238-modda. CHet el oila huquqi normalarining mazmunini aniqlash Sud yoki fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi va boshqa organlar chet el oila huquqining normalarini qo’llashda mazkur normalarning mazmunini ularning tegishli chet el davlatida rasmiy sharhlanishi va amaliyotda qo’llanilishiga muvofiq tarzda aniqlaydi.
Sud fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari va boshqa organlar chet el oila huquqi normalarining mazmunini aniqlash maqsadida yordam va tushuntirish olish uchun belgilangan tartibga rioya qilgan holda O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga va O’zbekiston Respublikasining boshqa vakolatli organlariga murojaat qilishlari yoxud ekspertlarni jalb etishlari mumkin.
Manfaatdor shaxslar talab yoki e’tirozlarini tasdiqlash uchun o’zlari asoslanayotgan chet el oila huquqi normalarining mazmunini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim qilishga va chet el oila huquqi normalarining mazmunini aniqlash maqsadida sudga va fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari va o’zga organlarga boshqa tarzda yordam berishga haqlidir.
Agar ushbu moddaga muvofiq amalga oshirilgan choralarga qaramay chet el oila huquqi normalarining mazmuni aniqlanmagan bo’lsa, O’zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari qo’llaniladi.
Скачать +reset-