153-modda. Farzandlikka olishni sir saqlash Farzandlikka olishni sir saqlash qonun bilan himoya qilinadi.
Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish daftaridagi va boshqa hujjatlardagi farzandlikka oluvchilar farzandlikka olinganlarning ota-onasi emasligini bildiradigan mazmundagi yozuvlar bilan tanishtirish, bu yozuvlardan ko’chirmalar va boshqa ma’lumotlarni farzandlikka oluvchilarning roziligisiz, agar ular vafot etgan bo’lsa, vasiylik va homiylik organining roziligisiz berish taqiqlanadi.
Farzandlikka oluvchining yoki vasiylik va homiylik organining erkiga xilof ravishda farzandlikka olish sirini oshkor qilgan shaxslar qonun bilan belgilangan javobgarlikka tortiladilar.
154-modda. Farzandlikka olishda ustunlik huquqiga ega bo’lgan shaxslar Farzandlikka olishda quyidagilar ustunlik huquqiga ega bo’ladilar:
turar joyidan qat’i nazar farzandlikka olinuvchining qarindoshlari;
farzandlikka olinuvchi bola oilasida yashayotgan shaxs;
aka-uka, opa-singillarni ular o’rtasidagi qarindoshlik aloqalarini buzmasdan farzandlikka olayotgan shaxslar;
o’gay ota va o’gay ona;
O’zbekiston Respublikasi fuqarolari;
kasallik, baxtsiz hodisa oqibatida farzandlaridan ajralgan shaxslar.
155-modda. Farzandlikka olinayotgan bolaning farzandlikka olinishiga roziligi O’n yoshga to’lgan bolani farzandlikka olish uchun uning roziligi talab qilinadi.
Farzandlikka olish uchun bolaning roziligi vasiylik va homiylik organi tomonidan aniqlanadi.
156-modda. Bolaning roziligisiz farzandlikka olish Agar bola farzandlikka oluvchilarning oilasida tarbiyalanayotgan bo’lsa va ularni o’z ota-onasi deb e’tirof etsa, farzandlikka olish farzandlikka olinayotgan bolaning roziligisiz amalga oshirilishi mumkin.
57-modda. Farzandlikka oluvchining eri (xotini)ning bolani farzandlikka olishga roziligi Agar bola er-xotinning har ikkalasi tomonidan farzandlikka olinmayotgan bo’lsa, bunga xotin (er)ning roziligi talab etiladi.
Agar er-xotin oilaviy munosabatlarni tugatgan, bir yildan ortiq birga yashamayotgan bo’lsalar va er (xotin)ning turar joyi noma’lum bo’lsa, farzandlikka olishda uning roziligi talab qilinmaydi.