajardilar. Umaviy hukmdorlari mamlakat ichki ishlariga bevosita aralashmasdan, mahalliy sulolalardan o’lpon olish bilan cheklanardilar. Ba’zida bu o’lpon mahalliy aholidan yig’ilgan jizya (boshqa din vakillaridan yig’iladigan soliq) sifatida qabul qilinar edi. Bu esa keyinchalik islom dinini qabul qilgan aholidan oddiy soliq yoki jizya yig’ish masalasida chigallikning kelib chiqishiga sabab bo’ldi. Ikkinchi omil Umaviylar davrida (661-750) arablarning mahalliy aholi tarafidan islom dinini qabul qilishga monelik qilishlari bilan bog’liqdir. Chunki arablar ilk davrda talay imtiyozlarga ega edilar. Bu davr qoidalariga ko’ra, islom dinini qabul qilgan kishi «arab»ga aylanar, ya’ni jamiyatda arablar kabi imtiyozlarga ega bo’lardilar.
Bu holda mahalliy musulmonlardan jizya olmaslik, arab va arab bo’lmagan musulmonlarning teng huquqliligi uchun kurash olib borgan islom dini ichidagi murji’iylar diniy-siyosiy harakat g’oyalari Movarounnahrda keng tarqalish imkoniyatlariga ega bo’ldi. Chunki o’lkada arab bo’lmagan musulmonlarning haq-huquqlari arablar tomonidan poymol etilardi. Murji’iylarning faol harakatlari VII asrning 20-40 yillariga to’g’ri keladi. Murji’iy al-Horis ibn Surayj qo’zg’oloni (734-746) Movarounnahr aholisi tarafidan qizg’in qo’llab-quvvatlandi. I/VII asrda shakllana boshlagan murji’iylarning aynan imon va amalning ayri-ayri ekanligi haqidagi qarashlari bu hududda yerli aholining hech bir qiyinchiliksiz islomni qabul qilishlariga, shuning barobarida, yangi shakllanayotgan islom jamiyatida teng huquqlilikka erishishlariga qulay sharoit yaratib berdi; keyinchalik esa – ular garchi arab tilini, qiyin diniy amallarni, o’zlariga butkul yot muhitni to’la anglab yetmasalar-da, ijtimoiy mavqelari va milliy-madaniy qadriyatlarini saqlab qolishga muvaffaq bo’ldilar. Abu Muslim (749 yil) harakati g’alabasi oqibatida arab bo’lmagan musulmonlarning arablar bilan teng huquqlilikka erishishi natijasida murji’iylik g’oyalari siyosiy-ijtimoiy sohadan ilohiyot fani jabhasiga ko’cha boshladi.
G’arbda Shom va Misrning Sharqda Eron va Markaziy Osiyo mamlakatlarining islom ta'siriga o’tishi Yangi tamaddun shakllanishini tezlashtirdi. Zero, bu mamlakatlarda ma'naviy madaniyat, ayniqsa, ilm-fan, adabiyot va san'at hamda iqtisodiyot, savdo-sotiq, hunarmandchilik va siyosiy institutlar Xijozga nisbatan ancha rivojlangan va qadim an'analarga ega edi. Arab xalifaligi bu borada o’z tarkibiga kirgan mamlakatlarda ilgari erishilgan yutuqlarning ko’pchiligiga voris bo’ldi. Ular islom mafkurasiga moslashtirilib Yangi tamadduning asosiga qo’ydi.
Islom tamadduning shakllanishi va ravnaq topishiga bizning ajdodlarimiz ham munosib hissa qo’shdilar. Bu moddiy madaniyatning dehqonchilik, chorvachilik tarmoqlarning ba'zi sohalarga, geodeziya, yer o’zlashtirish, irrigatsiya va melioratsiya, sug’orish inshootlari qurish, shaharsozlik bilan bog’liq ayrim yutuqlarga tegishli. Ipakchilik, paxtachilik, to’qimachilik, polizchilik, bog’dorchilik, qishloq xo’jaligi va chorvachilik maxsulotlarini qayta ishlash bo’yicha ajdodlarimiz to’plagan tajriba, shuningdek parvarish qilinadigan o’simliklarning ba'zi turlari arab mamlakatlariga tarqaldi.
