Aim.uz
Sharq mutafakkirlari merosida oila va oilaviy tarbiya masalalari
Reja:
1.Oila xususida sharq mutafakkirlarining falsafiy qarashlari
2.Zardushtiylikning qadimiy kitobi haqida
3.Sharq mutafakkirlarini oilaviy tarbiya masalalari haqida fikrlari
Jamiyat uchun nihoyatda ahamiyatli hisoblangan ota-ona va bola,er-xotin, oila a’zolarining o’zaro munosabatlari bilan bog’liq bo’lgan muammolar aynan oila negizida yuzaga keladi. SHuning uchun ham qadim zamonlardan boshlab oila, undagi munosabatlar masalalari har bir davrning donishmand, olim, mutafakkirlari tomonidan o’rganilib kelinganligini va ularning qarashlarida bu masalalarning yoritilganligini kuzatamiz. Bu qarashlarni, fikrlarni sizning hukmingizga havola etish orqali oila, o’zaro munosabatlar muammolari bizning hayotimizda doimo muhim masalalar sirasiga kirishini qayd etamiz.
Inson va insoniy munosabatlar, shaxs va uning kamoloti muammolari uzoq asrlardan buyon jamiyatning eng ilg’or kishilari, olimlar, buyuk allomalar va donishmandlarning diqqat markazida asosiy masalalardan bo’lib kelgan.SHarqning buyuk allomalari hisoblangan Abu Ali ibn Sino,Yusuf Xos Xojib, Mahmud Qoshg’ariy, Kaykovus, Xotam ibn Tay, Alisher Navoiy, Zahriddin Muhammad Bobur,Rizouddin ibn Faxriddin, Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Uvaysiy, Nodira, Abdurauf Fitrat, Abdulla Avloniy kabi ko’plab olim va yozuvchilar bu masalalar yuzasidan o’zlarining durdona fikrlarini tarixda qoldirib ketganlarki, ular hozirgi zamon fani uchun ham katta ijtimoiy va mafkuraviy ahamiyatga egadir.Ularning asarlarida oila va oilaviy munosabatlarga ham alohida e’tibor berilgan, shuning uchun biz yuqoridagi buyuk mutafakkirlarning ayrim pedagogic va psixologik qarashlari yoritilgan asarlarini tahlil etish orqali o’quvchilarga mazkur muammolarning naqadar dolzarb ekanligini bayon etamiz.
Sharq mutafakkirlarining barchasini g’oyaviy jihatdan birlashtirgan asos shu bo’lganki, ular shaxs tarbiyasi va kamolotida oilaning, oilaviy tarbiyaning rolini yuqori qo’yishgan,ayniqsa, shaxsning aqliy va axloqiy kamolotida oilaning o’rni, ota-ona va yaqin kishilarning yo’naltiruvchi va tarbiyalovchi vazifalariga alohida e’tibor berganlar. Ular faqat oiladagina rivojlanishi mumkin bo’lgan sifatlar- halollik, poklik, mardlik, mehribonlik,haqgo’ylik kabi qator fazilatlarni barcha sifatlardan yuqori qo’yishlari bilan birga insoniy munosabatlarda namoyon bo’ladigan yuksak fazilatlar,avvalo, ota-onadan bolaga o’tishi va ular jamiyat taraqqiyotiga ijobiy ta’siri kabi qimmatli fikrlar va bu boradagi amaliy ko’rsatmalarni o’z falsafiy- axloqiy,sotsiologik va psixologik qarashlarida ifodalab berganlar.
Zardushtiylikning qadimiy kitobi-“Avesto”da oila muqaddas dargoh ekanligi, oila barqarorligida er va xotinning teng mas’ulligi, farzand tarbiyasi to’g’risidagi fikrlar bayon etilgan. Oilaning tinch va farovon bo’lishi nimalarga bo’g’liq ekanligi haqida esa: “Porso, inson uy tiklab, olovga, oilasiga, xotin va farzandlariga o’rin ajratib bersa, uyida noz-ne’matlari muhayyo bo’lib, xotin va farzandlari farovon yashasa, uyida e’tiqod, sobit olovi alangali, boshqa narsalari ham mo’l-ko’l bo’lsa, usha manzil muhtaramdir”,-deb yozilgan.
