Nazariy funksiya insonning sub’ektiv intilishlarini, tabiatning mavjud ob’ektiv qonuniyatlarini chuqur o‘rganish, shu bilan birgalikda dunyoning ilmiy manzarasini tuzish uchun jonli va jonsizlar birlik qonunlari, ularning o‘zaro harakatini o‘rganadi.
Ekologiyaning amaliy faoliyati nazariy bilimlarga tayangan holda, biosferani antropogen omillar ta’sirida o‘zgarishdan muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, tabiiy, agrar-sanoat va ijtimoiy tizimlarni ilmiy asosda boshqarish, kelajak avlod uchun sof tabiiy dunyoni saqlashni o‘rgatishdan iborat. L.I.Svetkova va boshqalar insoniyat jonsiz planetaga o‘z qabri ustida «Har kim o‘ziga yaxshi bo‘lishini o‘ylagan», degan yozuvni qoldirmasligi uchun o‘zining butun aqli, kuchi va mablag‘ini sarflashi lozim, deb yozganida naqadar haq edi.
Bugun biosferaning kelajagini, nafaqat bugungi kuni, balki ertangni kunini o‘ylaydigan madaniyatli, aql-zakovatli kishilarni topish qiyin emas. Biosfera taqdiri bugungi kunda jahon hamjamiyati tomonidan tabiiy, texnogen, ma’naviy element sifatida qabul qilinmokda. Ko‘pchilikka hozirgi kunda ijtimoiy muammolar ekologik muammolar bilan chambarchas bog‘liqligi sir bo‘lmaganligi kabi, zamonaviy ekologiya ham o‘z navbatida sotsiologiya, siyosatshunoslik, etika, ma’naviyat va boshqa ijtimoiy fanlarsiz o‘z ma’nosini yo‘qotadi. Yuqorida qayd etilganlardan mantiqan ekologiyaning dunyoqarashni shakllantiruvchi funksiyasi kelib chiqadi, ya’ni inson o‘zi ham tabiatni bir bo‘lagi ekanligini his etishi, tabiiy jarayonlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi, iqtisodiy va ekologik qiziqishlarni hisobga olishi shart.
5.Ekologiyaning rivojlanish tarixi. Inson paydo bo‘lganidan beri ekologiya bilan shug‘ulanadi. Hayot tabiat dialektikasi asosida rivojlanishiga tarix guvohdir. Shuning uchun ham jamiyat va tabiat birligini noto‘g‘ri baholash unga nisbatan zid harakatlar qilish jamiyatda tuzatib bo‘lmas hodisalarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu jarayonni to‘g‘ri tushunish uchun ekologiya fanini o‘rganish lozim. Ingliz olimi Djulian Xaksli (1972) ma’lumotlariga ko‘ra, Yerda hayot 2700 000000 yil oldin paydo bo‘lgan bo‘lsada, insonning tabiatga faol ta’siri Kichik Osiyoda 10000 yil oldin boshlangan yoki boshqacha qilib aytganda, neolit, ya’ni yangi tosh asri davridan (Piter Farb, 1971) oldin boshlangan. Chex olimi Ya. Yelinek (1982) ma’lumotlari bo‘yicha Yaqin sharqda eramizgacha bo‘lgan 8-7 ming yillarda shaharlar mavjud bo‘lib, suyakka ishlov berish texnikasi mavjud edi. V.S. Altunin va A.S. Shulyaklarning (1991) fikriga ko‘ra, insonning tabiiy muhitga faol ta’siri meziolit (yeramizgacha 10-5 ming y.) davridan boshlangan, Yaqin Sharqda meziolit madaniyati 10500 yillarda ancha rivojlangan.
Taniqli akademik B.A. Ribakovning arxeologik ma’lumotlari O‘zbekiston hududi aholisi tarixi eramizgacha bo‘lgan X-VI ming yillarda boshlanganligini ko‘rsatadi. Unda meziolit davri tabiiy sharoiti xaritasi keltirilgan bo‘lib, respublika hududi sahro va yarim sahro mintaqasiga kiritilgan. E.D.Mamedov va G.N.Trofimov (1996) ma’lumotlariga ko‘ra Lyavlyakon-plavial (yeramizgacha 7-4 ming yil) davrida sahro hududi cho‘l iqlimiga aylangan. Amudaryo va Zarafshon daryolari oqimi hozirgiga nisbatan 2,5 marta ko‘p bo‘lgan. Antropogen omilning atrof muhitga ta’siri eramizgacha bo‘lgan birinchi ming yillikgacha kuchayib borgan. Eramizgacha bo‘lgan VII asrda tabiat o‘zgarishi shu darajaga yetganki, uni muhofaza qilish bo‘yicha «Inson-havo, suv va zaminning pokligini ta’minlashi, tabiatni asrab avaylashi, o‘zini doimo ozoda tutishi lozim» (Avesto) degan chaqiriqlar paydo bo‘la boshladi. Yer, suv, havo ekologiyada fundamental tushuncha bo‘lgan «biogeotsenoz»ning tarkibiy qismi hisoblanadi. Shu davrdan boshlab atrof muhitda salbiy hodisalar kuzatilib ekologik qonuniyatlarni o‘rganish zaruriyati paydo bo‘ldi.
