Kimyoviy omillar.
Dunyo okeanining havzasi, ayniqsa, neft va neft mahsulotlari chiqindilari tufayli ifloslanmoqda.
Kosmik kuzatishlar hozirgi vaqtda Dunyo okeani yuzasining 1/3 qismi neft pardasi bilan qoplanganganligini ko`rsatmoqda. Bu jahondagi eng katta ekologik muammolardan biri demakdir. Zero, neft pardasi okeaning quyosh nurlarini qabul qilib olishiga to`sqinlik qiladi, suvning bug`lanishini va kislorod bilan to`yinish imkoniyatini pasaytiradi, tirik organizmlar rivojlanishini susaytiradi. Neft bilan, ayniqsa, Atlantika okeani, Hind okeanining shimoliy qismlari eng ko`p iflos ifloslangan.
Atmosfera elektr energetika, metallurgiya, kimyo va boshqa sanoat tarmoqlari, transport vositalari, fazoga kosmik kemalarni uchirish yoki turli xil yong`inlar tufayli ifloslanmoqda. Buning natijasida har yili milliardlab tonna qattiq, gazsimon, aerozol chiqindilar atmosferaga chiqarib yuborilmoqda. Atmosferada, ayniqsa, is gazi (CO), oltingugurt gazlari (SO2) salmog`ining oshib borishi katta ekologik muammolarni keltirib chiqara boshladi. Yadroviy ilmiy tadqiqotchi, mashhur olim Y.B.Xaritondan: "Dahshatli termoyadro qurollarining ishlab chiqarilishi va uning tarqalishi insoniyatni yo`q qilib yuborish xavfini tug`dirmaydimi?” – deb so`raganlarida, u: "Sayyoramizga oxir-oqibat termoyadro qurollari emas, balki "issiqxona samarasi” katta xavf tug`diradi, ya`ni iqlimning global miqyosda isib borishi Yerdagi hayot uchun haqiqiy talafot xavfini keltiradi”, - deb javob bergandi.
Darhaqiqat, atmosferaning is gazi, oltingugurtli, azotli, ftor-xloridli, fosforli, qo`rg`oshin, simob, alyuminiy kabi metall birikmali turli aerozol gazlar bilan ifloslana borishi natijasida quyoshning isitish tartibi buzila boshladi. O`z navbatida, bu iqlimning o`zgarib borishiga, sayyoramiz qutblari va baland tog`lardagi abadiy muzliklarning sekin-asta tugab borishiga olib kelishi mumkin.
Atmosferaning ifloslana borishi insoniyat oldiga yana bir murakkab muammoni qo`ymoqda. Keyingi yillarda havoga ftor-xlorli birikmalarning tobora ko`p chiqarib yuborilishi natijasida Yerdagi hayotning qalqoni hisoblangan ozon qoplamining tobora yupqalashib borishi kuzatilmoqda. "Ozon tuynugi” deb nomlangan ana shu holat dastlab Janubiy Amerikaning Antarktidaga tutash hududlari, so`nggi yillarda esa Yevrosiyoning shimoliy kengliklari ustida ham kuzatila boshlandi.
Bunday muammolarning kelib chiqishi, asosan, jamiyat bilan tabiat o`rtasidagi munosabatlarning buzila borishi va atrof-muhitning ifloslanishi bilan bog`liq. Demak, insoniyat oldida tabiatga "Siz” deb munosabatda bo`lish vazifasi turadi.
Atrof-muhitning ifloslanib borishi tabiatni muhofaza qilish yo`llarini izlash va bu murakkab muammolarni hal qilishga undaydi.
Atrof-muhitni himoya qilishning qator samarali yo`llari ishlab chiqilgan. Ulardan birinchisi – atrof-muhitni ifloslaydigan korxonalarda bunga yo`l bermaslik choralarini ko`rishdir. Buning uchun turli chiqindilarni tozalovchi tizimlarni barpo etish, iflos yoqilg`ilarni ishlatishdan voz kechish, axlatlarni qayta ishlash korxonalarini barpo etish, ishdan chiqqan yerlarni rekultivatsiya qilish kabi yo`llardan foydalanish lozim.
Ikkinchi yo`l – ishlab chiqarishda tabiat muhofazasini har taraflama uddalay oladigan yangi texnologik imkoniyatlardan keng foydalanish, chiqindisiz ishlaydigan ishlab chiqarish tizimlarini joriy qilishdir.
Uchinchi yo`l – aholi zich yashaydigan hududlarni "iflos” ishlab chiqarish tarmoqlaridan xoli qilish. Atrof-muhitni eng ko`p ifloslaydigan sanoat tarmoqlari qatoriga issiqlik elektr energetikasi, metallurgiya, kimyo va neft-kimyo, selluloza-qog`oz, sement kabi sanoat tarmoqlari kiradi. So`nggi davrlarda dunyoning ko`pchilik yetakchi induatrial mamlakatlarida bunday "iflos” ishlab chiqarish tarmoqlarini iqtisodiy jihatdan kam o`zlashtirilgan kimsasiz hududlarda joylashtirishga ahamiyat berilmoqda. Ana shunday tamoyillarga mustaqillik yillarida O`zbekistonda ham alohida ahamiyat berila boshlandi. So`nggi yillarda bunyod etilgan Buxoro neftni qayta ishlash, Qo`ng`irot soda va Sho`rtan gaz-kimyo sanoat markazlari keng yaydoq cho`l hududlarida joylashtirildi. Bu holat ekologik sharoitni yaxshilashga samarali xizmat qiladi.
Dostları ilə paylaş: |