Menejment funksiyalari —bu boshqaruv faoliyatining bajarilgan ishlarni mazmunan bir turda bo‘lishi va ularning maqsadli yo‘naltirilishi alomati bo‘yicha ajratiladigan ixtisoslashgan turlari.
Menejment funksiyalari boshqaruv faoliyatini maqsadlar, harakatlarning yoki ular tatbiq etiladigan obyektlarning bir turdaligi bilan tavsiflanadigan ixtisoslashgan turlarining barqaror tarkibini belgilab beradi.
Menejment funksiyalarining tabaqalanishi (differensiatsiyasi) ularni amalga oshirishning oqilona qoidalari va muolajalarini reglamentga solish imkonini beradi.
Farmatsevtika menejmenti uchta guruhga ajratiladi:
· umumiy; · ijtimoiy-psixologik; · texnologik. Farmatsevtika menejmentining umumiy funksiyalari iyerarxiyaning barcha pog‘onalarida tashkilot faoliyatini boshqaruv jarayonining asosiy bosqichlari mohiyatini aks ettiradi:
· rejalashtirish; · tashkilotchilik; · asoslanganlik; · nazorat; · muvofiqlashtirish. Umumiy funksiyalar farmatsevtika tashkiloti boshqaruvining umumiy tartibini aks ettiradi.
Menejmentning funksiyasi sifatida rejalashtirish butun tashkilot va uning tuzulmaviy bo‘linmalarini rivojlantirish maqsadlari, chora-tadbirlari hamda ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish, vosita (resurs)larni, muddatlarni va ularni amalga oshirish ketma-ketligini belgilash jarayonini o‘zida aks ettiradi. Bu tashqi muhitning vaziyatlari va omillarini tahlil qilish; istiqbolni belgilash, maqbullashtirish va maqsadga erishishning muqobil variantlarini baholash; rejaning eng yaxshi variantini tanlash bo‘yicha bajariladigan ishlar majmuasi. Bu tashkilotning siyosati va strategiyasini shakllantirish hamda tanlash demakdir.
Tashkilotchilik — boshqaruvning funksiyasi bo‘lib, rejalarni amalga oshirish bo‘yicha boshqaruv (texnologik va ishlab chiqarish) jarayonlari majmuyidir. Jarayonlar asosiy, yordamchi va xizmat ko‘rsatish jarayonlari bo‘lishi mumkin. Mutanosiblik, uzluksizlik, parallellik, aniqlik, bir maromdalik, ixtisoslashish, universallashtirish va boshqalar jarayonlarni oqilona tashkil etishning asosiy tamoyillari bo‘lib hisoblanadi. Menejmentning funksiyasi sifatida tashkilotchilik mehnatni bo‘lib berish, uni ixtisoslashtirish va birlashtirish (kooperatsiyalashtirish), uzoq muddatli me’yorlar va qoidalarga asosan rejalarni bajarish bo‘yicha ishlarni tabaqalashtirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Menejmentning funksiyasi sifatida asoslanganlik tashkilot faoliyatining butun tashkilotni rivojlantirishning umumiy va shaxsiy maqsadlariga erishishga qaratilgan barcha ishtirokchilarini rag‘batlantirish (da’vat qilish) jarayonini anglatadi.
Nazorat — bu boshqaruvning eng muhim funksiyalaridan biridir. Unda rejalashtirilgan ishlarning borishini amaldagi ishlar borishidan farqlanishlarini baholash nazarda tutiladi. Boshqaruv funksiyasi sifatida uni: jism va obyekt bo‘yicha ikki turga ajratish mumkin. Dorixonada turli xil ishlarni bajarish jarayoni va dorixona jamoasi faoliyatining natijasi nazorat qilish jismi bo‘lib hisoblanadi.
Har bir xodimning faoliyati va kasbiy jihatdan o‘sishi nazorat obyekti bo‘lib hisoblanadi. Faoliyat natijalarining nazoratini biznes reja yordamida amalga oshirish mumkin. Hisobning olib borilishi nazorat bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, u menejment tizimining turli parametrlarini axborot tashuvchi turli xil vositalarda qayd etish imkonini beradi. Nazorat — hisobni olib borish, baholash, tahlil vazifalarini o‘z ichiga oluvchi majmuaviy funksiyadir. U boshqaruv jarayonida „qaytar aloqa“ vazifasini bajaradi. Nazorat funksiyasi boshqaruv siklini nihoyasiga yetkazadi va obyektning istalgan holatidan farqlanishlarni tahlil qilish natijalarini menejmentning barcha funksiyalari bilan bog‘laydi. Nazorat qilish natijalari bo‘yicha avval qabul qilingan qarorlar, reja topshiriqlari, normativlar, ko‘rsatkichlar yoki ularni bajarishning tashkiliy sharoitlariga tuzatishlar kiritiladi.