Bu kitobda ko’rsatilishicha, oilada ota yetakchi bo’lgani ma’qul. SHuningdek, unda ifodalangan oila va oilaviy munosabatlarga hamma rioya etishi lozim bo’lgan. Eng ahamiyatli jihati shundaki, unda er-xotinni o’zaro sodiq, g’amxo’r, mehribon bo’lishlari lozimligi va ayolning haq huquqini himoya qilish o’sha davrda ham qonun darajasiga ko’tarilgani ma’lumdir.
Sharqda yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashga qadimdan jiddiy ahamiyat berilgan. Ular “Nasihatnoma”, “Pandnoma”,”Hikmatnoma”, tarzida bizgacha yetib kelgan. Bu manbalarda qizlarni hayotga tayyorlashda, ularda birinchi navbatda insoniy fazilatlar shakllangan bo’lishi,oila muqaddas, uni avaylab-asrash aynan uy bekalariga bog’liq ekanligi haqida turli tarbiyaviy ahamiyatga ega bo’lgan hodisalar hikoya qilinadi.
Shunday kitoblardan biri turk olimi Yusuf Tovasliy to’plagan “Hikmatlar xazinasi”dir, unda kelin bo’luvchi qizga beriladigan ona o’giti kishining diqqatini o’ziga tortadi. Unda ona uzatilyotgan qiziga quyidagilarni nasihat qiladi:
“Bolajonim, sevikli qizim, meni yaxshilab tingla. Nasihat har kimga lozimdur, o’git hammaga zarurdir. Nasihat bilmaganga o’rgatadi, bilganni esiga soladi. Alloh bergan qonunga ko’ra, hayotga qadam qo’yadigan har bir erkak ayolga muhtoj bo’ladi. Erkaklar ayol uchun, ayollar erkak uchun yaratilgandir. Hayot mavjud ekan, bu qonunni hech kim biuza olmaydi.
Shu sababli, sen tug’ilib o’sgan va voyaga yetgan uyingdan, yayrab-yashnab,o’ynab-kulib yurgan yeringdan chiqib, o’zing bilmaydigan, notanish uyga borasan. Kelajakda bu uy senikidir. Sen eringga shunday xizmat qilki, ul ham senga qul bo’lsin!
Sen unga yer bo’lki u senga osmon bo’lsin! Sen unga uy bo’l, ul senga ustun bo’lsin!
Aytganlariga amal qilsang, erring bilan go’zal hayot kechirasizlar, mas’ud, baxtiyor va saodatli turmush qurasizlar”.
Shuning uchun har bir oqila ona, qizini uzatar ekan yoki qizini oilaviy hayotga tayyorlar ekan-baxtli yashashi, baxtli yashash uchun esa faqat oilada yashamog’ini uqtirishi kerak. CHunki juft bo’lib yashamoq hayot sunnatidir. Nikoh vositasida, shar’iy yo’l bilan juft bo’lib yashash- axloqiy poklik va sog’lik garovi, jamiyat mustahkamligi asosi ekanligini anglatish, unga amal qilishini tushuntirishi kerak.
Yuqoridagi qisqacha tahlillarimiz shuni ko’rsatadiki, musulmon olami,SHarq mutafakkirlari orasida oila muammolari bilan shug’ullangan va shu xususda o’zlarining qimmatli fkrlarini kelgusi avlodlar uchun qoldirgan olimlar juda ko’p. Biz ularning ayrimlariga to’xtaldik xolos.
Nazorat uchun savollar:
1.Oila deb qanday guruhga aytiladi?
2.Oilaga oid qanday fikrlar va falsafiy qarashlarni keltirishingiz mumkin?
3.”Avesto”da oila muqaddasligi to’g’risida qanday fikrlar bildirilgan?
Aim.uz
Dostları ilə paylaş: |