129-modda. Qarindoshlar va boshqa shaxslardan undiriladigan alimentning miqdori Qarindoshlar va boshqa shaxslardan voyaga etmagan bolalar uchun, shuningdek voyaga etgan mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj shaxslar ta’minoti uchun undiriladigan alimentning miqdori sud tomonidan aliment undirilayotgan shaxsning va aliment olayotgan shaxsning moddiy va oilaviy ahvolini hisobga olib, har oyda pul bilan to’lanadigan qat’iy summada belgilanadi.
Aliment miqdorini belgilashda, talab aliment to’lashi shart bo’lgan shaxslarning barchasiga yoxud ularning bir nechtasiga yoki faqat biriga qaratilgan bo’lishidan qat’i nazar, ana shu shaxslar hisobga olinadi.
17-bob. Aliment to’lash to’g’risidagi kelishuv 130-modda. Aliment to’lash to’g’risida kelishuv tuzish Aliment to’lash to’g’risidagi kelishuv (aliment miqdori, shartlari va to’lash tartibi) aliment to’lashi shart bo’lgan shaxs bilan aliment oluvchi o’rtasida tuziladi. Agar aliment oluvchi muomalaga layoqatsiz bo’lsa, kelishuv uning qonuniy vakili bilan tuziladi.
131-modda. Aliment to’lash to’g’risidagi kelishuvning shakli Aliment to’lash to’g’risidagi kelishuv yozma shaklda tuzilib, notarial tartibda tasdiqlanishi lozim.
Aliment to’lash to’g’risida kelishuv tuzishning qonunda belgilangan shakliga rioya qilmaslik O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida nazarda tutilgan oqibatlarga olib keladi.
Notarial tartibda tasdiqlangan aliment to’lash to’g’risidagi kelishuv ijro varaqasi kuchiga ega bo’ladi.
132-modda. Aliment to’lash to’g’risidagi kelishuvni o’zgartirish yoki bekor qilish Aliment to’lash to’g’risidagi kelishuv taraflarning o’zaro roziligi bilan istalgan vaqtda o’zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Aliment to’lash to’g’risidagi kelishuv qanday shaklda tuzilgan bo’lsa, uni o’zgartirish yoki bekor qilish ham o’sha shaklda amalga oshiriladi.
Aliment to’lash to’g’risidagi kelishuvning bajarilishini bir taraflama rad qilishga yoki uning shartlarini bir taraflama o’zgartirishga yo’l qo’yilmaydi.
Taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolida jiddiy o’zgarishlar yuz berganda hamda aliment to’lash to’g’risidagi kelishuvni o’zgartirish yoki bekor qilish to’g’risida ular o’zaro kelisha olmaganda, manfaatdor taraf kelishuvni o’zgartirish yoki bekor qilish to’g’risidagi da’vo bilan sudga murojaat qilishga haqli. Sud aliment to’lash to’g’risidagi kelishuvni o’zgartirish yoki bekor qilish masalasini hal qilishda taraflarning e’tiborga loyiq har qanday manfaatini hisobga olishga haqli.