Eramizgacha bo‘lgan V asrda Suqrot (’ramizgacha 169-399y.) ishlarida ham atrof muhit haqidagi fikrlar aytilgan. Kimlardir unga «Afinaliklar seni o‘limga hukm etdi» deyishganda, u «ularni tabiat o‘limga hukm etgan» deb bamaylixotir javob bergan edi (V.S. Nersenyants, 1996, 203 bet). Keyinchalik Gippokrat (eramizgacha 480-377y.) iqlim-milliy xarakter xususiyatlarini belgilaydi, qadimgi grek tarixchisi Gerodot esa jamiyat rivojlanishi tabiatga bog‘liq degan fikrlarni bildirganlar.
Fuqidid (eramizgacha 460-400 y.), Ksenofont (eramizgacha 430-355 y.) tabiiy omillarni shaharlar va iqtisodga ta’sir etishini aytishgan, Angliyalik tarixchi va sotsiolog A.Toybn (1889-1975) qadimgi grek faylasufi Platon (Aflotun) tomonidan aytilgan, Gresiya hududida insonlarning faoliyati ta’sirida tuproqning ifloslanishi hamda qurib ketishi haqidagi fikrlarini aniqlagan. Platon ham insonlar xarakteri geografik muhitga bog‘liq deb ta’kidlagan.
Markaziy Osiyoning buyuk allomalari Xorazmiy (782-847 y.), Farg‘oniy (861 y.), Farobiy (870-910 y.), Beruniy (973-1048 y.), Ibn Sino (980-1937 y.), Bobur (1483-1530 y.), Ulug‘bek (1394-1449 y.), tabiat haqidagi fanlarga katta hissa qo‘shgan. Ular tabiat qonuniyatlarini, ¢simliklar va hayvonot dunyosini har tomonlama o‘rganib atrofimizni o‘rab turgan muhitga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga chaqirganlar.
O‘rta asrlarda ingliz faylasufi Frensis Bekon (1561-1626 y.) jamiyatning ta’sir etishidan tabiiy muhitni saqlash vazifalarni qarab chiqqan edi. XVII asr o‘rtalarida taniqli tabiatshunos Karl Linneyning (1707-1778 y.) «Tabiat tizimi» nomli ajoyib asari e’lon qilinib, o‘simliklar va hayvonlarni ilmiy tizimlarga ajratishga asos bo‘ldi. Fransuz naturalisti Jan Batist Lamark (1744-1829 y.) organizmlarga muhitning ta’siri masalasini o‘rganishni o‘rtaga tashladi. Tabiat haqidagi fanlarni rivojlantirish fikrlarini nemis olimi A. Gumboldt (1769-1859 y.), rus zoologi Karl Rule (1814-1858 y.) va N.A. Seversov tadqiqotlarida kuzatish mumkin. 1913 yilda Ch.Adamsning hayvonlar ekologiyasi to‘plami, 1927 yilda Ch. Eltonning fundamental ishlari, 1933 yilda D.N. Qashqarov, 1943 yillarda akademik V.N. Sukachev ekologiya haqidagi ishlari e’lon qilindi. XX asrning 20-30 yillarida hozirgi O‘zbekiston Milliy Universitetida tashkil topgan D.N. Qashqarov - Ye.P. Korovin ekologlar maktabi fanning rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shdi. K.Z. Zokirov, T.Z. Zohidov, M.V. Kultiasov, E.M. Murzaev, R.U. Rahimbekov, A.K. Rustamov va boshqalar bu maktabning yirik namoyondalaridandir. Qashqarov-Korovin maktabi jahonning yetakchi ekologlari tomonidan e’tirof etilgan (Sh.O.Muradov va boshq., 2002, 11-12-betlar).
Amerikalik olim Yu. Odum va rossiyalik akad. V.I. Vernadskiylar ham XX asrning buyuk ekologlari qatorida turadi. O‘zbekiston Prezidenti I.A. Karimov o‘zining BMT assambleyasi (26-28 sentyabr) 48-sessiyasida so‘zlagan nutqida jahon jamoatchiligini muammolarga e’tiborini qaratdi. YuNESKO ijroiya kengashida (23.04.96 y.) «Halqaro gumanitar siyosatda ekologik o‘lchov asosiy mezon bo‘lishi lozimligini tajriba ko‘rsatmoqda» deb ta’kidlagan edi.
Prezidentning chuqur tahlillariga asoslangan chaqirig‘i nafaqat O‘zbekiston, balki butun Yer shari sivilizatsiyasining ekologik xavfsizligi va barqaror rivojlanishi uchun barcha kuchlarni birlashtirishga qaratilgandir. Chunki ko‘pincha ekologik muammolar regionlararo, davlatlararo tavsifga ega bo‘lib bitta mamlakat bu masalani hal etolmaydi.
Shuni ta’kidlash joizki, ekologiya va tabiiy fanlarning rivojlanish tarixini yoritish, ochilmagan qirralarini aniqlash va uni kelajak avlodga yetkazish bugunning dolzarb masalasiga aylanmog‘i darkor.