Tadqiqot natijalarining amaliyotga joriy qilinishi: tajriba-sinov ishlari Jizzax shahridagi H.Olmijon nomidani 16 –son umumta’lim maktabida va M.Zokirov nomidani akademik liseylarda olib borildi, bitiruv malakaviy ish muallifi tomonidan amaliyot davomida o’quvchilar orasida olib borilgan suhbatlar, tarbiyaviy yo’nalishdagi tadbirlarda foydalanildi,
Ishning birinchi bobi oiladagi psixologik muammolarining nazariy asoslari deb nomlangan. Bitiruv malakaviy ishning ushbu qismida, mamlakatimizda oilaning ijtimoiy hayotdagi o’rni, ota-ona – bola” munosabatlari psixologik xususiyatlari, milliy g’oya tamoyillarining oila taraqqiyotidagi roli masalalari o’rganilgan.
Ishning ikkinchi bobi aka ukalik va opa singillik munosobatlari psixologiyasining mazmuni deb nomlangan.Ushbu bobda sibling maqomining psixologik jihatlari, ko’p bolalik oilalarda shaxslararo munosobatlarning psixologik muammolari, milliy va umiminsoniy qadriyatlarning oila rivojiga ta’siri ilmiy o’rganilgan.
Bitiruv malakaviy ish kirish, ikki bob, olti paragraf, xulosa va takliflar hamda foydalanilgan adabiyotlar ro’ yxati va ilovalardan tashkil topgan.
I – BOB. OILADAGI PSIXOLOGIK MUAMMOLARNING NAZARIY ASOSLARI Mamlakatimizda oilaning ijtimoiy hayotdagi o’rni
Olimlarning ta’kidlashicha, oila institutining o’zi tabiati nuqtai nazaridan ancha konservativ, ya’ni o’zgarmas, turg’un tizim bo’lgani bois, jamiyat miqyosida ro’y beradigan o’zgarishlar oila doirasida taxminan XX asrning 30-yillardan keyingina aks eta boshlaydi. Bundan tashqari, rus sotsiologi S.Golodning yozishicha, Evropa xalqlari hayotida, oilaviy munosabatlarda kuzatiladigan barcha ijobiy jarayonlar monogam, patriarxal oilaning saqlanib qolingani sababli ro’y bergan bo’lsa, qolgan barcha salbiy holatlar aksincha, oilada ro’y berayotgan salbiy, yomon jarayonlardan kelib chiqadi. Bu kabi talqinlar tabiiyki, ko’plab tadqiqotchilarga oila va uning istiqbolini tushunishga, mazkur yo’nalishda jiddiy tadqiqotlar olib borishga xalaqit beradi.
Shunga qaramay, oila institutida kuzatilayotgan har qanday o’zgarishlari odatda eng avvalo, ayolning – xotin-qizlarning jamiyat va oilada tutgan maqomlarining o’zgarib borayotganligi, ular malakalarining oshib borayotganligi va kasb-hunar, lavozim pog’onalarida erkaklardan qolishmaslikka intilayotganligi bilan izohlanadi. Qayd etilgan holat bevosita oila hayotida ro’y berayotgan turli xil o’zgarishlarga, ham salbiy, ham ijobiy hodisalarga sabab bo’lmoqda.
Ikkala jins vakillari xaq-huquqlarining amalda tenglashib borayotganligi xotin-qizlarning erkaklar – yigitlar oldida o’zini tutishi va o’z navbatida yigitlarning qizlarga, erkaklarning ayoliga bo’lgan munosabatlari, xushomad qilishlarida o’z aksini topmoqda. Ayniqsa, Evropa xalqlarida nikoh oldi sovchilik instituti yo’qolib, uning o’rniga o’z xohishi bilan o’ziga nikoh sheriginini tanlashi an’anasi barqarorlashdi. Lekin ayni holat saqlanib qolgan mamlakatlarda, jumladan, O’zbekistonda oila institutiga munosabat boshqacharoq, ya’ni an’analarga sodiqlik saqlanib qolgan. Sovchilikning ahamiyati shundaki, bunda o’rtada turganlar, kelin-kuyov oilasini tanigan, bilgan, surishtirgan odamlar bo’lgani sababli ham ular yosh oilaning mustahkam bo’lishidan juda manfaatdordirlar, shuning uchun haqiqiy o’zbekona mezonlar, “teng-tengi bilan” tamoyili asosida, sovchilar yordamida qurilgan nikohlar aksariyat holatlarda mustahkam bo’ladi.