Davlat boshqaruv va harbiy san'atni rivojlantirishga ham ajdodlarimiz qo’shgan hissa benihoya katta. X asr oxiridan boshlab XVII asrgacha islom mamlakatlarining aksariyati (aholisi turkiy bo’lmaganlari ham), ayrimlarini esa XIX-XX asrgacha turkiy sulolalar boshqargan, Mahmud Gaznaviy, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur kabi buyuk sarkardalar bobokalonlarimiz orasidan chiqqani buning dalilidir. Somoniylar, Gaznaviylar, Qoraxoniylar, Saljuqiylar, Xorazmshoxlarning davlat tizimi, Nizomulmulkning “Siyosatnoma”si, Temurning «Tuzuklar»i, Temur va temuriylar davrida yer, mulk munosabatlari, suvdan foydalanish tartibi, bojxona va soliq tizimi, savdo yo’llarining, bozorlarning davlat himoyasida bo’lishi, aholini ijtimoiy muhofaza qilish tizimi davlat vazifalarini kengayishiga va takomillashuviga xizmat qildi.
Islom ilmi birdaniga yetuk holda shakllanib qolmagan. Muhammad payg’ambar (s.a.v) vafotidan keyin bir oz muddat o’tkach, islomning asosi bo’lmish Qur'oni Karimni kitob holatiga keltirib, unga tartib berish, so’ngra Qur'onga, payg’ambar ko’rsatmalariga muayyan misollar bo’yicha bildirilgan fikrlar, mulohazalari, amaliy qarorlariga tayanib, islomiy dunyoqarashni hamda islom ibodati, axloq huquq me'yorlarini, ya'ni shariatni va fiqhni yaratish zarurati tug’ildi.
Islom bizga yetib kelib, bir ikki avlod davomida xalq ongida mahkam o’rnashgunga qadar, Qur'onga tartib berilgan fiqh maktablari (mazxablar), shariatning ko’pchilik me'yorlari belgilangan va jadal sur'atlarda rivojlanishi, boyishi, takomillashuvi davom etmoqda edi. Bu davrda islom olimlarining asosiy e'tibori payg’ambar hadislarini to’plab, ular negizida ibodat, axloq va huquq, ya'ni shariat masalalarini yoritishga qaratilgan edi.
Yuksak madaniy, ilmiy-intellektual salohiyatga ega bo’lgan Markaziy Osiyo xalqlari islomni qabul qilgach, ular orasidan yetishib chiqqan olimlarning bir qismi islom ilmini rivojlantirish bilan shug’ullana boshladi va ulardan eng buyuklari o’z sohalarida yetakchi o’rinlarga chiqib oldi.
Xadis ilmida tan olingan 6 ta buyuk muhaddisning to’rttasi Markaziy Osiyodandir. Ular orasidan uchtasi Muxammad ibn Ismoil al-Buxoriy (824-898), Abu Abduraxmon an Nasaiy (830-915) aynan hozirgi O’zbekiston hududidan yetishib chiqqan.
Imom al-Buxoriy to’plagan xadislar «Al Jome' as-saxix» yoki «Saxixi Buxoriy» deb ataladi va dunyo musulmonlarining 90 foizi uchun Qur'ondan keyingi eng mo'tabar va asosiy manba hisoblanadi. Al-Buxoriy, at-Termiziy, an-Nasoniy xadislari to’plamlari va boshqa asarlari ham kamida 12 asrdan buyon necha avlodning dunyoqarashi, axloqi, imon-e'tiqodi, hayotga munosabati – ma'naviyati shakllanishiga, takomillashishiga bevosita yoki bilvosita ta'sir ko’rsatib kelmoqda.
