14.3.3. Farmatsevtika menejmentida modellar va uslublar Ilmiy yondoshishlar va uslublar, boshqaruvni tizimli tashkil etish va jarayonlarni modellashtirish hozirgi zamon farmatsevtika menejmentining fundamental asosini tashkil etadi.
Farmatsevtika menejmentida quyidagi turli ilmiy uslublardan foydalaniladi:
· umumiy ilmiy (tizimli tahlil, kompleks yondoshish, dasturiy-maqsadli rejalashtirish); · tahlil qilish-istiqbolni belgilash (ommaviy xizmat ko‘rsatish nazariyasi, tarmoqli rejalashtirish, modellashtirish, iqtisodiy-statistik, ishbilarmonlik o‘yinlari uslublari); · fan sohalaridan metodik usullar (jamiyatshunoslik, ruhshunoslik (psixologiya), estetika, ekologiya va boshqalar). Farmatsevtika menejmentida ilmiy va amaliy masalalarni hal qilish uchun modellashtirish — tashkilotlarni boshqarish jarayonlari modellarini tuzish va ularni tadqiqot qilishdan keng foydalaniladi.
Modellashtirish uslubi o‘xshashlik tamoyillariga asoslangan: model qo‘yilgan vazifani hal qilish uchun eng muhim jihatlarida asl nusxaga monandir.
Model — boshlang‘ich obyektni (asl nusxani) o‘rganish uchun yaratiladigan, uning asosiy va eng muhim elementlari, bog‘lanishlari, munosabatlarini, ularning parametrlari va tavsiflarini taqriban o‘zida mujassamlashtiradigan ideal yoki moddiy obyekt.
Farmatsiyada modellarning quyidagi: konseptual, grafik, iqtisodiy-matematik, axborot turlari eng ko‘p tarqalgan.
Modellashtirish barcha pog‘onadagi menejerlarga, bevosita yoki bilvosita tarzda ularning harakatlarini yo‘naltiruvchi, ko‘pgina masalalarni qulay, nisbatan oddiy va arzon samarali hal qilish asbobini beradi.
Farmatsevtika menejmentida modellashtirishning asosiy elementi tashkilotning maqsadlarini aniq ifodalashdan iborat bo‘lib, u ko‘p jihatdan farmatsevtika tashkiloti faoliyatining muvoffaqiyatlarini belgilab beradi. Demak, har bir menejer o‘zi boshqarayotgan bo‘g‘inning maqsadini to‘g‘ri va aniq ifodalashni bilishi hamda unga erishish vositalarini belgilab olishi lozim.