Shuni ta’kidlash lozimki, har bir davrda bo’lgani kabi hozir ham yoshlarning o’z ihtiyori bilan, bir-birlarini yoqtirib qolishlari oqibatida paydo bo’lgan oilalar mavjud. Yoshlarning ayrimlari o’z ixtiyori bilan qalliq tanlashni, yoqtirib, sevib turmush qurishni oldindan niyat qiladi. Shunisi borki, o’z ihtiyori bilan turmush o’rtog’i tanlashda ota-ona va oilasi manfaatlari, ularning istak-xohishlari deyarli inobatga olinmaydi. Odatda bu kabi yoshlar nikoh oldidan ota-otasining roziligini olmaydi, shu sababli, ko’pincha, bunday nikoh engil-elpi qarorlar oqibati bo’lib, uzoqqa bormasligi mumkin. Respublika “Oila” ilmiy-amaliy markazi 2009 yilda o’tkazgan tadqiqot natijalariga ko’ra, ajralishib ketgan yosh oilalarning 90 foizidan ortig’i nikoh motivi-sababi sifatida “sevish-sevilish”ni ko’rsatganlar.
Xotin-qizlarning iqtisodiy mustaqilligi tufayli XX asrga kelib ayolning oila va jamiyatda tutgan o’rni va maqomi keskin o’zgardi. Oxirgi paytlarda butun dunyoda matriarxat davridagi kabi oilaning etakchisi, boshlig’i roliga ko’pincha ayol da’vogarlik qila boshlashi kuzatildi. Buning oqibatida erkak kishining oiladagi etakchilik roli, oilada resurslarni boshqarish, qarorlar qabul qilish va farzandlarni jamiyat hayotiga jalb etishdagi maqomi sezilarli darajada pastladi.
Ikkinchi tomondan, ayol-onaning oilasi va bola tarbiyasi uchun bo’sh vaqtining kamayib borayotganligi, reproduktiv mas’uliyatning jamiyatda lavozimlar pog’onasida yuqoriroq o’rin egallash istagiga nisbatan pastlab borayotganligi salbiy oqibatlarga olib kelmoqda. Shu sababli sanoati rivojlangan mamlakatlarda tug’ilishlar sonining kamayib borayotganligi, oqibatda aholi sonining keskin pasayishi kuzatilmoqda. Afsuski, bunday holatlar O’zbekistonning shahar hududlarida ham kuzatilmoqda.
Oilaning tarbiyalovchi vazifasi oila a’zolaridan tashqari boshqa insonlarga, muassasalarga – enaga va guvernantkalarga, yoki davlat tomonidan to’la muhofazaga olingan tashkilotlar – Mehribonlik uylari, Muruvvat uylari va boshqalar zimmasiga yuklatilmoqda. Sobiq totalitar tuzum davrida ushbu vazifaning davlat zimmasida ekanligi, individual, oilaviy tarbiyaning gruppaviy tarbiya bilan, tarbiyalanuvchi shaxsiga e’tiborning keskin kamayishi bilan o’zgartirildi. Oqibatda hech kimga tegishli bo’lmagan, psixik va aqliy rivojlanishi o’rtamiyona bo’lgan bolalar paydo bo’ldi. Bu ochiq yoki yashirin onalik deprivasiyasini keltirib chiqardi.
Ya’ni, XX asr o’rtalariga kelib, monogam oilada o’zgacha uyg’unlik kashf etgan, yaxlit guruhday tasavvur etilgan oilaning vazifalari – nikohga kirish, jinsiy hayotni ta’minlash va o’zidan nasl qoldirish – reproduksiya bir-biri bilan bog’lanmagan vazifalar tarzida ayrocha, alohida funksiyalarday tasavvur etila boshlandi. Agar XIX asr oxirlarigacha oila paydo bo’lishi bilan unda farzandlar tug’ilishini kutish odatga aylangan bo’lsa, yangi davrga kelib, qachon tashkil bo’lganligiga qaramay, bola tug’ilishini rejalashtirmaydigan oilalar hamda boshqa tomondan, oilasiz, nikohsiz ham tug’iladigan bolalar ko’paydi. Ochiqroq aytadigan bo’lsak, turmushga chiqmasa-da, bola tug’adigan yolg’iz onalar ham paydo bo’ldi. Shu tariqa nikoh bilan oilaning reproduktiv vazifasi o’rtasida tafovut paydo bo’ldi.