Fiqh (islom huquqi) ilmini rivojlantirishda katta xizmat qilgan Burxoniddin Marg’iloniy (1197 y vafot etgan), Abu Lays Samarqandiy, Abdul Hasan Xorazmiy, Najmiddin an-Nasafiy va boshqalar nomi mashhur. Ayniqsa, Burxoniddin Marg’iloniyning «Hidoya-fil-furuz» asari xanafiya mazxabi bo’yicha islom huquqshunosligining eng teran asarlaridan biri sifatida nafakat islom olamida balki, G’arbda ham mashhur.
Islom ilohiyot ilmi (islom diniy-falsafiy ilmi) kalom – yakka xudolik, tavhid, olam, borliq, inson ularning yaratilishi, mohiyati, mavjudligi, e'tiqod mazmuni, olamning, insonning o’zgarishi, taqdiri va h.k. masalalarni qamrab oladi. Shu bois «At –tafsir al-Qur'on» ilmi dastlab kalomning tarkibiy qismi hisoblanadi.
Kalom ilmini rivojlantirishda ajdodlarimiz munosib hissa qo’shdilar. Muhaddislik va fiqh sohalari kabi kalom ilmi borasida atoqli va daho olimlarni mutakallimlari yetishtirdi. Bu daho olimlardan Abu Mansur al-Moturidiy va Abul Mu'in an-Nasafiy nomlarini eslash kifoyadir.
Diniy ta’lim tizimi. Musulmon dunyosida diniy ta’limning tashkil etilmagan shakli asosiy bo’lib, unda ustoz-shogird binomi muhim rol o’ynaydi. Maktab-madrasa tizimi vujudga kelishida metsenatlik (homiylik) hal qiluvchi omil bo’lib xizmat qildi. Davlatning yoki shahar boylarining homiyligi bu tizim bitiruvchilariga o’ziga xos ijtimoiy buyurtma vazifasini o’tar edi. Avvaliga ijtimoiy vazifa hisoblangan o’quv jarayonini tashkil etish ustidan nazorat etuvchi shayx al-islom mansabi ham ko’p o’tmay davlat e’tiborini o’ziga qaratdi. Natijada diniy ta’lim tizimini tashkil etish jamiyat hayotida strategik omillardan biriga aylandi. Kim bu jabha ustidan nazorat o’rnatib, uni boshqara olsa, u jamiyat rivojlanishi yo’nalishlarini belgilay boshladi.
O’rta Osiyodagi diniy ta’lim tizimi mazmunan ikki davrga bo’linishi mumkin: 1) Mo’g’ullar istilosidan avvalgi davr; 2) Mo’g’ullar istilosidan keyingi davr. Bu ikki davr darsliklar ro’yxati, ta’limning maqsadi, undagi o’qitish darajalariga qarab bir-biridan ancha farq qiladi. Temuriy Shohrux (1405-1447) davrida ikkinchi davr yangi diniy ta’lim tizimining tamal toshi qo’yildi. Mazkur tizim, ba’zi kichik tafsilotlarni hisobga olmaganda, to XX asr boshlarigacha o’zgarmay keldi. Uning negizini Movarounnahr va Huroson ulamolari yaratgan asar-darsliklar qurdi. Bu yerda Moturidiya-Ash’ariya kalomi qorishmasi, hanafiy fiqhi, ahl al-hadis to’plamlari, arab filologiyasi, mantiq bo’yicha darsliklar asosiy o’rinda turar edi.
