122-modda. Voyaga etmagan va voyaga etgan mehnatga layoqatsiz shaxslarga ta’minot berish majburiyati Ushbu Kodeksning 123-128-moddalarida ko’rsatilgan shartlar mavjud bo’lsa, voyaga etmagan, shuningdek voyaga etgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj shaxslarga ta’minot berish majburiyati sud tomonidan ularning qarindoshlari: bobo, buvi, nevara, aka-uka, opa-singil, shuningdek o’gay ota va o’gay ona, o’gay o’g’il va o’gay qiz, doimiy tarbiyada bo’lgan shaxslar zimmasiga yuklatilishi mumkin.
123-modda. Bobo va buvining o’z nevaralariga ta’minot berish majburiyati Ota-onasi yo’q bo’lgan yoki ulardan ta’minot ololmaydigan voyaga etmagan nevaralariga ta’minot berish majburiyati etarli mablag’ga ega bo’lgan bobo va buvi zimmasiga yuklatilishi mumkin. Voyaga etgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj nevaralarning ota-onasi, eri yoki xotini (sobiq eri yoki xotini) va voyaga etgan layoqatli bolalari bo’lmasa yoxud ulardan ta’minot uchun mablag’ ololmasa, ularga nisbatan ham bu majburiyat bobo va buvining zimmasiga yuklatilishi mumkin.
124-modda. Nevaralarning bobo va buvilariga ta’minot berish majburiyati O’zlarining voyaga etgan bolalaridan yoxud eri yoki xotinidan (sobiq eri yoki xotinidan) ta’minot ololmaydigan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bobo va buviga ta’minot berish majburiyati etarli mablag’ga ega bo’lgan voyaga etgan mehnatga layoqatli nevaralar zimmasiga yuklatilishi mumkin.
125-modda. Aka-uka va opa-singillarning voyaga etmagan yoki voyaga etgan mehnatga layoqatsiz aka-uka va opa-singillariga ta’minot berish majburiyati Ota-onasi yo’q bo’lgan yoki ulardan ta’minot ololmaydigan voyaga etmagan aka-uka va opa-singillariga ta’minot berish majburiyati etarli mablag’ga ega bo’lgan aka-uka va opa-singillar zimmasiga yuklatilishi mumkin. Voyaga etgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj aka-uka va opa-singillarning ota-onasi, eri yoki xotini (sobiq eri yoki xotini) va voyaga etgan mehnatga layoqatli bolalari bo’lmasa yoxud ulardan ta’minot uchun mablag’ ololmasa, ularga nisbatan ham bu majburiyat aka-uka va opa-singillarning zimmasiga yuklatilishi mumkin.