Jinsiy hayot borasida sodir bo’lgan o’zgarishlar shuki, agar ilgari bunday munosabat oiladan tashqarida ro’y bersa, jamiyat ham, din ham uni qoralar edi. So’nggi o’n yilliklarda dunyo miqyosida erkaklar ham, ayollar ham erkin jinsiy hayotga oddiy munosabat sifatida qaraydigan bo’lishdi. Ma’naviy inqiroz hisoblanmish bunday munosabatlarga jamiyatning befarqligi ilg’or fikrlovchi insonlarni jiddiy tashvishga solmoqda. Buning asosiy sababi jamiyatda ma’naviy qadriyatlar inqirozga yuz tutgani bo’lsa, ikkinchi tomondan, bunga ayollar o’rtasida kontraseptiv vositalardan foydalanishning urf bo’lishi va ular o’zlariga berilgan ijtimoiy erkinliklarni noto’g’ri idrok etishlari, ommaviy axborot vositalari orqali u yoki bu xalq mentalitetiga mos kelmaydigan axborotlarning keng tarqalishi sabab bo’layotir.
Eng achinarlisi, ayrim yoshlar va ularning ota-onalari uchun “nikoh” va “ajrim” tushunchalari oddiy narsaday, ziddiyatsiz qabul qilinadigan bo’ldi. Ular o’z shaxsiy mas’uliyatini his etmayaptilar. Sanoat rivojlangan mamlakatlarda 51 foizgacha bo’lgan nikohlar muayyan muddatdan so’ng barbod bo’layotganligi odatiy holday qabul qilinadi. Chet el axborot vositalarining ba’zi taniqli shaxs, aktyor yoki millionerning har 3-4 yilda almashinib turiladigan nikohlari to’g’risida yozilayotgan maqolalari eng o’qimishli, qiziqarli axborotday talqin etilmoqda. Tabiiyki, bu ularni o’qiyotgan yoshlar ongiga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Ta’kidlash joizki, bunday holatlarda ajrimlarning tashabbuskorlari ko’pincha ayollar bo’lib, bu o’z navbatida oila ajrimlari sonining ortib borishiga, farzandlarning aybsiz aybdorlarday noto’liq oilalarda tarbiyalanishiga olib keladi.
Patriarxal monogam oila – bu o’z mohiyatiga ko’ra oiladagi erkak kishining nufuzi, etakchilik roli, xotinning unga, farzandlarning ota-onaga tobeligini nazarda tutadi. Bundany oilada o’g’il bolalar otaning oilasini sira tark etmaydi, aksincha, uylangan taqdirda ham turmush o’rtog’ini shu xonadonga olib keladi, qizlar esa kimga turmushga chiqsa, uning familiyasiga o’tib, o’z ota-onasining uyini tark etadi. Bunday oilada urug’ning atalashi (familiya), shajara va mulkka egalik otaning yo’lidan amalga oshiriladi, oilaviy rollar esa erkaklarniki yoki xotinlarniki tarzida aniq tafovutlanadi. Erkaklar oilaning moddiy boyliklari, resurslari, ta’minoti bilan shug’ullansalar, ayollar asosan uy ishlari bilan band bo’ladilar.
Oilaning ijtimoiy nufuzi, obro’si otaning, erning, o’g’ilning iqtisodiy maqomidan kelib chiqadi, ayolniki esa – farzandlar soni bilan belgilanib, uning professional maqomi ko’p hollarda oilaning, turmush o’rtog’ining ijtimoiy maqomiga salbiy ta’sir ko’rsatadi, farxzandlar ko’z o’ngida otaning avtoriterti pastlaganday bo’ladi, ayrim holatlarda erning oila ta’minotaidagi ulushi tushib ketishi ham ayolning oila moddiy ta’minotiga bevosita aralashishiga sabab bo’ladi.