Islohotlar. Yevropa madaniyatining nisbatan kech – XIX asr o’rtalarida O’rta Osiyoga kirib kelishi jamiyat hayotining turli jabhalarida, shu jumladan, din sohasida ham islohotlarning boshlanib ketishiga turtki bo’ldi. Usul-i jadid tarafdorlari diniy ta’lim tizimini tubdan o’zgartirish jamiyatni isloh qilishda hal qiluvchi omil bo’la oladi deb hisobladilar. Usul-i qadim tarafdorlari esa an’anachilik mavqeini egalladilar. Diniy ta’lim islohchilaridan kommunistlar darajasiga bo’lgan yo’lni bosib o’tgan jadidchilar dunyoviy ta’lim tizimini yaratishni diniy ta’lim tizimini batamom yo’q qilish orqali amalga oshirish amaliyotini ma’qulladilar. Bu esa o’sha paytda olib borilgan sekulyarizm (hayotning barcha jabhalarini din ta’siridan to’lig’icha tozalash) siyosatiga mos kelardi. Natijada islohchilik harakati din va din peshvolarini ta’qib etish siyosatiga aylanib ketdi. Qatag’on yillarida uch karra olib borilgan «katta tozalash»lar («chistka» – 1927, 1936-37, 1949 yillar) oqibatida ma’naviyat va ma’rifatga talafotlar yetkazildi.
Nazariy islom va xalq islomi. Mazkur xatti-harakatlar salbiy oqibatlaridan eng asosiysi – diniy madaniyatning nazariy qismi daf etilib, diniy hayot dinning quyi darajasi – xalq islomi bilan cheklanib qoldi. Natijada ma’naviy qashshoqlashish chuqurlashib, milliy madaniyat bir taraflama rivojlana boshlanadi. Diniy hayot oilaviy marosimlar (janoza, xudoyi), tabibchilik, folbinlik, muqaddas joylarga ziyorat (mushkil-kushod) kabi amallar chegaralandi. Oilalarda, hujralarda noqonuniy (illegal) xususiy diniy ta’lim berish kuchaydi. Tabiiyki, tez orada bu sohalardagi faoliyat nazorat qilib bo’lmaslik darajasiga yetdi. Ba’zi diniy faollar siyosiy muxolifat mavqeini egalladilar. Mayda tovar ishlab chiqarish (tomorqa, savdo-sotiq, mayda va o’rta biznes) kapitalistik rivojlanishning negizidir. Bu iqtisodiy muhitning mafkurasi aksar hollarda xalq islomidan ozuqa oladi. Mazkur ijtimoiy qatlamlarning kuchayishi yangi diniy ideologlarni maydonga olib chiqdi. Noto’liq, bir tomonlama bilim olgan, nazariy jihatdan zaif din peshvolari ikki yo’l o’rtasida turib qoldilar.
Milliy manfaatlar va mahalliy ulamolar. Islom madaniyati alohida olingan muayyan jamiyatlarda rivojlandi va buning natijasida ma’lum mintaqaviy shakllarga ega bo’ldi. Konkret islom faqat mintaqaviy shakllardan tashkil topgan. Mintaqaviy islom asosida milliy madaniyat, mafkura va manfaatlar yotadi. Uzoq asrlar rivojlanish natijasida O’rta Osiyoda ham islom dini milliy madaniyat bilan chambarchas bog’lanib ketdi. Natijada O’rta Osiyo sivilizatsiyasi doirasida islomning to’la qonli, o’z-o’ziga yetarli, har taraflama boy shakli vujudga keldi. Unda umumislomiy unsurlar bilan birgalikda regional milliy xususiyatlar ham mavjuddir. Asrlar osha mazkur nazariy va amaliy bilimlar xazinasi saqlovchisi va uni o’zgargan davrga moslab turuvchi – yuksak darajada tayyorgarlik ko’rgan mahalliy ulamolar bo’lib kelgan. Bu ulamolar muhiti – mintaqaviy islomning muhim tashkil etuvchi qismidir. Keyingi ikki asr davomida bu muhitning surunkali zaiflashib borishii oqibatida mintaqamizga islom dunyosining boshqa qismlaridan begona milliy manfaatlar vakillari, ifodachilari bo’lgan yot ulamolarning kirib kelib, faoliyatlarini boshlab yuborishiga sabab bo’ldi. Milliy tiklanish, rivojlanish shartlari diniy hayotda normal holatni shakllantirishni talab etadi.
O’tilgan mavzu bo’yicha savollar:
O’rta Osiyo xalqlari diniy tajribasi tarixi qaysi davrdan boshlanadi?