Monogam oila – bola manfaatiga yo’nalgan oila (detosentrik) XIX asrning oxiri – XX asrning boshlarida paydo bo’lgan hodisadir. U xotin-qizlarning ijtimoiy hayotdagi rolining ortishi hamda bola huquqlarining oshib borishi bilan izohlanadi. Bunday holatlarda gap ko’proq oilada farzandlar soni haqida emas, balki oilada umuman bola borligining qadrlanishi to’g’risida boradi. Ota-onalar bunday sharoitda ko’proq bolaning kelajakda kim bo’lishi, u egallashi lozim bo’lgan martabalar, uning istiqboli xususida qayg’uradigan, shu bois ham oila byudjetining asosiy qismi uni ta’minlash, unga zarur ta’lim va tarbiyani berish, g’amxo’rlik qilishga sarflanadi. Bolalar bilan bog’liq ehtiyojlarning o’sib borishi oqibatida mamlakatda ham bolalar ta’minoti, ularning ozuqasi, kiyim-kechagi, o’yinchoqlar, bolalarning madaniy-ma’rifiy maskanlarini rivojlantirishga ixtisoslashgan sanoat korxonalari ko’payadi, rivojlanadi. Bolalar va yoshlarning turli ma’rifiy o’choqlarining kengayishi, yangi texnika va texnologiyalarning asosan bolalar manfaatiga bevosita bog’lanishi, yoshlarning kasb ta’limini takomillashtirish ishlari, ular o’qishi va bilim olishi muddatlarining uzaytirilishi ularning mehnat sohasiga kechroq kirib borishiga olib keladi. Ya’ni, ilgarigiga nisbatan bolalar kechroq mustaqil hayotga kirishadi. Buning oqibatida nikoh yoshi ham tobora kattalashib boradi. Kattalar tomonidan bolaga e’tiborning, shu bilan bir qatorda tashvishlarning ortishi, o’z navbatida bolalarning tug’ilish soni kamayishiga olib keladi. Bolalar erka bo’lib, ular erkinligi ortib boradi, ota-onaning butun diqqat-e’tibori ularga qaratiladi. Bu toifa oiladagi bola manfaati shu qadarki, ba’zan ona faqat bolani o’ylash, unga e’tibor qilishni afzal bilganidan, eridan ham voz kechishi holatlari ham kuzatiladi.
Bola manfaatiga yo’nalgan oilaning ham turli ko’rinishlari bo’lib, ulardan biri avtoritar tipdir. Bunda bola soni bittami yoki ikkitami ota-onaning cheksiz g’amxo’rligi, ular obro’si bilan parallel tashkil etiladi. Masalan, ko’pgina amaldorlarning oilasi shunday. Ota-ona bola nazarida eng nufuzli, aqli har narsaga etadigan, shuning uchun bola ham xuddi otasi yoki onasiday bo’lib etishish motivasiyasi kuchli bo’ladi.
Ambivalent detosentrik oiladagi bola ko’proq ota-onaning hissiy-emosional g’amxo’rligi ta’sirida bo’ladi. Masalan, bu agar qiz bo’lsa, u faqat otasi yoki onasi, yoki ikkisining doimiy erkalashlari og’ushida katta bo’lib, oxir-oqibat shunday holatga ko’nikib ketadi. Oilaviy munosabat faqat shunday bo’lsa kerak, degan fikr ba’zan o’zi mustaqil oila qurganda, uning yangi xonadonga ko’nikishiga jiddiy xalaqit beradi.
Kvaziavtonom detosentrik oilada bola huquqlari kattalarniki bilan deyarli tenglashtiriladi, ularga kattalar bilan bir qatorda oilaviy yumushlarni bajarish erki, o’z holicha qarorlar qabul qilish huquqlari berilgan bo’ladi. Buning albatta, ham ijobiy, ham salbiy jihatlari bor.
Er-xotin oilasi XX asrning 60-chi yillarida paydo bo’lib, u ham ayollar, ham bolalar emansipasiya jarayonlarining oqibati sifatida qaraladi. Bunday oiladagi o’zaro munosabatlar asosan erkak va xotin o’rtasidagi muomalaga, uning qanchalik samimiy, iliqligiga bog’liq bo’ladi. Ayolga o’z xohish-irodasini mumkin qadar namoyon etish, unga ma’lum ma’noda mustaqil erishish imkoniyati yaratiladi. U ko’p holatlarda turmush o’rtog’iga suyukli, erka va zarur yor rolini o’ynaydi. Er-xotinning bir-birlariga yaqin bo’lishlarining 4 xil jihatini farqlaydi: simpatiya (yoqtirish), samimiyat, minnatdorlik va erotik jihatdan bog’liqlik.