Islomlashuv jarayonida milliy madaniy qadriyatlar ahamiyati qanday?
O’rta Osiyolik qanday olimlarni bilasiz?
Islom ta’limotini rivojlantirishda o’rta osiyolik ulamolarning roli qanday?
Yevropa madaniyati kirib kelishi bilan diniy hayotda qanday o’zgarishlar yuz berdi?
Diniy ekstremizmga qarshi kurashda nimalarning ahamiyati bor?
Adabiyotlar:
Karomatov Q. Qur’on va o’zbek adabiyoti. T.: FAN, 1993.
Xayrullaev M.M. Uyg’onish davri va Sharq mutafakkirlari. T.: FAN, 1971.
Bosworth C.E. The New Islamic Dynasties. A chronological and genealogical manual. Edinburgh: University Press, 1996.
Bibliography of Islamic Central Asia. Compiled and edited by Yuri Bregel. Parts I-III. Bloomington: Indiana University, 1995.
DeWeese D. Islamisation and Native Religion in the Golden Horde. Baba Tukles and the Conversion to Islam in Historical and Epical Tradition. Pennsylvania: Pennsylvania State University Press, 1994.
Kavakc?, Yusuf Ziya. XI ve XII. As?rlarda Karahanl?lar Devrinde Mavara’ al-Nahr Islam Hukukcular?. Ankara, 1976.
Kurt H. Orta Asya’n?n Islamlashma Sureci (Buhara ornegi). Ankara. 1998 (Fecr Yay?nlar?, 58).
Madelung W. The Spread of Maturidism and the Turks // Actas IV Congresso de Estudos Arabes e Islamicos. Coimbra-Lisboa 1 a 8 de Setembro de 1968. Leiden: E.J.Brill. 1971, B. 109-168.
Madelung W. The Early Murji’a in Khurasan and Transoxania and the Spread of Hanafism // Der Islam, LIX (1982), B. 32-39.
Paul J. Doctrine and Organisation: The Khwajagan / Naqshbandiya in the First Generation after Baha’uddin // ANOR. No. 1. Halle-Berlin, 1998.
Subtelny, Maria Eva and Khalidov, Anas B. The Curriculum of Islamic Higher Learning in Timurid Iran in Light of the Sunni Revival under Shah-Rukh // Journal of the American Oriental Society, 115 (1995), B. 210-236.
Babadjanov B.M. Politicheskaya deyatelnost shayxov Nakshbandiya v Maverannaxre (1 pol. XVI v.). Dissertatsiya na soiskanie uchenoy stepeni kandidata istoricheskix nauk. T., 1996.
Bolshakov O.G. Gorod v kontse VIII-nachale XIII v. // Belenitskiy A.M., Bentovich I.B, Bolshakov O.G. Srednevekovыy gorod Sredney Azii. Leningrad, 1973, B. 132-352.
Ibragimov N. Ibn Battuta i yego puteshestviya po Sredney Azii. M., 1988.
Islam na territorii bыvshey Rossiyskoy imperii. Entsiklopedicheskiy slovar. Pod redaktsiey S.M.Prozorova. Vыpuski 1-3. M., 1998-2001.
Kamaliddinov SH.S. «Kitab al-ansab» Abu Sa’d Abdalkarima ibn Muxammada as-Sam’ani kak istochnik po istorii i istorii kulturы Sredney Azii. Tashkent: FAN, 1993.
Kochnev B.D. Musulmanskiy chekan Sredney Azii // Islam na territorii bыvshey Rossiyskoy imperii. Vipusk 3 (2001), B. 69-71.
Radtke, Bernd. Teologi i mistiki v Xurasane i Transoksanii // Sufizm v Tsentralnoy Azii (zarubejnыe issledovaniya). Sbornik statey pamyati Frittsa Mayera (1912-1998). Sostavitel i otvetstvennыy redaktor A.A.Xismatulin. Sankt-Peterburg, 2001, B. 40-76.
Aim.uz
Dostları ilə paylaş: |