Monogam bo’lmagan oila toifasi chin ma’noda nikoh munosabatlariga tayanmaydi. Bundan oilaning uch xil ko’rinishi mavjud:
Ajrimlar tufayli paydo bo’lgan noto’liq oila – XX asrning oxirlarida ko’payib ketgan noto’liq oila turi. Olimlarning ma’lumotlariga ko’ra, Rossiyadagi oilalar ajrimi shu qadar ko’paydiki, har 100 ta nikohga 51 ta oila ajrimi to’g’ri keldi. Bunga sabablardan biri ota-onalik rollarining bajarilmasligi, otaning bola tarbiyasidan sovuqqonlik bilan chetlashishidir, chunki ko’pgina otalar ajralishgandan so’ng ma’lum muddat o’tgach, farzandlari bilan umuman yuz ko’rmas bo’lib ketishadi. Afsuski, O’zbekistonda oila va nikoh nechog’li qadrlanmasin, oilaviy ajrimlar ham qayd etiladi. Statistik ma’lumotlarga ko’ra, oxirgi yillarda yiliga o’rtacha 14,5 mingdan 15 mingacha oila ajrimlari qayd etiladi, ajrimlarning sudlar orqali rasmiylashtiriladigan turlari FXDYo orqali rasmiylashtiriladiganidan ko’proqdir. Ajrim bo’lgan oialalrning 70 foizi yosh oilalar bo’lib, ularda o’rtacha 2,5 ta bola chala etim bo’lib qoladi. Bu kabi noto’liq oilalarda o’ziga yarasha ijtimoiy-iqtisodiy muammolar paydo bo’ldaiki, shu bois ham davlatimizning oila siyosatining mazmuni noto’liq oilalar sonini kamaytirishga qaratilgandir. Bunda masalaning moddiy tomonidan ham uning ma’naviy-ahloqiy tomonlari bizni ko’proq tashvishga soladi.
Beva bo’lib qolish, yoki turmush o’rtog’ining vafoti munosabati bilan noto’liq bo’lgan oila ham ko’proq onaning farzandi bilan yolg’iz qolishidir. Bunday oilalardagi ma’naviy muhit ajrim tufayli paydo bo’lgan noto’liq oilaniqidan farq qiladi. O’zbek onalari bunday holatlarda otasining ruhi hurmatidan farzandlarida yuksak insoniy fazilatlarni tarbiyalashga intiladi. Bunday o’ziga xoslik qator tadqiqotlarda alohida qayd etilgan (G. Yadgarova, 2003).
Nikohdan tashqari oila 90-chi yillarda ko’paygan oila turi, unda asosan yolg’iz qolgan ayol-ona oilani tebratadi. Bunday oilalar o’sha davrda Rossiyada 20-21 foizni, Buyuk Britaniyada va Fransiyada – 32-35 foizni tashkil etgan bo’lib, ko’proq yoshgina bo’la turib ona bo’lganlar (15-19 yoshlilar) yoki aksincha, reproduktiv yoshdan o’tib qolganlar – 40-44 yoshlilar tashkil etadi. Bu o’rinda ikkala holatda xotin-qizlarning nikohga kirmasdan tug’ish motivlari turlicha bo’ladi.
Rossiyada ota-onalardan bittasigina bo’lgan oilalarda 1989 yilda 4,5 mln. bola yashagan bo’lsa, bu ko’rsatgich 1994 yilda 5 millonga etdi O’zbekiston sharoitida bu kabi holatlar favqulotda holatlar sifatida qaraladi, chunki ayrim udumlar va milliy qadriyatlarimiz farzandning nikohdan tashqari paydo bo’lishini qoralaydi, Shunday bo’lsa-da, turli sabablar va otag’onalarning vaziyatlar qurboni bo’lishi natijasida mamlkataimizda otalikni belgilash holatlari ortib bormoqdaki, unda ham ko’pincha rasman oila nikohsiz oiladay tasavvur etiladi. Sha’riy nikoh o’qilgani bilan rasmiy ravishda nikohning o’z vaqtida qayd etilmasligi mentalitetimizga zid bo’lgan shu toifa oilaalrning rasmiylashtirilib qolishiga sabab bo’lmoqda.
Alternativ oila turlari – kam uchraydigan oila turlari bo’lib, ular ayrim jihatlari bilan boshqalardan farqlanib turadi va o’z navbatida toifalarga bo’linadi. Masalan, ulardan biri – fuqarolik nikohi deb atalib, unda erkak va ayol o’z ixtiyorlari bilan rasmiy nikohni qayd emay, yashayveradi. Ba’zan bunday qarorga ular kutilmagan homiladorlik paydo bo’lganda ham kelishlari mumkin. Bunday nikoh bizning sharoitimizga, musulmonchilikka sira ham to’g’ri kelmaydi. Alternativ nkiohlar ko’proq g’arb mamlakatlariga xosdir. Lekin olimlarning ta’kidlashicha, hozirda Rossiyada mavjud oilalarning 7% shunday nikoh asosida tashkil topgan. Oilaning muqaddasligini tinimsiz targ’ib etishimiz azaliy qadriyatlarni ardoqlab kelayotgan yurtimizda bunday salbiy holatlarning bo’lmasligiga xizmat qiladi.
Alternativ nikohning yana bir ko’rinishi qayta nikohlardir. Odatda bunday nikoh turi beva yoki tul qolgan shaxslarda uchraydi. Aslida ham birinchi qayta nikohlar XVI asrda Angliyada qayd etila boshlagan. Hozirda esa bunday nikohlar odatda beva qolganlar yoki ajrashib ketganlar o’rtasida qayd etilishi mumkin. Bunday oila turi ham ajrimlar ko’payishiga mos tarzda ortib bormoqda.
Aralash oilalar yoki begona ota-onalar bilan yashaydiganlar oilasi. Bu – etimlarni boqib olish hisobiga paydo bo’ladigan, otalikka olish, o’gay ota yoki ona bilan yashaydiganlar oilasidir. Ming afsuski, turli hayotiy vaziyatlar tufayli shunday oila ham bor, ular nisbatan ko’p bo’lmasa-da, O’zbekistonda ham mavjud.
Godvin – nikohlar, uning asoschisi bo’lgan ingliz sosial-monarxi U.Godvin (1756-1836) nomi bilan bog’liq. U bunday oilani ideal deb hisoblagan, chunki bunday oilalar, asosan, ota-onaning xohish-irodasiga ko’ra paydo bo’ladi, yoshlarning istaklari bunda inobatga olinmaydi. Bunday nikohlarda jinsiy yaqinlik ko’zda tutilmaganligi sababli, o’zaro hurmat va bir tom ostida alohida yashashga mo’ljallangan bo’ladi, er va xotin bir-birlarining oldida faqat ma’naviy jihatdan majburiyatlarga ega xolos. To’g’ri, bir qarashda bunday nikoh bizdagi sovchilik yo’li bilan quriladigan oilaga o’hshab ketadi, lekin bizda zurriyod qoldirish, birga yashash talab etiladi. Shuning uchun yigit va qiz bir-birlarini sevmagan bo’lsalar-da, nikoh o’qilayotganda ularning rizochiliklari so’raladi, javob ijobiy bo’lgach, ular chimildiqqa kiritiladi. Godvin tipidagi nikohlar ko’pincha O’zbekistonda keksalar o’rtasida rsmiylashtiriladi. Masalan, kampiridan uning qazosi tufayli juda bo’lgan otaxon o’zaro kelishuv natijasida o’zga bir beva ayolga uylanadi, ular o’rtasidagi munosabatlar o’zaro samimiyat, hurmat, qo’llab-quvvatlov, keksalikni bezashga yo’naltirilgan. Lekin bu oila o’zidan zurriyod qoldirish kabi haqiqiy oilaga xos funksiyalarning barchasini bajarmaydi. Bunday oila Islom dini arkonlariga ham mos bo’lib, bu ikki keksa odamning bir-birlari umrlarini cho’zishga qaratilgan samimiy munosabatlari majmuidir.
Qo’shxotinlilik ham alternativ nikoh turlaridan biri bo’lib, bunda bir erkak ko’pincha hufyona o’z qonuniy nikohidagi ayoldan tashqari yana boshqasi bilan shar’iy nikohda yashaydi. Qo’shxotinlilik ko’proq Osiyo va Sharq mamlakatlari aholisiga xos deb hisoblansa-da, hozirda bunday oilalar hattoki, Rossiyada ham kuzatilmoqda. Lekin bunday oila turi qonunan man etilgan.